Yoshlik yillari
Ilon Mask 1971-yilning 28-iyun kuni Janubiy Afrika Respublikasining Pretoriya shahrida tug‘ilgan. Uning otasi Errol Mask injener, onasi Mey Mask esa model bo‘lib ishlardi. Maskning bobosi asli shveysariyalik nemis bo‘lib, dastlab Amerikaga, u yerdan Janubiy Afrikaga ko‘chib o‘tgan. Oilada Maskdan tashqari ukasi Kimbal va singlisi Toskalar bor edi.
Ilon 10 yoshligida uning ota-onasi ajrashib ketadi. Ayni shu paytdan Maskda kompyuterga qiziqish boshlanadi. Dasturlashni mustaqil o‘rgangan Ilon 12 yoshida o‘zining ilk dasturi — “Blaster” deb nomlangan o‘yinni sotadi.
Maktab davrlarida Ilon Mask kalta bo‘yli, kamgap va kitobsevar bola edi. U 15 yoshigacha tengdoshlari tomonidan masxara qilinardi, natijada Mask o‘zini himoya qilish uchun kurash va karatega qatnaydi.
1989-yilda 17 yoshida Mask Kanadadagi Qirolicha universitetiga o‘qishga kiradi va shu orqali Janubiy Afrika armiyasidagi majburiy xizmatdan qutulib qoladi. Shu yili AQSh fuqaroligini olish osonroq bo‘lishi uchun Mask Kanada fuqaroligini oladi.
1992-yilda biznes va fizikani o‘rganish uchun Pensilvaniya universitetiga ko‘chib o‘tgan Mask iqtisodiyot va fizika bo‘yicha bakalavr diplomini oladi.
1995-yilda Mask energiya fizikasi bo‘yicha doktorlik dissertatsiyasi yoqlash uchun Kaliforniyadagi Stenford universitetiga o‘qishga kiradi, biroq uning tashrifi internetning “portlash” davriga to‘g‘ri keladi. Ikki kunlik o‘qishdan so‘ng Mask universitetni tashlab ketib, o‘zining birinchi kompaniyasi — Zip2 Corporation’ga asos soladi. 2002-yil Maskga AQSh fuqaroligi beriladi.
Yirik kompaniyalari
Zip2 Corporation
1995-yilda Mask ukasi Kimbal bilan birgalikda yangiliklar saytlari uchun dasturiy ta’minot ishlab chiqaruvchi Zip2 kompaniyasini tashkil etadi. Bu kompaniya xizmatidan The New York Times va Chicago Tribune kabi obro‘li nashrlar foydalanadi. 1999-yil Compaq Corporation Zip2’ni 307 mln dollarga sotib oladi. Mask ushbu sotuvdan 22 mln dollar foyda ko‘radi.
PayPal
Mask va Kimbal Zip2 sotilishidan tushgan pullarni yangi sayt — X.com onlayn kompaniyasini tashkil etishga yo‘naltirishga qaror qiladi. 2000-yilda X.com va Confinity kompaniyalari birlashadi, tez orada moliyaviy xizmatlar va pul o‘tkazmalari uchun onlayn platforma — PayPal tashkil etiladi. Maskning onlayn auksionlarda elektron to‘lov tizimini rivojlantirishga urinishlari samara berib, kompaniya ancha tez rivojlanadi va 2001-yilda kompaniya nomi X.com’dan PayPal’ga o‘zgartiriladi.
Keyingi yili PayPal’ni eBay kompaniyasiga 1,5 milliard dollarga sotish orqali Mask o‘zining birinchi milliardini ishlab topadi. Kompaniya sotilishidan oldin Mask uning 11% aksiyalariga egalik qilardi.
SpaceX
Mask unga haqiqiy mashhurlik va shuhrat keltirgan o‘zining uchinchi kompaniyasi SpaceX Exploration Technologies Corporation’ni 2002-yilda tijoriy kosmik sayohatlarini amalga oshirish niyatida tashkil etadi. Bir necha yil ichida ancha muvaffaqiyatga erishgan kompaniya 2008-yilda NASA bilan Dragon va Falcon9 kosmik kemalarini Xalqaro kosmik stansiyaga yetkazish bo‘yicha shartnoma imzolaydi.
2012-yil Mask va SpaceX Falcon9 raketasini uchuvchisiz kapsula bilan koinotga uchirishi orqali tarixga kirdi. Tarixda ilk bor xususiy kompaniya Xalqaro kosmik stansiyaga o‘z kemasini yubordi. Kemani ishga tushirish chog‘ida Mask “Men o‘zimni juda baxtli his qilyapman. …. Bu xuddi Super Bowl’ni (Amerika futboli bosh sovrini) yutishga o‘xshaydi” deya nutq so‘zlaydi.
Ilon Maskning SpaceX’ni yaratishdan asosiy maqsadi samoviy sayohatlar narxini hozirgidan o‘n barobar arzonlashtirish ekanini ko‘p bora ta’kidlaydi.
2016-yili Gonkongda bo‘lib o‘tgan forumda Mask uning kompaniyasi 2020—2025-yillarda Marsga uchishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi.
2018-yili SpaceX AQSh hukumatidan butun dunyoni bepul internet tarmog‘i bilan ta’minlash uchun sun’iy yo‘ldoshlarni pastki orbitaga uchirishga ruxsat oldi.
Starlink deb nomlangan sun’iy yo‘ldoshlar tarmog‘i chekka qishloq hududlarida ham keng tarmoqli internet xizmatlarini yana ham qulayroq yoyilishiga va monopoliya o‘rnatilgan bozorlarda raqobatning paydo bo‘lishiga xizmat qilishi kerak edi. Starlink 2019-yil may oyida 60 ta sun’iy yo‘ldoshni ishga tushirgan bo‘lsa, shu yilning noyabrida yana 60 ta sun’iy yo‘ldoshni orbitaga uchirdi.
