“Haj 2025” dasturi boshlangani munosabati bilan 2025-yil 14-apreldan boshlab Uzbekistan Airways Toshkent—Jidda—Toshkent yo‘nalishidagi reyslarda umra vizasiga ega yo‘lovchilarni qabul qilishni to‘xtatdi. Bu haqda aviakompaniya matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, 14-apreldan boshlab aviakompaniya reyslari orqali Saudiya Arabistoniga borayotgan barcha yo‘lovchilar Toshkentga qaytish chiptasiga ega bo‘lishi va 2025-yil 30-aprelgacha mamlakat hududini tark etishi shart.
Agar 30-apreldan keyin Saudiya Arabistonida qolgan yo‘lovchilar aniqlansa, jarimalar uchun javobgarlik agent yoki yo‘lovchining zimmasiga yuklanadi.
Saudiya Arabistoni Fuqaro aviatsiyasi bosh boshqarmasi aylanmasiga muvofiq, Uzbekistan Airways tomonidan amalga oshirilayotgan Toshkent—Jidda—Toshkent reyslari 2025-yil 30-apreldan boshlab bekor qilinadi.
O‘zbekistonda haj kvotasi so‘nggi yillarda 3 barobarga oshirilgan
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazarov o‘zbekistonliklar uchun haj kvotasi so‘nggi yillarda 3 barobarga oshirilib, har yili 15 ming nafar o‘zbekistonliklar hoji bo‘lgani, umra ziyoratchilari soni bir necha yuz mingni tashkil etayotgani, ularga bo‘lgan hurmat-e’tibor, shart-sharoitlar borgan sari yaxshilanib borayotganini ma’lum qilgandi. 2024-yilgi haj mavsumida O‘zbekistonda 15 150 nafar ziyoratchi haj amalini bajargan.
Saudiya Arabistoni qirolligi Sog‘liqni saqlash vazirligi chiqargan me’yoroiy hujjatga ko‘ra, hajga boruvchilar meningitga qarshi emlanishi zarur. Sanepidqo‘mita ham O‘zbekistonga yuqumli kasalliklarning chetdan kirib kelishini oldini olish va epidemiologik barqarorlikni saqlab qolish maqsadida ziyoratchilarni meningitga qarshi emlash tavsiya etgan.
Izoh (0)