Shavkat Mirziyoyev 23-aprel kuni Samarqand shahrida amaliy tashrif bilan O‘zbekistonda bo‘lib turgan Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Prezident matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, uchrashuv avvalida Lavrov davlat rahbariga Vladimir Putinning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
Suhbatda O‘zbekiston—Rossiya do‘stlik, keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish nuqtai nazaridan yanada mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi.

Barcha yo‘nalishlarda faol muloqotlar va sermahsul almashinuvlar olib borilayotgani qayd etildi. Tovar ayirboshlash va investitsiyalar hajmi oshmoqda. Hududlar va yetakchi sanoat korxonalarining kooperatsiyasi kuchaymoqda. Madaniyat, san’at, fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, sport va turizm sohalaridagi hamkorlik kengayib bormoqda.


Tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.
Sergey Lavrov 22-aprel kuni Samarqandga yetib kelgandi. 23-aprel kuni u O‘zbekiston TIV rahbari Baxtiyor Saidov bilan uchrashib, siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar hamkorlikning hozirgi holati va istiqbollarini muhokama qildi. Shuningdek, mintaqaviy va xalqaro masalalar yuzasidan fikr almashdi.
Vazirlik vakili Mariya Zaxarova Muzokaralar chog‘ida vazirlar xalqaro masalalar, mintaqaviy xavfsizlik, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Markaziy davlatlar hamdo‘stligi va “Markaziy Osiyo—Rossiya” doirasidagi hamkorlikka e’tibor qaratilishini, G‘alabaning 80 yilligini nishonlashga tayyorgarlik masalalari ham muhokama qilinishini aytgandi.
Izoh (0)