Prezident tomonidan imzolangan qonun bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Bu haqda Telegram’dagi “Huquqiy axborot” kanali xabar berdi.
“Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonunga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchaga ko‘ra, umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatishga doir faoliyat litsenziyalanadigan faoliyatning alohida turi sifatida belgilandi.
Bunda, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita mazkur sohadagi litsenziyalovchi vakolatli organ sifatida belgilandi.
Shuningdek, umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha faoliyat uchun litsenziya olish sohasidagi huquqbuzarliklar uchun yuridik shaxslarga solinadigan jarimalar miqdorlari — BHMning 200 baravari (68 million so‘m).
Bundan tashqari, “Davlat boji to‘g‘risida”gi qonunga kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita tomonidan umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha faoliyatini litsenziyalaganlik uchun to‘lanadigan davlat boji BHMning 10 baravari (3 million 400 ming so‘m) etib belgilandi.
Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran 3 oy o‘tgach kuchga kiradi.
Eslatib o‘tamiz, Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 7-iyundagi “Haj va umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida fuqarolar uchun haj tadbiri Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi va Saudiya Arabistoni podshohligining haj va umra vazirligi o‘rtasida har yili imzolanadigan shartnoma asosida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan amalga oshiriladi hamda bunday faoliyat bilan boshqa tashkilotlarning shug‘ullanishiga yo‘l qo‘yilmaydi, deb belgilab qo‘yilgan.
Izoh (0)