O‘zbekistonda tadbirkorlar uchun moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga, biznesni moliyalashtirishning samarali vositalarini joriy etishga xizmat qiluvchi qonun qabul qilindi. Ushbu qonun bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

“Valyutani tartibga solish to‘g‘risida”gi qonunga kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra, rezidentlar o‘rtasidagi valyuta operatsiyalariga mijozning (kreditorning) kontragenti norezident bo‘lgan taqdirda, kredit tashkilotlari tomonidan pul talabnomasidan boshqa shaxs foydasiga voz kechish evaziga moliyalash operatsiyalari amalga oshirilayotganda yo‘l qo‘yilishi belgilandi. Ilgani bunday norma mavjud emas edi.
“O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risida”gi qonunga Markaziy bank, kredit tashkiloti bo‘lmagan shaxslar tomonidan tashkil etilgan elektron faktoring platformalarining axborot tizimlari xavfsizligiga, kiberxavfsizligiga va ularni IT-auditdan o‘tkazishga doir talablarni belgilash hamda mazkur talablarning bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshirish kabi vakolatlarni belgilovchi qo‘shimcha kiritildi.
Shuningdek, Markaziy bankning ichki auditorlik xizmati o‘z faoliyatida Markaziy bank boshqaruviga va Auditorlik qo‘mitasiga hisobdorligi belgilandi. Ilgari faqat Auditorlik qo‘mitasiga hisobdor bo‘lgan.
Markaziy bank quyidagilar uchun ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni berishi nazarda tutilmoqda:
- kafolatlar berish tashkiloti faoliyatini amalga oshirishga;
- faktoring tashkiloti faoliyatini amalga oshirishga
Quyidagi faoliyat (harakatlar) turlarini amalga oshirish uchun bu haqda Markaziy bankni xabardor qilish talabi belgilandi:
- faktoring tashkilotining filialini ochish yoki yopish;
- jismoniy va yuridik shaxslar, shu jumladan tegishincha yaqin qarindoshlari hamda ular bilan bog‘liq bo‘lgan shaxslar bilan birgalikda harakat qiluvchi jismoniy va yuridik shaxslar, shuningdek norezidentlar tomonidan bir yoki bir nechta bitim natijasida nobank kredit tashkilotining ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) 10 foizdan 20 foizgacha tashkil etadigan ulushini bevosita yoki bilvosita olish.
Qonunga muvofiq, Fuqarolik kodeksiga pul talabnomasidan boshqa shaxs foydasiga voz kechish evaziga moliyalash (faktoring) to‘g‘risidagi umumiy qoidalar kiritildi.
Faktoring haqidagi bildirishnoma garov reyestrida ro‘yxatdan o‘tkazilgandan keyin pul talabnomasidan boshqa shaxs foydasiga voz kechish uchinchi shaxslarga nisbatan kuchga ega bo‘ladi. Faktoring shartnomalari bo‘yicha moliya agentlarining talablarini qanoatlantirish tartibi belgilandi. Bunda, aynan bir mijoz tomonidan ayni bir pul talabnomasidan yoki uning bir qismidan boshqa shaxs foydasiga bir martadan ortiq voz kechish amalga oshirilgan taqdirda, moliya agentlarining talablari navbat tartibida qanoatlantiriladi.
Shuningdek, “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonunga kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra, amalga oshirilishi uchun ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni olish talab etiladigan faoliyat (harakatlar) qatoriga quyidagilar kiritildi:
- Kafolatlar berish tashkiloti faoliyatini amalga oshirish;
- Faktoring tashkiloti faoliyatini amalga oshirish.
Bundan tashqari, vakolatli organlarni xabardor qilish tartibida amalga oshiriladigan faoliyat turlari ro‘yxatiga quyidagilar kiritildi:
- nobank kredit tashkilotining ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulush olinganligi to‘g‘risida xabarnoma;
- faktoring tashkilotining filialini ochganlik yoki yopganlik haqidagi xabarnoma.
Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kirdi.
Faktoring haqida
Faktoring — pul talabnomasidan boshqa shaxs foydasiga voz kechish evaziga moliyalashtirish xizmati hisoblanadi. Faktoringni moliya agenti sifatida banklar va boshqa kredit tashkilotlari tuzishi mumkin. Faktoringning bir qator afzalliklari mavjud, xususan:
- garov ta’minoti talab qilinmaydi (garov sifatida debitorlik qarz qaraladi);
- tadbirkorlarning aylanma mablag‘lari uzluksizligi ta’minlanadi;
- mablag‘larning maqsadli ishlatilishi talab etilmaydi.
Shavkat Mirziyoyev 2024-yilda tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazganida faktoringni tadbirkordan garov talab qilmaydigan eng qulay instrument deb atagandi. Xalqaro moliya korporatsiyasiga ko‘ra, O‘zbekistonda 10 milliard dollarlik faktoring xizmatiga talab bor. Hozir bu xizmatni faqat banklar, mikromoliya tashkilotlari ko‘rsatyapti.
Prezident faktoring tashkiloti uchun yo‘l ochilishini, faktoringni ommalashtirish hisobidan tadbirkorlarga aylanma uchun 20 trillion so‘m, eksportchi korxonalarga 1 milliard dollar qo‘shimcha moliyaviy resurslar paydo bo‘lishini qayd etgandi.
Izoh (0)