AQSH Kongressi Senatidagi Demokratik partiya fraksiyasining yarmidan ko‘pi birinchi marta G‘azo sektoridagi davom etayotgan mojaro fonida Isroilga Amerika qurollarini yetkazib berishni taqiqlashni nazarda tutuvchi qarorni qo‘llab-quvvatladi. Bu haqda The Hill gazetasi xabar bermoqda.

Ta’kidlanishicha, bu voqea anklavdagi harbiy harakatlar masalasida “Kongressda Isroilga bo‘lgan tarixiy ikki partiyaviy qo‘llab-quvvatlashning parchalanishi” haqida so‘zlovchi burilish nuqtasidir.
Kongress yuqori palatasi muhokamasiga kiritilgan qaror loyihasi Demokratik partiya fraksiyasi ishida qatnashayotgan mustaqil senator Berni Sanders tomonidan tayyorlangan. Ovoz berish yakuniga ko‘ra, u 27 nafar demokrat senator qaror loyihasini qo‘llab-quvvatlagani, 17 nafari esa qarshi ovoz berganini ta’kidladi.
“Vaziyat o‘zgarmoqda. Amerika xalqi G‘azodagi bolalarni ochlikka mahkum etish uchun milliardlab mablag‘ sarflanishini istamaydi. Demokratlar oldinga siljiyapti va men yaqin kelajakda respublikachilarning ham qo‘llab-quvvatlashiga umid qilaman”, dedi Sanders ovoz berishdan so‘ng.
Qaror loyihasiga Respublikachilar partiyasidan barcha senatorlar qarshi chiqqanligi sababli u qabul qilinmadi. Sanders G‘azodagi insonparvarlik inqirozi tufayli Isroilga 675 million dollarlik qurol-yarog‘ yetkazib berishni to‘xtatishni nazarda tutuvchi qaror loyihasini uchinchi marta ilgari surdi. Oldingi ovoz berishlarda - 2025-yil aprel va 2024-yil noyabr oylarida Sanders qaror loyihasini mos ravishda 15 va 19 nafar demokrat senator qo‘llab-quvvatlagan edi.
Qaror loyihasini yoqlab ovoz bergan Demokratik partiya fraksiyasi a’zolari Isroil davlatiga emas, balki mamlakat bosh vaziri Binyamin Netanyaxu hukumatining siyosatiga qarshi ekanliklarini ta’kidlashgan.
“Isroilning uzoq yillik do‘sti va tarafdori sifatida, Netanyaxu hukumati bu siyosatni davom ettira olmasligini bildirish uchun “ha” deb ovoz beraman. Netanyaxu hokimiyatda qolish uchun har safar bu urushni cho‘zmoqda”, deydi Senatning mablag‘ ajratish qo‘mitasi rais o‘rinbosari, qurol-yarog‘ yetkazib berishni cheklashni birinchi marta qo‘llab-quvvatlagan senator-demokrat Petti Myurrey.
Iyul oyi boshida Amerikaning Gallup sotsiologik xizmati tomonidan o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, hozirda AQSH Demokratik partiyasi tarafdorlarining atigi 8 foizi Isroil rahbariyati va harbiylarining G‘azo sektoridagi harakatlarini qo‘llab-quvvatlamoqda. 2024-yil sentyabr oyida o‘tkazilgan avvalgi so‘rovda demokratlarning 24 foizi anklavdagi harbiy harakatlar masalasida Isroilni ma’qullashini bildirgan edi.
Bundan avval Amerika Qo‘shma Shtatlari prezidenti Donald Tramp Kanadaning Falastinni tan olish niyati Vashington va Ottava o‘rtasidagi savdo bitimini tuzish jarayonini murakkablashtirishi mumkinligini ma`lum qilgandi.
Izoh (0)