O‘zbekistonda joriy yil qariyb 30 ming gektar maydonda sanoatlashgan intensiv bog‘ va tokzorlar barpo etish rejalashtirilgan. Bu haqda Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Agrosanoatni rivojlantirish agentligi direktori Nurali Abdullayev maʼlum qildi, deya xabar beradi “Daryo” muxbiri Azizbek Abduvaliyev.

Foto: Hamdam Mamadaliyev
2024-yili bu ko‘rsatkich 14 ming gektarni tashkil etgan.
“Ushbu 43,3 ming gektardan 21,8 mingi tog‘ oldi va qir-adirliklarda, 21,4 ming gektari esa samarasiz bog‘ va tokzorlar o‘rnida qad rostlaydi. Ikki yilda jami 33,1 ming gektar mevali bog‘ va 10,1 ming gektar tokzor barpo etish rejalashtirilgan”, deydi agentlik direktori Namanganda bo‘lib o‘tgan press-tur davomida.
Ayni paytda agentlik tomonidan sanoatlashgan intensiv mevali bog‘ va tokzorlar barpo etish bo‘yicha loyihalar ishlab chiqilib, hududlarda amalga oshirilmoqda. Bu borada xorijlik, xususan, turkiyalik ekspertlar yaqindan yordam bermoqda.

Foto: Hamdam Mamadaliyev
Bog‘larning moliyalashtirilishi agentlik tomonidan subsidiya yordamida amalga oshiriladi. Hozirgacha 1600 ta tadbirkorlik subyekti tomonidan ko‘chatlar ekib bo‘lindi, ularning holati yil davomida agentlik mutaxassislari tomonidan monitoring qilib boriladi. Holat qoniqarli baholansa, ushbu maydonlar yangi egalarida qoldiriladi.

Foto: Hamdam Mamadaliyev
“Yaratilayotgan bog‘larda asosan Yevropadan olib kelingan, iqlim sharoitlarimizga moslashgan, hosildorligi yuqori o‘rik, gilos, shaftoli singari mevali daraxt ko‘chatlari ekilmoqda. Yangi intensiv bog‘lar tomchilatib sug‘orish texnologiyasi asosida sug‘oriladi, bu esa suvdan foydalanish samaradorligini 5 barobarga oshiradi. Shu maqsadda yirik sig‘imga ega zamonaviy suv saqlash hovuzlari barpo etilmoqda. Dastlabki bosqichda ulardan bir nechtasi foydalanishga topshirildi”, deydi Nurali Abdullayev.
Izoh (0)