AQSH prezidenti Donald Tramp G‘azo sektoridagi och qolgan bolalar tasvirlarini ko‘rgach, Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu bilan munosabatga yondashuvini o‘zgartirishga qaror qildi. Bu haqda Oq uyning ikki nafar amaldori CNN telekanaliga bergan izohida ma’lum qildi.

Telekanal xabariga ko‘ra, Tramp Shotlandiyaga jo‘nashdan oldin och qolgan bolalar haqidagi videomateriallarni tomosha qilgan.
“U yordamchilariga Netanyaxu bilan bu dahshatli manzaralarni muhokama qilmoqchi ekanini va AQSH qanday yordam bera olishini so‘ramoqchi ekanini aytdi”, deydi telekanal suhbatdoshlari.
Amaldorlardan birining ta’kidlashicha, bu kadrlar Trampni “juda tashvishga solgan”.
CNN xabar berishicha, 28-iyul kuni Tramp Netanyaxu bilan G‘azo sektoridagi ocharchilik muammosi haqida shaxsan gaplashgan va Isroil bosh vaziriga “boshqacha yo‘l tutish zarurligi”ni uqtirgan.
Ilgari BMT Jahon oziq-ovqat dasturi G‘azo sektorida oziq-ovqat iste’molining asosiy ko‘rsatkichlari 2023-yil oktyabr oyida mojaro avj olgandan beri eng yomon darajaga yetganini ma’lum qilgan edi.
“Oziq-ovqat xavfsizligi fazalarining integratsiyalashgan tasnifi” (IPC) xalqaro monitoring tashabbusiga ko‘ra, anklav aholisining 39 foizi ketma-ket bir necha kun davomida och qolishga majbur, 500 mingdan ortiq kishi — G‘azo aholisining qariyb chorak qismi ochlikka yaqin sharoitda yashayapti.
Isroilning 2023-yil oktyabrida G‘azoga qarshi boshlagan urushi oqibatida halok bo‘lgan falastinliklar soni 60 mingdan oshdi. Ularning qariyb 150 nafari ocharchilikdan vafot etgan.
Izoh (0)