Ichki ishlar mansabdori niqobi ostidagi advokat va uning sherigi qo‘lga olindi, deb xabar bermoqda DXX.

Keltirilishicha, DXX Call-markaziga kelib tushgan murojaat asosida Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazildi.
Unda Toshkent shahrida yashovchi, 1980-yilda tug‘ilgan, muqaddam firibgarlik bilan bog‘liq jinoyati uchun sudlangan fuqaro o‘zining sherigi bo‘lgan poytaxtda faoliyat yurituvchi advokatlik byurosi advokatini go‘yoki Ichki ishlar vazirligi Jazoni ijro etish departamentida yuqori lavozimda ishlovchi shaxs sifatida tanishtirib, u orqali 2024-yilda sud hukmi bilan 8 yil 7 oy muddatga ozodlikdan mahrum etilgan, hozirda Buxoro viloyatidagi 1-sonli jazoni ijro etish muassasasida jazo muddatini o‘tayotgan mahkumni Toshkent viloyatidagi 7-sonli JIYeMga ko‘chirib berish evaziga arizachidan 5 ming AQSH dollari talab qiladi.
Ammo mazkur shaxslar so‘ralgan pul mablag‘ini olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlanib, ularga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168 va 28,211-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi hamda qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanildi.
Mart oyida Andijon, Buxoro, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahrida advokatlar noqonuniy pul olayotganida ushlangandi. Xususan, Andijonda advokat stajyori va sherigi 34 ming dollarni noqonuniy olayotganida qo‘lga tushgan.18-may kuni DXX ikki nafar ichki ishlar xodimi katta miqdorda pora bilan ushlanganini ma’lum qilgandi.
14-maydan Davlat xavfsizlik xizmati vakolatlariga kiritilgan masalalar yuzasidan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini tezkor ravishda qabul qilish maqsadida Call-markaz faoliyat yurita boshladi. Call-markazga 1520 qisqa raqami orqali qo‘ng‘iroq qilish mumkin. Murojaat qilgan fuqarolarning shaxsi sir saqlanishi kafolatlanadi.
Izoh (0)