Shavkat Mirziyoyev noyabrning ikkinchi yarmida Rossiyaga davlat tashrifi bilan borishi kutilayotgani haqida xabar berilgan edi. Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov uning aniq sanasini ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, O‘zbekiston prezidenti Rossiyaga 19-noyabr kuni boradi. Moskvada ikki mamlakat yetakchilari uchrashuv o‘tkazadi.
Qayd etish joiz, Shavkat Mirziyoyevning Rossiyaga davlat tashrifi bilan borishiga ancha vaqtdan beri tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Dastlab ushbu tashrif haqida 2020-yilning dekabrida O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovning rossiyalik hamkasbi Sergey Lavrov bilan uchrashuvida muhokama qilingan edi. 2021-yilning aprelida Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov davlat rahbarining Rossiyaga rasmiy tashrifi sanasi koronavirus bilan bog‘liq vaziyatga borib taqalishini aytgandi.
Shavkat Mirziyoyev Rossiyaga noyabr oyida tashrif buyurishi haqida Prezidentning 7-oktabr kuni Vladimir Putin bilan o‘tkazgan telefon muloqotidan ma’lum bo‘lgandi.
Rossiya TIV matbuot xizmati bergan ma’lumotga ko‘ra, tashrif davomida O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida 30 ga yaqin hujjat imzolanishi kutilmoqda.
Izoh (0)