Daryo

Qozog‘istonda samolyot qulashiga oid so‘nggi ma’lumotlar 

Qurbonlar soni 30 kishidan oshmoqda. Aliyev zudlik bilan Rossiyadagi sammitni tashlab, Ozarbayjonga qaytdi

1 daqiqa o‘qish57 036 ko‘rishlar0 izoh0

Bokudan Grozniyga uchayotgan Embraer 190 yo‘lovchi samolyoti 25-dekabr kuni Qozog‘istonning Aqtau shahrida qulab tushdi. Samolyot Azerbaijan Airlines aviakompaniyasiga tegishli bo‘lib, bortida 69 kishi, jumladan, 5 nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan. 

Foto: “TASS”

Grozniy aeroporti matbuot xizmatiga ko‘ra, Bokudan uchgan samolyot Grozniydagi tuman tufayli Maxachqal’aga, keyin esa Aqtauga yo‘naltirilgan. Samolyot halokatga uchrashiga qushlar galasi bilan to‘qnashuv sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Guvohlar qulagan samolyot bortida kislorod balloni portlab ketgani, odamlar hushini yo‘qota boshlaganini aytmoqda.

Qozog‘iston Transport vazirligi ma’lum qilishicha, bortda 37 nafar Ozarbayjon, 6 nafar Qozog‘iston, 3 nafar Qirg‘iziston, 16 nafar Rossiya fuqarosi bo‘lgan. So‘nggi ma’lumotlarda 29 kishi omon qolgani, 20 dan ortiq odam kasalxonadaligi ma’lum. Checheniston rahbari Ramzan Qodirov qurbonlarning oilasiga hamdardlik bildirib, tirik qolgan 12 kishi og‘ir ahvoldaligini aytgan.

Foto: Tengrinews

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev samolyot halokatini tekshirish bo‘yicha komissiya tuzishni buyurgan. Unga bosh vazir o‘rinbosari Bozumbayev rahbarlik qiladi. To‘qayev, shuningdek, jabrlanganlarga yordam ko‘rsatish uchun Ostonadan Aqtauga shifokorlarni yuborishni buyurgan.

Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev aviafojia munosabati bilan Rossiyadagi MDH sammitiga qatnashmay Bokuga qaytgan. U ham qurbonlarning yaqinlariga hamdardlik bildirmoqda.

Qozog‘istonda AZAL samolyoti halokatga uchraganini chuqur qayg‘u bilan qabul qildim. Ushbu voqea oqibatida jabrlanganlar va ularning yaqinlari bilan birgamiz, degan u.

Ilhom Aliyev topshirig‘iga binoan raqamli rivojlanish va transport vaziri, favqulodda vaziyatlar vaziri, bosh prokuror o‘rinbosari, sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari, Fuqaro aviatsiyasi davlat agentligi direktori o‘rinbosari, AZAL vitse-prezidenti va boshqa tegishli davlat organlari vakillari voqea joyini o‘rganish uchun Qozog‘istonning Aqtau shahriga yo‘l olishdi.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar