Burger King fastfud restoranlari tarmog‘i O‘zbekistonda faoliyat boshlashi kutilmoqda. Bu haqda prezident raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida International Beverages Tashkent salqin ichimliklar ishlab chiqaruvchi korxonasi asoschisi Shuhrat Ergashev aytib o‘tdi.
Uning aytishicha, kompaniya mamlakatda Burger King restoranlarini ochish uchun litsenziya olgan.
Biz 10 yil avval Burger King hamda McDonald’s kabi brendlar orqasidan chopib, ularga “O‘zbekistonga kelinglar, iltimos” degandik. Hozirgi kunda ular bilan kelishib, O‘zbekistonga litsenziyasini oldik. 2-3 oyda Burger King kompaniyasi ochiladi, deydi Shuhrat Ergashev.
Taʼkidlanishicha, Burger King markaziy ofisini Toshkentda tashkil qilib, Markaziy Osiyoga litsenziya berishni taklif qilgan.
Ushbu kompaniyalar nima uchun katta ahamiyatga ega? Chunki boshqa investorlar biror davlatga kirgan vaqtda Burger King yoki McDonald’s bormi deb qaraydi. Ular uchun bu belgi hisoblanadi, deya qo‘shimcha qilgan tadbirkor.
Burger King 1954-yilda AQSHda tashkil topgan. Gamburgerlarga (asosan vopperlar) ixtisoslashgan tez ovqatlanish restoranlari tarmoqlari orasida dunyoda ikkinchi o‘rinda turadi.
2021-yilning iyul oyida Burger King O‘zbekiston bozoriga kirayotgani haqida xabar berilgan edi. Toshkentda birinchi filial 2021-yilning oxirigacha ochilishi rejalashtirilayotgani, lekin pandemiya bunga ta’sir o‘tkazishi mumkinligi aytilgandi.
Izoh (0)