Hindiston va Bangladesh orasidagi bir necha oylik og‘zaki tortishuvlardan so‘ng qat’iy savdo cheklovlari joriy etildi. Bu tadbirkorlar faoliyatiga salbiy ta’sir qilmoqda. Bu haqda BBC xabar qildi.

2025-yilning aprel oyida Bangladesh mahalliy sanoatni arzon importdan himoya qilish maqsadida Hindiston paxta ipining quruqlikdagi importini cheklab qo‘ygan edi.
Avgust oyida bengal sobiq bosh vaziri Shayx Hasina ommaviy norozilik namoyishlaridan so‘ng lavozimidan chetlatilgan edi. Shundan beri ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar ancha yomonlashdi. Bangladesh hozircha tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori Muhammad Yunus boshchiligidagi vaqtinchalik ma’muriyat qo‘lida.
Mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlar yomonlashgani sayin, bizneslarning ham ahvoli tang bo‘lib bormoqda. Bangladesh kiyim-kechak fabrikalari uchun muhim bo‘lgan ip hali ham dengiz va havo yo‘llari orqali yetkazib beriladi. Lekin bu jarayon sekinlashib, narx oshib ketgan.
Hindiston 2024-yilda Bangladeshga 1,6 milliard dollarlik paxta ipini eksport qilgan, uning uchdan bir qismi quruqlik portlari orqali olib o‘tilgan.
Bangladesh nufuzli brendlar uchun ishlab chiqargan kiyimlarini Hindiston orqali Yevropa va AQSHga eksport qilardi. Hozirda, bu jarayon ham to‘xtab qolgan.
Bu Bangladeshning tezkor eksport sanoatiga zarba bo‘ldi. Hindiston orqali yuklar bir haftada G‘arbga yetib borsa, dengiz orqali bu muddat sakkiz haftaga cho‘ziladi, deydi Zara kabi brendlar uchun yuk tashish bilan shug‘ullanuvchi MGH Group ta’minot zanjiri firmasi rahbari Anis Ahmed.
Uning ta’kidlashicha, kiyim-kechak eksporti bo‘yicha dunyoda Xitoydan keyin ikkinchi o‘rinda turuvchi Bangladesh o‘tgan yili 38 mlrd dollarlik kiyim-kechak eksport qilgan. Shundan 1 milliard dollardan ortig‘i Hindiston quruqlik-havo yo‘li orqali amalga oshirilgan.
Bangladeshda Hindiston vizasi qiyinlashtirilgani bois norozilik kuchayib bormoqda. Hasina hokimiyatdan chetlatilgandan beri viza olish sur’ati pasayib ketdi.
Ilgari yiliga ikki million bangladeshlik Hindistonga sayyohlik, biznes, ta’lim va tibbiy yordam uchun tashrif buyurgan. Mahalliy OAV ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi bir necha oy ichida kuniga beriladigan vizalar soni 80 foizdan ortiqqa kamaygan.
Hindistonning kiyim-kechak ishlab chiqaruvchilar uyushmasi keskinlik kuchayib borayotgan bir paytda Bangladeshdan quruqlik orqali kiyim-kechak importini taqiqlashga chaqirdi. Bangladeshlik tahlilchilar ogohlantirishicha, bunday savdo to‘siqlari savdo samarasini tushirib yuboradi.
Hindiston Bangladesh portlari, yo‘llari va suv yo‘llaridan o‘zining dengizga chiqish yo‘li bo‘lmagan shimoli-sharqiy hududlariga yuk tashish uchun foydalanadi. Bu masofa, vaqt va xarajatlarni kamaytiradi. Biroq rasmiylarning aytishicha, tranzit hajmi kutilgan darajaga yetmagan.
Bangladesh va Pokiston o‘rtasidagi aloqalar o‘sib borayotgan bir paytda Hindiston va Pokiston munosabatlari keskinlashmoqda.
Izoh (0)