Rim papasi Fransisk insult va yurak yetishmovchiligi oqibatida vafot etdi. Vatikan e’lon qilgan rasmiy o‘lim guvohnomasida bu haqda ma’lumot berdi.

O‘lim sababi sifatida insult, undan keyin koma va “qaytmas yurak-qon tomir kollapsi” ko‘rsatilgan. Vatikan shifokori tomonidan berilgan o‘lim to‘g‘risidagi guvohnomaga ko‘ra, Fransisk ertalab soat 7:35 da o‘zi yashagan Casa Santa Marta’da vafot etgan.
Shuningdek, Vatikan Rim papasining 2022-yil 29-iyunda yozgan vasiyatini ham e’lon qildi. Unda pontifik Rimdagi Avliyo Mariya Majora bazilikasida dafn etilishni istagani, qabri tuproqda, sodda, bezaksiz bo‘lishi va faqat bitta yozuv — “Fransisk” deb yozilishi lozimligini ta’kidlagan.
Rim papasi Fransisk 21-aprel kuni 88 yoshida vafot etdi. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamdardlik bildirdi. Prezident ruhoniy hazratlari O‘zbekiston va Vatikan o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirish, dinlar va konfessiyalararo do‘stlikni mustahkamlash, butun jahonda muhtoj insonlarni qo‘llab-quvvatlash, ezgu g‘oyalarni keng targ‘ib etish ishiga munosib hissa qo‘shganini taʼkidladi.
Rim papasi fevral oyi o‘rtalarida bronxitni davolash uchun Rimning “Jemelli” klinikasiga yotqizilgan. So‘ngra tekshiruvlar ikki tomonlama pnevmoniya boshlanganini ko‘rsatgan. Papa kasalxonada 5 hafta yotgan, to‘rt marta nafas olish inqirozini boshdan kechirgan, uning hayoti ikki marta xavf ostida qolgan.
Papa 2013-yil Rim-katolik cherkovi rahbariyatini o‘z qo‘liga olganidan beri jami to‘rt marta kasalxonaga yotqizilgan. U 2021-yilda qorin bo‘shlig‘ida jiddiy jarrohlik amaliyotini o‘tkazgan. Bundan tashqari, 2023-yilda chandiq to‘qimasini va qorin churrasini davolash maqsadida yana bir operatsiyani boshdan kechirgan.
Yoshligida papa kasallikdan so‘ng o‘pkasining bir qismini oldirib tashlagan, shuning uchun tez-tez nafas yo‘llari kasalliklari xurujidan aziyat chekardi. Fransiskning tizzasida ham muammolar bor, shu sababli u so‘nggi yillarda nogironlik aravachasi va hassadan foydalangandi.
Izoh (0)