Toshkentda sifat sertifikatiga ega bo‘lmagan dori vositalarining noqonuniy savdoga chiqarilishi oldi olindi. Bu haqda DXX matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, 1949-yilda tug‘ilgan fuqaro va uning 1979-yilda tug‘ilgan o‘g‘lining Olmazor tumanidagi yashash manzili ko‘zdan kechirilganda, xonadon yerto‘lasida umumiy qiymati 1 milliard so‘mdan ortiqni tashkil etuvchi “Trenaksa”, “Sumamigren”, “Femileks” kabi jami 72 nomdagi 3615 quti dori vositalari borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.
Tergovga qadar tekshiruv davomida aniqlanishicha, ota-bola mamlakatga noqonuniy olib kelingan bunday dori vositalarini muntazam ravishda vodiy viloyatlaridan arzon narxda xarid qilib, poytaxtdagi mijozlarga sotish bilan shug‘ullangan.
“Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” davlat muassasasining xulosasiga ko‘ra, ushbu dori vositalari davlat reyestrida qayd etilmagan, muvofiqlik sertifikati rasmiylashtirilmagan hamda ularni maxsus sharoitlarda saqlashning belgilangan qoidalariga amal qilinmagan. Shu sababli mazkur dori vositalarini saqlash, sotish, tashish va tibbiyotda qo‘llash taqiqlanadi.
Hozirda qonunbuzarlarga nisbatan Jinoyat kodeksining 186-3-moddasi (xavfsizlik talablariga javob bermaydigan tovarlarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab ishlab chiqarish, saqlash, tashish yoxud o‘tkazish, ishlar bajarish yoki xizmatlar ko‘rsatish) 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Mazkur yo‘nalishda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Toshkent shahridagi dorixonalardan birida sotish uchun saqlab kelinayotgan, shubha uyg‘otuvchi 456 turdagi 57407 dona dori vositalari, 18 turdagi 835 dona dori vositalarining yasama bo‘sh qutilari hamda 1 dona dori tayyorlash moslamasi mavjudligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida olingan.
Mutaxassislarning xulosasiga ko‘ra, dori vositalarining umumiy qiymati 3,5 mlrd so‘mni tashkil qiladi.
Shuningdek, ushbu dori vositalarining 160 turdagisi davlat reyestrida qayd etilmagani, 274 turdagisiga muvofiqlik sertifikati rasmiylashtirilmagani, 50 turdagisi sifatsiz, yaroqlilik muddati o‘tgan hamda 7 turdagisi esa qalbakilashtirilgani ma’lum bo‘ldi.
Holat yuzasidan dorixona mansabdor shaxslari va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 186-3-moddasi (sifatsiz yoki qalbakilashtirilgan dori vositalarini yoxud tibbiy buyumlarni o‘tkazish maqsadida ishlab chiqarish, tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki o‘tkazish, dori vositalarini yoki tibbiy buyumlarni dorixonalardan va ularning filiallaridan tashqarida realizatsiya qilish, shuningdek tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lgan dori vositalarini resept bo‘yicha chakana realizatsiya qilish tartibini buzish) 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
May oyining oxirlarida Farg‘onada sifati kafolatlanmagan 8 milliard so‘mlik dorilar savdoga chiqarilishining oldi olingandi. O‘zbekistonga sifati kafolatlanmagan 5,3 milliard so‘mlik dori vositalarini noqonuniy olib kirgan shaxslarga jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandi.
2025-yilning o‘tgan davri davomida olib borilgan o‘rganishlarda 225 ta dorixonada 62 704 ta holatda dori vositalarning savdosi bo‘yicha 2,6 milliard so‘m asossiz daromad olingani aniqlandi hamda belgilangan tartibda ish qo‘zg‘atilib, mablag‘larni qaytarish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rildi.
Izoh (0)