Rossiyaning Kemerevo shahridagi qurilish maydonida o‘zbekistonlik migrant halok bo‘ldi. Bu haqda NGS42.ru xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, voqea 25-aprel kuni shahar markazida qurilayotgan madaniyat obyektida yuz bergan. Betonchi bo‘lib ishlagan 46 yoshli o‘zbekistonlik erkak taxminan 15 metrlik balandlikdan tushib ketgan. Uni hamkasblari topib olgan.
Ayni paytda dastlabki surishtiruv ishlari olib borilmoqda, hodisa sabablari o‘rganilmoqda.
Rossiyadagi qurilishda o‘zbekistonliklar halok bo‘lishiga oid so‘nggi xabarlar
2025-yilning fevralida Sankt Peterburg shahridagi qurilish maydonchasida 34 yoshli o‘zbekistonlik migrant ekskavator kovshi ustiga tushib ketishi oqibatida halok bo‘lgandi. O‘sha oyda Pulkovo shossesidagi turar joy majmuasi qurilish maydonchasida o‘zbekistonlik 24 yoshli ishchi demontaj qilayotganida 3,5 metrdan ortiq balandlikdan yiqilib, vafot etdi. 13-yanvarda Sankt-Peterburgda 30 yoshli o‘zbekistonlik quruvchi 16-qavatdan tushib ketgandi.
Izoh (0)