Qirg‘izistonga qalinligi 20 mikrometr va undan past xarakteristikali polietilen paketlarni olib kirish yarim yilga taqiqlanishi mumkin. Iqtisodiyot va savdo vazirligi tegishli taklifni ilgari surdi. Bu haqda “AKIpress” xabar berdi.

Vazirlik tomonidan tegishli qaror loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan. Qalinligi 20 mkm va undan kam bo‘lgan polietilen paketlar ishlatilganda ultrabinafsha nurlar va mexanik ta’sirlar ostida degradatsiyaga uchraydi. Bu esa plastik mikrozarrachalar shakllanishiga olib keladi. Bu mikrozarrachalar atrof-muhitda to‘planadi va uzoq muddatli ifloslanishga sabab bo‘ladi. Ular tana to‘qimalariga ham kira oladi, bu esa sog‘liqqa ta’sir ko‘rsatadi.
Qalinligi 20 mkm va undan past bo‘lgan polietilen paketlarni qayta ishlash 3-4 baravar ko‘p resurs talab qiladi. Shuning uchun ularni yig‘ish va keyinchalik qayta ishlashda boshqa polietilen mahsulotlaridan farqli o‘laroq muammolar yuzaga keladi. Shularni hisobga olgan holda, taqiqni joriy etish yuklamani kamaytirishga, aholi salomatligini saqlashga va ekologik toza muqobillarni ishlab chiqishni rag‘batlantirishga yordam beradi.
Vazirlikka ko‘ra, plastik qadoqlash o‘rnini qog‘oz, yog‘och, shisha, metall va mato bosishi mumkin. Ammo bu o‘zgarish sanoat sohalarini yangicha ishlashga majbur qiladi, ular bunga tayyorlanishi kerak.
Izoh (0)