Tarixiy shaxslar ko‘pincha kino tufayli tanish qiyofaga ega bo‘ladi. Biz ularni aynan shunday — xarizmatik, ulug‘vor yoki hatto dahshatli ko‘rishga o‘rganib qolganmiz. Biroq ekrandagi tasvirlar asl voqelikka qanchalik mos keladi? Ba’zida rejissyorlar o‘z prototiplaridan ancha farq qiladigan qahramonlarni yaratadi.
Albrext I
Albrext 1298-yildan boshlab Germaniya qiroli bo‘lgan, Gabsburglar sulolasiga mansub shaxs. U qirol Rudolf I ning o‘g‘li bo‘lib, hokimiyat uchun kurashning murakkab davrida hukmronlik qilgan. Albrext I ning siyosati Vilgelm Tell haqidagi afsonada aks etgan voqealarga sabab bo‘lgan hukmdorlardan biri sifatida qaraladi. 2024-yilgi tarixiy jangari filmda bu hukmdor rolini Ben Kingsli ijro etgan.
Kserks I
Kserks I Fors shohi va Ahamoniylar sulolasining to‘rtinchi shohi bo‘lgan. U buyuk hukmdor Doro I ning o‘g‘li edi. Otasining vorisi sifatida amalga oshirgan asosiy rejalari Misr va Bobilda hokimiyatni mustahkamlash, shuningdek Yunonistonni zabt etish bo‘lgan. So‘nggi maqsad Doro hukmronligi davrida buyuk Fors shohiga qattiq qarshilik ko‘rsatgan Afina va boshqa polislarni jazolash edi. “300 spartalik” filmida Kserks kal va ko‘plab taqinchoqlar bilan tasvirlangan bo‘lsa-da, aslida u qalin soqolli va uzun sochli edi.
Yuliy Sezar
Yuliy Sezar buyuk Rim sarkardasi va davlat arbobi. U Rim respublikasining qulashi hamda Rim imperiyasining yuksalishiga olib kelgan voqealarda hal qiluvchi rol o‘ynagan.
Barchaga tanish “Asteriks va Obeliks Olimpiya o‘yinlarida” filmida Sezar rolini mashhur aktyor Alen Delon ijro etgan, aslida haqiqiy Sezarning tashqi ko‘rinishi butunlay boshqacha bo‘lgan. Baland peshona, katta burun va cho‘ziq yuz erkaklar go‘zalligining timsoli hisoblangan Alen Delonning qiyofasiga mutlaqo mos kelmasdi.
Ser Uilyam Uolles
Uilyam Uolles Shotlandiyaning eng mashhur qahramonlaridan biri bo‘lib, uning tarixga ta’sirini baholab bo‘lmaydi. Rejissyor va bosh rol ijrochisi Mel Gibson tomonidan unga bag‘ishlangan “Sheryurak” tarixiy dramasi mashhurlikka erishib, ko‘plab mukofotlarga sazovor bo‘ldi hamda ommaviy madaniyatda Shotlandiya tarixini idrok etishga katta ta’sir ko‘rsatdi, garchi filmning tarixiy haqqoniyligi yetarli darajada bo‘lmasa-da. Masalan, biz filmda ko‘radigan qahramonning yuzidagi ko‘k bo‘yoq badiiy to‘qimadir. Bunday bezak qadimgi davrda piktlar tomonidan qo‘llanilgan, ammo XIII asrdagi shotlandiyaliklar bunday qilishmagan. Shu sababli ser Uilyam haqiqiy hayotida hech qachon ko‘k chiziqlar bilan yuzini bo‘yamagan.
Tutanxamon
Tutanxamon shunchaki Qadimgi Misr fir’avnlaridan biri emas, balki sir-sinoat va jumboqlarga burkangan Misr madaniyatining tirik ramzi va timsoli bo‘lib qoldi. 1922-yilda uning deyarli qo‘l tegmagan maqbarasi topilgach, u haqda yanada ko‘proq so‘z yuritila boshlandi. Tutanxamonning oltin dafn niqobi bugungi kungacha Qadimgi Misr madaniyatining ramzi sifatida saqlanib kelmoqda. Turli tadqiqotlarga ko‘ra, Tutanxamon ozg‘in va past bo‘yli bo‘lgan degan taxminlar mavjud, biroq serialda biz baland bo‘yli, baquvvat yigitni ko‘ramiz.
Nefertiti
Nefertiti Qadimgi Misr XVIII sulolasining malikasi va buyuk fir’avn Exnatonning xotini. U eri bilan birga yangi e’tiqod — quyosh ma’budi Atonni yagona xudo sifatida e’zozlashni joriy etishga intildi. U nafaqat oltita farzand dunyoga keltirdi, balki uning tayanchi bo‘lib, fir’avnning barcha ishlarida uni qo‘llab-quvvatladi. Uzoq yillar davomida turli aktrisalar buyuk malikani tasvirlashga urinishdi, biroq juda muhim bir jihat e’tibordan chetda qoldi: Nefertiti oq tanli emasdi. Bundan tashqari, qalin va jingalak sochli bo‘lishi ham mumkin.
Napoleon Bonapart
Napoleon Bonapart — mashhur sarkarda va Fransiyaning birinchi imperatori bo‘lgan. Uni ko‘pincha past bo‘yli, baland peshonali va ko‘zlari chuqur joylashgan odam sifatida tasvirlaganlar. Qizig‘i shundaki, filmda buyuk sarkardaning 24 yoshidan boshlangan harbiy faoliyati haqida hikoya qilinadi, biroq uning rolini 30 yoshdan ancha oshgan aktyor ijro etadi.
Kleopatra
Ptolemeylar sulolasining so‘nggi hukmdori butun dunyoga o‘zining go‘zalligi bilan mashhur, ammo u faqat tashqi ko‘rinishi bilangina ajralib turmagan. Kleopatra nihoyatda dono va zukko ayol bo‘lib, zaiflashgan va parchalangan mamlakatga farovonlik hamda tinchlikni olib kelgan. U nafaqat siyosiy faoliyati, balki Yuliy Sezar va Mark Antoniy bilan bo‘lgan ishqiy aloqalari tufayli ham shon-shuhrat qozongan.
Izoh (0)