Ba’zan go‘zal kadrlar ortida haqiqiy azob-uqubatlar yashiringan bo‘ladi. Bu filmlar jazirama issiqda, qattiq sovuqda, jismoniy va ruhiy iztiroblar chegarasida suratga olingan.
“Xaloskor tong”
Verner Xerzog kinodagi realizmning eng katta muxlisi hisoblanadi. Uning loyihalarida qatnashishga rozilik bergan aktyorlar bu haqda bilishadi. “Xaloskor tong” filmi Tailand o‘rmonlarida, jazirama havoda suratga olingan, shu sababli ko‘pchilik tropik kasalliklarga chalingan. Suratga olish boshlanishidan oldin Xerzog aktyorlardan ozishni talab qilgan. Kristian Beyl 25 kg, Stiv Zan 18 kg, Jeremi Devis 15 kg ozgan. Rejissyorning o‘zi ham 13 kg vazn tashlagan.
Eng xavfli sahnalardan biri samolyotning qulashi edi. Pirotexniklarning xatosi tufayli kaskadyor yuzidan jiddiy kuygan. Beylning qurt-qumursqalarni yeyishi, yalang‘och holda yerda uxlashi va ilonlar to‘la daryolarda suzishi esa bu ijroning cho‘qqisi bo‘lgan.
“Rembo IV”
Silvestr Stallone Birma rejimiga qarshi kurash haqidagi hikoyani suratga olishda imkon qadar voqelikka yaqinlashishga intiladi. “Rembo IV” filmining suratga olinishi Tailand va Myanma chegarasida bo‘ladi, o‘sha paytda u yerda haqiqiy janglar bo‘layotgan edi. Bir kuni suratga olish guruhiga daryoning narigi qirg‘og‘idan o‘q uzishadi — omad tufayligina hech kim jarohatlanmadi.
Stallone mina va o‘qlardan dahshatli tan jarohatlari olgan qochqinlarni ko‘rganini aytadi va bu uning syujetni tushunishiga kuchli ta’sir ko‘rsatadi. Changalzordagi suratga olish jarayonining o‘zi ham og‘ir kechgan: namlik, hasharotlar va harbiylarning doimiy tahdidi ishni nihoyatda qiyinlashtirib yuboradi. Natijada jangari film ekranlarga chiqadi, biroq Myanmada taqiqlanadi.
“Omon qolgan”
“Omon qolgan” filmidagi roli tufayli Leonardo Di Kaprio “Oskar”ni qo‘lga kiritadi, biroq bu uchun qiyinchiliklardan o‘tishiga to‘g‘ri keladi. Di Kaprio deyarli doim suvdan nihoyatda og‘irlashib ketgan hayvon terisini yelkasida ko‘tarib yurardi. Eng muhimi: vegetarian bo‘lishiga qaramay, u o‘z qahramoniga o‘xshab bizonning xom jigarini yeyishga majbur bo‘ladi.
Suratga olish guruhining boshidan o‘tganlarini ham unutmaslik kerak. Rejissyor Alexandro Gonsales Inyarritu sun’iy yorug‘likdan foydalanishni taqiqlaydi, shu bois faqat muayyan vaqtlardagina ishlash mumkin edi. Bundan tashqari, u voqealarni xronologik tartibda suratga olishni talab qiladi. Bularning barchasi jarayonning 10 oyga cho‘zilishiga va byudjetning 135 million dollargacha oshib ketishiga sabab bo‘ladi.
Qahraton sovuq va qat’iy talablarga bardosh berolmagan ko‘pchilik ishdan ketadi. Qolganlardan biri — operator Emmanuel Lyubetski edi. Natijada rejissyorlik va operatorlik ishi uchun ham “Oskar”ga sazovor bo‘lishadi.
“Bugungi apokalipsis”
“Bugungi apokalipsis” klassik filmini besh oyda suratga olish rejalashtirilgan edi. Biroq ish bir yarim yilga cho‘zilib, chinakam “apokalipsis”ga aylanadi. Film Amerika kun tartibiga mos kelmagani sababli suratga olish jarayoni tayfunlari bilan mashhur bo‘lgan Filippinga ko‘chiriladi. Bir necha bor tayfunlar dekoratsiyalarni deyarli butunlay vayron qiladi.
Muhimi, hukumat Frensis Ford Koppolaga o‘zining harbiy vertolyotlaridan foydalanishga ruxsat beradi. Ammo ayni paytda Filippin qo‘zg‘olonchilarga qarshi kurashayotgani bois texnikalar tez-tez haqiqiy jangovar operatsiyalarga jalb etilardi. Vertolyotlar boshqa uchuvchilar bilan qaytgani uchun ularga har safar vazifani qaytadan tushuntirishga to‘g‘ri kelardi.
Aktyorlar ham vaziyatni murakkablashtiradi. Kapitan Uillard rolini ijro etgan Martin Shin obrazga shu qadar berilib ketadiki, asabiy holsizlik va ichkilikbozlikka duchor bo‘ladi. Saygon mehmonxonasidagi ruhiy tushkunlik sahnasida u haqiqiy yurak xurujiga uchraydi va uni shoshilinch ravishda changalzor orqali evakuatsiya qilishga to‘g‘ri keladi. Marlon Brando (polkovnik Kurs) esa maydonga mutlaqo tayyorgarliksiz keladi. U ssenariyni o‘qimagan, ozish o‘rniga semirgan edi.
Biroq “Stop, olindi” deyilganidan keyin ham qiyinchiliklar tugamaydi. Material shunchalik ko‘p ediki, montaj ikki yil davom etadi. Uch soatga qisqartirilgan versiyasi Kannda namoyish etilganda hammani hayratga soladi. Film bosh sovrinni qo‘lga kiritadi va Koppola shunday dedi: “Mening filmim Vyetnam haqida emas, u Vyetnamning o‘zi”.
Izoh (0)