Butunjahon hojatxonalar tashkilotining (World Toilet Organization) asoschisi va direktori Jek Sim O‘zbekistonga tashrif bilan keldi. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Turizm qo‘mitasi xabar berdi.

Tashrifdan ko‘zlangan maqsad — sanitariya infratuzilmasini rivojlantirishga ko‘maklashish, gigiyena me’yorlarini ommalashtirish hamda suv ta’minoti va sanitariya sohasida xalqaro tajriba almashishdan iborat bo‘lgan.
Tashrif doirasida, ayniqsa, sayyohlar gavjum joylar va ta’lim muassasalarida jamoat hojatxonalarini loyihalashtirish va saqlash bo‘yicha zamonaviy yondashuvlarni muhokama qilishga alohida e’tibor qaratilgan.
Jek Sim sanitariya infratuzilmasi nafaqat funksional, balki aholining barcha guruhlari, jumladan, ayollar, bolalar, keksalar va imkoniyati cheklangan shaxslar uchun qulay, xavfsiz va inklyuziv bo‘lishi kerakligini ta’kidlagan.
Delegatsiya a’zolari Toshkent, Samarqand va Buxoro viloyatlari hamda Toshkent shahrida YUNESKOning butunjahon merosi obyektlari, sayyohlik maskanlari va sayyohlar to‘planadigan joylarga tashrif buyurib, turistik hududlarning sanitariya holatini tekshiruvdan o‘tkazgan. Uchrashuvlar davomida sanitariya infratuzilmasini takomillashtirish, jumladan, ekologik va energiya tejamkor yechimlarni joriy etish bo‘yicha tavsiyalar berilgan.
Tashrif yakunida Butunjahon hojatxonalar tashkilotining asoschisi va direktori Jek Sim O‘zbekistonning sanitariya sohasida barqaror rivojlanishga erishish uchun katta imkoniyatlarga ega ekanligiga ishonch bildirgan va Jahon hojatxona tashkilotining qo‘shma dasturlarni amalga oshirishda uzoq muddatli hamkorlikka tayyorligini ta’kidlagan.
Shuningdek, Jek Sim 2026-yilda Butunjahon hojatxonalar tashkiloti sammitini O‘zbekistonda o‘tkazishni taklif etgan.
Izoh (0)