Bugun, 29-aprel kuni Senatda “Banklarni sanatsiya qilish va tugatish to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi. Senatorlar mazkur hujjat tizimli moliyaviy inqirozni oldini olish maqsadida qabul qilinayotganiga urg‘u berdi.

Senator Erkin Gadoyevning aytishicha, qonunda amaldagi qonunchilikda banklarni sanatsiya qilish mexanizmi mavjud emas. To‘lovga qobiliyatsiz banklar “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi qonun asosida majburiy tugatib kelinmoqda. Ammo yirik banklar to‘lovga qobiliyatsiz bo‘lib qolganda ularni majburiy tugatish bank tizimi inqirozini keltirib chiqarishi mumkin.
“Yangi qonun bilan bu muammo yechim topmoqda. Banklarni sanatsiya qilish bo‘yicha vakolatli davlat organi, sanatsiya qilishning maqsadlari va prinsiplari, sanatsiya qilishni boshlash uchun asoslar, sanatsiya qilishni moliyalashtirish mexanizmlari, shuningdek banklarni ixtiyoriy va majburiy tugatish tartibi belgilanmoqda”, deydi Senat vakili.

Taʼkidlanishicha, qonun bilan bank moliyaviy inqirozga uchraganda u ko‘rgan zararlar bank aksiyadorlari hisobidan qoplanishi belgilanmoqda. Jarayonda omonatchilar va kreditorlar huquqlari kafolatlanishi ko‘zda tutilmoqda.
Sanatsiya —moliyaviy inqirozga uchragan bankni qayta tiklash va uni bankrotlikdan saqlab qolish uchun amalga oshiriladigan moliyaviy sog‘lomlashtirish jarayonidir. Bu orqali korxona qarzlardan, zararli aktivlardan xalos qilinadi, unga yordam berilib, foyda keltiradigan holatga qaytariladi.
Yig‘ilishda tizimli ahamiyatga ega deb topilgan banklargagina sanatsiya imkoniyati berilishi haqida so‘z bordi. Markaziy bank raisi Abrorxo‘ja Turdaliyev tushuntirishicha, hozirda mazkur toifadagi banklar soni yettita.

“Tizimli banklar bankrotlik yoqasiga kelib qolsa, ularni moliyaviy imkoniyatlarini tiklashga ko‘maklashiladi. Boshqa banklar esa faoliyatini ixtiyoriy yoki majburiy yakunlashiga to‘g‘ri keladi. 2025-yilda Milliybank, Agrobank, Sanoatqurilishbanki, Xalq banki, Ipotekabank, Kapitalbank, Asakabank tizimli ahamiyatga molik banklar deb belgilangan. Bu yirik banklar katta inqirozga duch kelsa, iqtisodiyotni asrash maqsadida ularni saqlab qolish lozim. Deylik, tizimli ahamiyatga molik bo‘lmagan bankning to‘lov qobiliyati yo‘qoldi. Markaziy bank tomonidan har bir holat individual tarzda o‘rganib chiqiladi. Agar uning bank tizimi barqarorligiga taʼsiri bo‘lmasa, majburiy tugatiladi. Lekin bank tizimi moliyaviy barqarorligiga, masalan, boshqa banklardan omonatchilar qochishiga olib keladigan vaziyatda bo‘lsa, Markaziy bank tomonidan sanatsiya qilish zarur deb baholanishi va tegishli tartibda qaror qabul qilinishi mumkin”, dedi Markaziy bank masʼuli.
Qonun asosida inqiroz yoqasidagi bank aktivlari sog‘lom yoki orqali banklarga o‘tkaziladi. Sanatsiya qilinayotgan bank mijozlari qo‘shimcha muammoga duch kelmaydi. Ularga boshqa bank xizmat ko‘rsatishni boshlayveradi, jarayon to‘xtamaydi.
Qonun bilan sanatsiya qilishni moliyalashtirish maqsadida Sanatsiya qilish jamg‘armasi tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.
“Bu qisman davlat byudjeti, mahalliy yoki xorijdan ajratilgan grantlar yordamida, xayriya badallari va boshqa manbalar hisobidan moliyalashtirilishi mumkin”, deydi Erkin Gadoyev.
To‘lov qobiliyatini yo‘qotayotgan bank omonat va kredit operatsiyalarini to‘liq qo‘llay olsa, uning aksiyadorlari yoki taʼsischilari qarori bilan ixtiyoriy tugatilishi mumkin. To‘lovlar amalga oshirish qobiliyatini yo‘qotgan paytda esa Markaziy bank tomondan majburiy tugatiladi.
Izoh (0)