Rossiya Shavkat Mirziyoyev davlat tashrifi bilan 2021-yilda kelishini kutmoqda. “Daryo” muxbirining xabar berishicha, bu haqda 20-sentabr kuni Toshkentda o‘tkazilgan xalqaro konferensiyada Rossiya tashqi ishlar vaziri birinchi o‘rinbosari Andrey Rudenko ma’lum qildi.
“Biz bu yil bo‘lishi kutilayotgan O‘zbekiston Prezidentining Rossiyaga davlat tashrifiga tayyorgarlik ko‘ryapmiz”, — degan u “Rossiya va O‘zbekiston hamkorligining yangi tarixiy bosqichidagi taraqqiyot va xavfsizlik tahdidlari” mavzusidagi konferensiyada.
Uning so‘zlariga ko‘ra, imzolash uchun muhim hujjatlar to‘plami tayyorlangan. “Birinchi navbatda savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish, shuningdek, boshqa sohalarda, shu jumladan, mudofaa sohasida”, — deb qayd etgan Andrey Rudenko va ushbu tashrif ikki davlat o‘zaro munosabatlaridagi strategik bosqich bo‘ladi deb hisoblashini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev 2021-yilda Rossiyaga davlat tashrifi bilan borishi haqida O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovning 21-dekabr kuni rossiyalik hamkasbi Sergey Lavrov bilan uchrashuvida muhokama qilingan edi. 2021-yilning aprelida Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov davlat rahbarining Rossiyaga rasmiy tashrifi sanasi koronavirus bilan bog‘liq vaziyatga borib taqalishini bildirdi.
Rossiya TIV matbuot xizmati bergan ma’lumotga ko‘ra, Shavkat Mirziyoyevning Moskvaga navbatdagi tashrifi davomida O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida 30 ga yaqin hujjat imzolanishi kutilmoqda.
Izoh (0)