O‘zbekiston Superligasining 12-tur uchrashuvlari boshqa muddatga ko‘chirildi. Bu haqda O‘zbekiston Professional futbol ligasi matbuot xizmati xabar berdi.

Unga ko‘ra, 2—10-iyun sanalari FIFA kunlari sifatida belgilangan bo‘lib, uning doirasida O‘zbekiston milliy terma jamoasi 5-iyun kuni Abu Dabida BAA hamda 10-iyun kuni Toshkentda Qatar termalariga qarshi maydonga tushadi.
BAA bilan uchrashuv mamlakat futboli tarixiga kirishi mumkin. Mazkur uchrashuvdagi durang natija ham O‘zbekistonni mundial sari yetaklaydi. Shundan kelib chiqib, bosh murabbiy Temur Kapadze Abu Dabidagi bellashuvga jiddiy tayyorgarlik ko‘rishni rejalashtirgan. Jumladan, terma jamoa safarga odatdagidan ertaroq yo‘l olib, tayyorgarlikni Amirliklarda davom ettirishni maqsad qilgan.
Ma’lumki, may oyining so‘nggi 10 kunligida legioner futbolchilar ham terma lageriga ertaroq yetib kelishi mumkin. Bu o‘z navbatida Kapadzega jamoani ertaroq yig‘ish imkoniyatini taqdim etadi. Shundan kelib chiqib, Assotsiatsiya va Liga o‘zaro kelishgan holda Superliganing 12-tur bellashuvlarini ham FIFA kunidan keyinga ko‘chirishga qaror qildi. Bu o‘z navbatida Superligada ishtirok etayotgan futbolchilar terma ixtiyoriga ertaroq yetib borishini ta’minlaydi.
Izoh (0)