2021-yilning 22-iyun kuni Starlink boshqaruv raisi Gvinna Shotvell loyiha shu yilning sentabr oyigacha ishga tushishini bildirdi.
2020-yilda SpaceX va Mask yana bir tarixiy ishni amalga oshirdi. Falcon9 raketasida samoga uchirilgan Crew Dragon kemasi ekipaji Xalqaro kosmik stansiya bilan birlashdi. Kemani orbitaga olib chiqqan Falcon9 raketasi Yerga muvaffaqiyatli qaytishni amalga oshirdi va Atlantika okeanidagi suzuvchi platformaga qo‘ndirildi.
2021-yil yanvar oyida Mask o‘zining yana bir sensatsion g‘oyasini e’lon qildi. Biznesmen Marsda avtonom shahar qurish uchun bor mol-mulkini sotishini aytib, Marsga kema uchirishini ma’lum qildi.
Tesla Motors
2003-yilda tashkil etilgan ushbu kompaniya asosan hamyonbop elektromobillar va quyosh batareyalari ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi. Maskning o‘zi barcha mahsulotlar ishlab chiqarish, loyihalash va muhandislik ishlari jarayonlarini shaxsan nazorat qiladi. Bugungi kunga qadar kompaniya elektromobillar bozoriga bir necha modellarni chiqardi. Bular Tesla Roadster, Model S, Model 3, Tesla Semi Truck, Model Y and Roadster kabi “kelajak avtomobillari”dir.
The Boring Company
2016-yilda uyidan aeroportga yo‘lga chiqqan Ilon Mask yo‘lda bir necha tirbandlikka tushib qolgach bu muammoni yerosti tunnellari orqali bartaraf etish haqida o‘ylab qoladi. Shu maqsadda u 2017-yil yanvar oyida tunnel qurish bilan shug‘ullanuvchi The Boring Company’ni tashkil etadi.
Maskning fikricha avtomobil uchun quriladigan metro kelajakda 240 km/soat tezlikda harakatlanishi mumkin bo‘ladi. Bu an’anaviy metroga qaraganda ancha qulayroq bo‘ladi va shahardagi tirbandliklarni kamaytirishga yordam beradi.
Shaxsiy hayoti
Ilon Mask ilk turmush o‘rtog‘i Jastin Uilson bilan Kanada universitetida o‘qib yurgan kezlarida tanishadi. 2000-yilda oila qurgan juftlik besh nafar farzand ko‘radi. Sakkiz yildan keyin Mask Jastin bilan ajrashib, britaniyalik aktrisa Talula Rayliga uylanadi.
2010-yilda turmush qurgan bu juftlik 2012-yilda ajrashadi, ammo 2013-yilda yana qayta oila quradi va 2016-yilda butkul ajrashadi.
Keyinroq Mask va Ember Hardning o‘rtasidagi munosabatlar bilan bog‘liq mashmashalar bo‘lib o‘tadi.
2018-yilda Mask kanadalik qo‘shiqchi Kler Bushe (Grayms nomi bilan mashhur) bilan uchrashishni boshladi. 2020-yil mayida ular farzand ko‘rishdi. Mask va Grayms farzandlariga g‘ayritabiiy X Æ A-12 ismini berdi. Bu ismni ta’riflagan Graymsning so‘zlariga ko‘ra X- bu noaniq o‘zgaruvchi, Æ- elf tilida “sun’iy intellekt”, shuningdek, “sevgi” ma’nolarini bildiradi. A-12 esa bu AQShning Lockheed A-12 ayg‘oqchi samolyoti sharafiga qo‘yilgan bo‘lib, bu samolyot Mask va Graymsning sevimli havo layneridir. Lockheed A-12 yana “bosh farishta” deb ham nomlanadi. Er-xotin samolyotga bo‘lgan muhabbatlarini quyidagicha izohlaydi: “qurol o‘rnatilmagan ayg‘oqchi, himoya tizimi ham yo‘q, urg‘u tezlikka berilgan. Jangda foydali, ammo zarar keltirmaydi”.
Biroq ism qo‘yilgandan bir oy o‘tib Kaliforniya shtatida raqamli ism qabul qilinmasligi xabar berilgandan so‘ng oila chaqaloq ismini X Æ A-XII ga o‘zgartirdi.
Notijoriy faoliyat
Kosmosni o‘rganish va insoniyat kelajagini saqlab qolish Maskning o‘zgarmas maqsadi hisoblanadi. Shu maqsadda u kosmosni o‘rganish, qayta tiklanadigan va sof energiya manbalarini kashf etish bilan shug‘ullanadigan Mask Foundation’ga asos soladi.
Ilon Mask 2020-yilgacha dunyo bo‘ylab 20 million daraxt ekishni maqsad qilgan #TeamTrees kampaniyasiga shu yili 1 mln dollar xayriya qildi.
Bundan tashqari Musk Foundation turli siyosiy bo‘lmagan tashkilotlarga ko‘plab xayriyalarni amalga oshiradi.
Bugungi kunda Ilon Mask jahonning eng boy insonlari ro‘yxatida ikinchi o‘rinda turadi. Forbes 2021-yilda Maskning boyligini 151 milliard dollarga baholagan. Ilon Mask o‘zining sensatsion va g‘ayritabiiy g‘oyalari bilan doimo dunyo ahlini hayratlantirib kelmoqda.
Izoh (0)