AQSH prezidenti Donald Tramp sun’iy intellekt imkoniyatlari uni biroz xavotirga solayotganini bildirdi, shuningdek, milliarder Ilon Mask hech qachon undan biror narsa talab qilmaganini ta’kidlagan. Bu haqda u Newsmax telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qilgan.

“Bu (sun’iy intellekt) biroz vahimaga soladi. Bu inqilob va puli bor har bir kishi sun’iy intellekt sohasida ishtirok etmoqda. Ularning barchasi SIga kirishni xohlaydi. Uning nimalarga qodir ekanligini ko‘rsangiz, hayratlanarli. Bu haqiqatan ham juda ajoyib, lekin biroz qo‘rqinchli”, deydi Tramp.
Shuningdek, u Maskni AQSH farovonligi uchun mehnat qilayotgan vatanparvar deb bilishini aytgan.
“Ammo u mendan hech qachon biror narsa so‘ramagan. Bunga uning to‘la haqqi bor, deb o‘ylayman. Biroq bu men buni bajaraman degani emas, ehtimol bajarmasman, lekin u mendan hech qachon nimadir talab qilmagan”, deya izoh bergan AQSH prezidenti.
“Masalan, men yaqinda elektromobillardan foydalanish talabini bekor qildim. U esa hech qachon oldimga kelib: "Menga bir yaxshilik qila olasizmi? Buni qilmang”, demagan. Bilasizmi, u halol odam va u buni mamlakat manfaati uchun qilyapti. Biz yuzlab milliard dollarlik firibgarliklarni fosh etmoqdamiz”, deb tushuntirgan Tramp.
Izoh (0)