Madaniyat vazirligida xonandalar ishtirokida konsert-tomosha faoliyatida olib borilayotgan madaniy-ma’rifiy ishlar hamda “San’atkor odobi” mavzusida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda vazirlik.

Yig‘ilish kun tartibidan mamlakatimizda ijod qilayotgan san’atkorlarning ma’naviy-madaniy faoliyati hamda “San’atkor odob-axloqi”, O‘zbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida"gi qonunning mazmun-mohiyati, san’atkorlarning konsert-tomosha faoliyati uchun litsenziya talab va shartlari hamda mualliflik huquqi kabi masalalar o‘rin olgan.

Yig‘ilish avvalida prezidentning 2024-yil 14-noyabrdagi “Tadbirkorlar huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 184-farmonining mazmun-mohiyati tushuntirildi. Konsert-tomosha faoliyatini amalga oshirish sohasiga oid majburiy talablardan xabardorligini oshirish bo‘yicha farmon bilan tasdiqlangan nizomning tartib-taomili bo‘yicha konsert tashkilotchilari va san’atkorlarga tushuntirish berildi.
Yig‘ilish davomida “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonunga asosan “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi tomonidan konsert-tomosha faoliyatini amalga oshirishda san’atkorlarning majburiy talablarga rioya qilishini hamda asosiy litsenziya talablarida ijrochilarning “konsert-tomosha sohasida u yoki bu dinni targ‘ib qilmaslik” masalalari ham muhokama qilindi.
Shuningdek, yig‘ilishda Konstitutsiya qonunlari va boshqa qonunchilik hujjatlariga so‘zsiz rioya etishi, boshqa davlatlarda bo‘lganida o‘z mamlakat sha’nini e’zozlashi odob-axloq, madaniyat, o‘zbekona qadriyatlarni unutmaslik haqida so‘z bordi.

Qayd etilishicha, vazirning birinchi o‘rinbosari Bahodir Ahmedov milliy urf-odatlar, qadriyatlar va an’analarga hurmat bilan munosabatda bo‘lish, dabdababozlik, shohona hayotni ko‘z-ko‘z qilmaslik va boshqa salbiy illatlarga yo‘l qo‘ymaslik, jamoat joylarida, atrofdagilar e’tiborini tortuvchi ortiqcha salbiy harakatlarga yo‘l qo‘ymaslik haqida ta’kidlab o‘tdi .
Shu bilan birga kuy-qo‘shiqlarning mazmuniga e’tibor qaratish, mualliflik huquqlarining buzilish holatlariga ham to‘xtalib o‘tdi. Shuningdek, o‘z ijodlari davomida vatanga muhabbat, sadoqat, vatanparvarlik ruhidagi qo‘shiqlarni ko‘paytirish, o‘sib kelayotgan yosh avlodga namuna bo‘lishlari aytib o‘tildi.
Avvalroq “O‘zbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini taʼminlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingani haqida xabar berilgandi.
Fuqarolarning vijdon erkinligini taʼminlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasi
“O‘zbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qonun loyihasi va u bilan tasdiqlanayotgan konsepsiya loyihasi 31-yanvar kuni quyi palata majlisida birinchi o‘qishda qabul qilinib, 10-fevralgacha jamoatchilik muhokamasi uchun joylashtirilgan edi. Jamoatchilik muhokamasi jarayonida aholidan 400 tadan ortiq izohlar, taklif va tavsiyalar kelib tushgan.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 11-fevraldagi yalpi majlisida ushbu qonun loyihasi qabul qilingandi.
Senatning 20-fevraldagi to‘rtinchi yalpi majlisida O‘zbekistonda diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasini ma’qullangandi.
Izoh (0)