Kongo Demokratik Respublikasi shimoli-g‘arbida sodir bo‘lgan yong‘in va kema halokati oqibatida 148 kishi halok bo‘ldi, 100 dan ortiq kishi bedarak yo‘qoldi. Bu haqda Associated Press agentligi xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ichida 500 ga yaqin odam bo‘lgan kema 16-aprel kuni cho‘kib ketgan.

Mahalliy rasmiylarning aytishicha, HB Kongolo qayig‘i Matankum portidan chiqib, Kongo daryosi bo‘ylab Bolomba shahri tomon suzib ketayotgan edi. Yo‘lovchilar uchun ovqat tayyorlanayotgan oshxonada yong‘in boshlangan. Keyinchalik kema cho‘kib ketgan.
Associated Press xabariga ko‘ra, tirik qolganlarning ko‘pchiligi og‘ir kuyish jarohatlari olgan. Kongo DR hukumati Qizil Xoch bilan birgalikda bedarak yo‘qolganlarni qidirishda davom etmoqda.
Avvalroq Yevropa Ittifoqiga yetib olishga urinayotgan taxminan 200 nafar noqonuniy migrantni olib ketayotgan kema Senegal qirg‘oqlarida ag‘darilib ketgani xabar qilingandi.
Shu yilning sentyabr oyida Italiyaning Lampeduza oroli yaqinida qayiq ag‘darilib ketishi oqibatida 21 nafar migrant bedarak yo‘qolgan.
Izoh (0)