“Kalmar o‘yini” serialida o‘yinchilarni yollovchi sirli shaxs obrazini gavdalantirgan aktyor Kon Yu serialning ikkinchi mavsumidan so‘ng millionlab tomoshabinlarning e’tiboriga tushdi. Garchi aktyor “Kalmar o‘yini”da kichik epizod rolini o‘ynagan bo‘lsa-da, uning obrazi ko‘pchilikning xotirasida qoldi.
![](/static/2025/02/13/1recruiter-o6siJY7E.webp)
Aktyor endilikda Netflix striming platformasining yana bir loyihasida suratga tushadi. Hozircha “Shou-biznes” nomini olgan loyihada 60—80-yillardagi koreys shou-biznes va madaniyat olamining keskin va qattiqqo‘l siyosati haqida hikoya qilinadi. Unda bosh rollarni Kong Yu va “Quyosh avlodlari” seriali yulduzi Son Xe Gyo ijro etadi.
43 yoshli aktrisa og‘ir bolalik davrini boshidan kechirgan, matonatli ayol Min Ji rolini ijro etadi. U hayot yo‘lida koreys musiqa sanoatida imkoniyat borligini anglagach, shu sohada ishlashga urinib ko‘radi. Aktyor Kong Yu uning bolalikdagi do‘sti Dong Gu rolini o‘ynaydi. U muhim ijtimoiy masalalarga bag‘ishlangan teledastur yaratish uchun kurashgan radioprodyuser obrazida namoyon bo‘ladi.
Shuningdek, dramada mamlakatdagi madaniy va iqtisodiy o‘sish davri, shuningdek, san’at va televideniye sohasidagi o‘zgarishlar, parda ortidagi o‘ziga xos qiyinchiliklar yoritiladi.
Loyihani suratga olish ishlarini 2025-yilning birinchi yarmida yakunlash rejalashtirilgan. Serial Netflix’da 22 qismli drama formatida namoyish etilishi ustida muzokaralar olib borilmoqda.
Izoh (0)