Shavkat Mirziyoyev dunyoda yuz berayotgan iqtisodiy tebranishlarning O‘zbekiston soha va tarmoqlariga ta’sirini yumshatish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishida hozirgi dunyo avvalgidek emasligini qayd etib o‘tdi.

“Hozirgi dunyo avvalgidek emas. Gap tarif yoki ularni miqdorida ham emas. Uzoq yillar davomida davlatlar o‘rtasida barqaror munosabatlar va o‘zaro ishonchni ta’minlagan xalqaro institutlar, ular ishlab chiqqan qoida va normalar bugun samarasiz bo‘lib boryapti. Albatta, bu jarayonlar zanjirli ta’sir ko‘rsatib, jahon iqtisodiyotini sekinlashuvi va xalqaro savdoni kamayishiga olib kelishi mumkin”, dedi prezident.
Davlat rahbarining aytishicha, birgina yuqori tariflar oqibatida xalqaro savdo hajmi 3,5 trillion dollarga qisqarib, dunyodagi inflyatsiya darajasi 7,5—8 foizga ko‘tarilishi haqida prognozlar berilmoqda.
“Uch-to‘rt kun ichida xalqaro moliya bozorlari 10 trillion dollar yo‘qotgani biz uchun qattiq ‘signal’ bo‘lishi kerak”, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Uning qayd etishicha, eng katta xavf — pandemiya davrida bo‘lgani kabi dunyo bo‘ylab ta’minot va qiymat yaratish zanjirlarida uzilishlar paydo bo‘lishidadir. Ayniqsa, bunday holat jahon eksportida yuqori ulushga ega to‘qimachilik, elektrotexnika, avtomobilsozlik, oziq-ovqat sanoati kabi “drayver” tarmoqlarga katta zarba berishi mumkin.

Davlat rahbari o‘ziga nisbatan eng katta import bojlari qo‘yilgan davlatlar endilikda O‘zbekiston eksport qilayotgan yo‘nalishlarga o‘zining mahsuloti bilan kirish uchun agressiv savdo siyosatini yuritishi mumkinligini qayd etdi. Ya’ni O‘zbekiston kirib borgan ip-kalava, mato, gazlama, tayyor tekstil va maishiy texnika bozorlarida ham ayovsiz raqobat bo‘ladi.
Izoh (0)