Eronning quvg‘indagi valiahd shahzodasi Rizo Pahlaviy eronliklarga murojaat qilib, oliy rahnamo Oyatulloh Ali Xomanaiy hukumatini ag‘darishga chaqirdi. U tegishli chaqiriqni o‘zining X ijtimoiy tarmog‘iga joyladi.

U Isroilning hujumlari fonida Eron qulash arafasida ekanini aytib, Xomanaiyni tanqid qildi.
Xomanaiy xuddi qo‘rqqan kalamushday yer ostiga yashirinib olgan va vaziyatni boshqara olmayapti. Boshlangan jarayon ortga qaytmas. Kelajak porloq va biz birgalikda tarixning bu keskin burilishidan o‘tib ketamiz, degan u.
Pahlaviy yillar davomida Eronni “urush alangasidan asrab qolishga” harakat qilganini da’vo qildi. U Islom respublikasining tugashi “eronliklarga qarshi 46 yillik urushning yakuni” bo‘lishini ta’kidladi.
Rejimning zulm tizimi parchalanmoqda. Endi bu dahshatli tushga butunlay chek qo‘yish uchun umumxalq qo‘zg‘olonining o‘zi kifoya. Hozir oyoqqa turish, Eronni qaytarib olish vaqti keldi. Keling, hammamiz birlashaylik — Bandar Abbosdan Bandar Anzaligacha, Sherozdan Isfahongacha, Tabrizdan Zahedongacha, Mashhaddan Ahvozgacha, Shahri Korddan Kirmonshohgacha — va bu tuzumni ag‘darib tashlaymiz, degan u.
Pahlaviy eronliklarni hukumat qulashidan qo‘rqmaslikka chaqirib, Eronning kelajagi va ravnaqi uchun reja borligini qayd etgan.
Biz qulashdan keyingi dastlabki yuz kun uchun, o‘tish davri uchun va milliy hamda demokratik hukumatni o‘rnatish uchun tayyormiz. Bu hukumat Eron xalqi tomonidan tashkil etiladi va Eron xalqi manfaatlariga xizmat qiladi.
So‘nggi kunlarda menga ko‘plab xabarlar yo‘llayotgan harbiylar, huquq-tartibot xodimlari, xavfsizlik kuchlari va davlat xizmatchilariga shuni aytmoqchimanki: qulashi muqarrar bo‘lgan tuzum uchun Eron xalqiga qarshi turmang, degan u.
Sobiq valiahd shahzoda xavfsizlik xizmati xodimlarini xalq bilan birga bo‘lishga, kelajakni qurishda ishtirok etishga chaqirgan.
Rizo Pahlaviy 1967-yildan beri Eronning valiahd shahzodasi bo‘lib, otasi Muhammad Rizo Pahlaviydan so‘ng taxtni egallashi lozim edi, biroq 1979-yildagi Eron Islom inqilobi tufayli oilasi bilan birga Erondan qochishga majbur bo‘lgan.
U hozirgi Erondagi mavjud bo‘lgan ruhoniylar boshqarayotgan islom respublikasining asosiy tanqidchilaridan biri hisoblanadi. Eronda taqiqlangan Eron Milliy Kengashining asoschisi va rahbari sanaladi. Ayni paytda AQSHda istiqomat qilmoqda.
Izoh (0)