Yarim soatlab mukammal makiyaj ustida ter to‘ksak-da, kutilgan “ikkinchi teri” effektini olish o‘rniga, tushlik atrofida tonal krem ajinlarda yig‘ilib, dog‘ bo‘lib qoladi yoki butunlay yuzdan yo‘qoladi.
Eng so‘nggi brendlarning lyuks kosmetik vositalariga pul sarflaymiz, yuzlab video-darsliklarni tomosha qilamiz, ammo natija baribir ideal suratlardek chiqmaydi. Ko‘pincha muammo kosmetikada emas, balki bizning odatiy, hatto e’tiborsiz kundalik harakatlarimizda yashiringan bo‘ladi.

Makiyajga putur yetkazadigan beshta zararli odat va ularning har birini bartaraf etish bo‘yicha foydali tavsiyalar.
1-odat: tonal kremni tayyorlanmagan, quruq teriga surtish

Tasavvur qiling, devorni bo‘yamoqchisiz, ammo devor yoriqlar va notekisliklarga to‘la. Natijani tasavvur qildingizmi? Ana shunday holat tonal kremni namlanmagan teriga qo‘llaganda yuz beradi. Agar siz namlovchi vositani ortiqcha deb hisoblab, uni qo‘llamasangiz, tonal krem har bir qurigan joyda ko‘zga tashlanadi, notekis yotadi va hatto ajralib tushadi. Quruq teri tonal kremdagi namlikni so‘rib oladi, bu esa uning qalinlashishiga va pigmentlarning teridagi chuqurchalarga to‘planishiga olib keladi.
Nima qilish kerak: hech qachon terini namlantirish bosqichini o‘tkazib yubormang. Yuzingiz turiga mos yengil krem yoki sivorotka surting va u to‘liq singishi uchun kamida 5–10 daqiqa kuting. Shundan keyingina tonal kremni qo‘llash yoki makiyajni mustahkamlovchi bazadan foydalanish mumkin.
2-odat: tonal kremni qo‘llar yoki sponj orqali surtish

Maktabdagi rasm darsini eslang: agar akvarel qog‘oz ustiga kuchli ishqalasa, u xiralashgan va iflos bo‘ladi. Tonal krem ham xuddi shunday. Uni qo‘l yoki quruq sponj bilan kuch berib surtsangiz, vosita yuzga tekis taqsimlanmaydi, balki cho‘zilib ketadi. Natijada yuzda dog‘lar, chiziqlar va notekisliklar paydo bo‘ladi. Bunga qo‘shimcha ravishda, kuchli ishqalanish yog‘ bezlarining faolroq ishlashiga sabab bo‘ladi, bu esa makiyajning barqarorligini yanada pasaytiradi.
Nima qilish kerak: ishqalashni unuting. Nam sponj, cho‘tka yoki toza barmoq uchlaridan foydalanib, tonal kremni yengil urib, “yedirib” surting.
3-odat: ortiqcha parvarish — serum+ yog‘ + baza + primer

Terini qanchalik yaxshi tayyorlasangiz, tonal krem shunchalik mukammal yotadi. Agar siz yuzingizga birin-ketin serum, yog‘, krem, quyoshdan himoya qiluvchi SPF krem, baza va yana qo‘shimcha kremlar surtayotgan bo‘lsangiz, tonal kremning “erib ketishi” ajablanarli emas. Bir-biriga mos kelmaydigan turli tuzilishdagi vositalar birgalikda yuzda sirpanchiq qatlam hosil qiladi, natijada makiyaj ushlanmay, sirg‘alib tushadi yoki buziladi.
Nima qilish kerak: foydalanayotgan tonal kremingiz tuzilishiga mos baza va parvarish vositalarini tanlang. Agar tonal krem suv asosida bo‘lsa, yog‘li primerlardan qoching. Silikon asosidagi krem uchun silikonli baza eng yaxshi variantdir. Eng muhimi — terini ortiqcha qiynamang.
4-odat: tonal krem ustidan darhol yuzga upa surtish

Tonal kremni surtib bo‘lib, darhol butun yuzga qalin qilib upa surtish — keng tarqalgan, ammo yomon odat. Bu yuzda “shaftoli effekti” yoki undan ham yomoni, dog‘ va xira qoplam hosil qiladi. Chunki ho‘l tonal krem ustiga quruq upa surtish ularning bir-biriga yopishib, bir xil bo‘lmagan, dog‘li hamda og‘ir ko‘rinishga olib keladi.
Nima qilish kerak: tonal krem yuzda kamida 3–5 daqiqa “o‘rnashishini” kuting. U biroz qurib, mustahkam bo‘lishi kerak. Yana-da yaxshi natija uchun kremdan keyin fiksator-sprey seping va u qurigach upa surting. Upa faqat yog‘li joylarga, masalan, peshona, burun va iyak sohalariga yengil cho‘tka bilan qo‘llanishi kerak.
5-odat: kun davomida yuzga qo‘l tekkizish

Ushbu odat bezarar ko‘rinsa-da, bu — makiyajning eng ashaddiy dushmanlaridan biri. Siz yuzingizni qo‘l bilan ushlaysiz, iyagingizga suyanasiz, buruningizni qashlaysiz — bularning barchasi teriga yog‘, ter va bakteriyalarni olib keladi. Natijada yog‘li porlash, yallig‘lanish va makiyajning o‘chishi kuzatiladi.
Nima qilish kerak: yuzga qo‘l tekkizmaslikka ongli ravishda harakat qiling. Makiyajni yangilash yoki ortiqcha yog‘ni olib tashlash uchun matoviy salfetkalardan foydalaning — ular tonal kremni buzmagan holda yog‘ni shimib oladi. Qo‘lingizda suv yoki fiksator-sprey bo‘lsin — bu yuzni tetiklashtirish va makiyajni “qayta jonlantirish”ga yordam beradi. Agar kun oxiriga borib makiyajingiz “erib ketgan” bo‘lsa, yuzni yengil salfetka bilan artib, so‘ngra biroz pudra yoki konsiler bilan tuzating.
Teringizga tayyorgarlik ko‘rish, to‘g‘ri texnikani tanlash va kun davomida makiyajga g‘amxo‘rlik qilish orqali sevimli tonal kremingiz qanday qilib uzoq ushlanishini o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rasiz. Ushbu oddiy qoidalarga amal qiling va ideal, tabiiy ko‘rinishga ega yuzingiz uchun maqtovlar o‘z-o‘zidan keladi.
Izoh (0)