Avvalroq O‘zbekistonda 2024-yili jami 9364 ta yo‘l-transport hodisasi rasman qayd etilgani haqida xabar berilgandi. Qonunchilik palatasining majlisida transport vaziri Ilhom Mahkamov bu borada qo‘shimcha maʼlumot berdi.

Taʼkidlanishicha, 9364 ta YTHning 3045 tasi (32,5 foiz) yuk va yo‘lovchi tashishni amalga oshiruvchi transport vositalari bilan bog‘liq.
Yuk va yo‘lovchi transporti ishtirokidagi YTHlarning umumiy sonidan eng ko‘p holatlar Damas mikrovenlari (jamoat transporti sifatida keng qo‘llaniladi) ulushiga to‘g‘ri keldi — 1592 (52,3 foiz). Shuningdek:
- yuk transportlari — 558 ta holat (18,3 foiz);
- avtobuslar — 137 ta holat (4,5 foiz);
- mikroavtobuslar — 29 ta holat (0,95 foiz).
Qayd etilishicha, 351 ta YTH (3,7 foiz) haydovchilar ish va dam olish rejimiga rioya qilmagani sababli rulda uxlab qolgani ortidan sodir bo‘lgan.
Bunday avariyalar oqibatida 189 kishi halok bo‘lgan, 285 kishi jarohat olgan.
Yo‘llarda bolalar o‘limi
Noyabr oyida Jizzax viloyatining Baxmal tumanida Cobalt katta tezlikda voyaga yetmagan ikki qizni urib yubordi. Shuningdek, Samarqandda avtobus maktab yaqinida yo‘lni kesib o‘tayotgan bolani urib yuborib, uning o‘limiga sabab bo‘lgandi. Surxondaryoda 1-sinf o‘quvchisi Nexia urib yuborishidan vafot etgandi.
Senat bergan ma’lumotga ko‘ra, 2024-yilning 5 oyi davomida jami 359 nafar o‘quvchi bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisasi sodir etilgan va 65 nafar o‘quvchi halok bo‘lgan, 294 nafar o‘quvchi esa turli darajada tan jarohatlari olgan. 2023-yilda bolalar bilan bog‘liq 1 794 ta YTH yuz berib, ularda 1 568 nafar bola jarohatlangan, 263 nafari vafot etgan.
Sentyabrda Toshkentda BYD 9 yoshli maktab o‘quvchisini urib yuborib, uning o‘limiga sababchi bo‘lgandi. Xuddi shu kabi holat iyul oyida Navoiy viloyati Xatirchi tumanida sodir bo‘lgan. Katta tezlikda harakatlanayotgan BYD piyodalar o‘tish joyidan o‘tayotgan 9 yoshli qizaloqni bosib ketgan. O‘sha oyda Samarqandda 7 yashar bola avtomobil urib ketishi oqibatida vafot etdi. Aprelda Jizzaxda sodir bo‘lgan YTH oqibatida ikki nafar maktab o‘quvchisi halok bo‘ldi.
Bolalar ishtirokida ayanchli YTHlar ko‘paygach, jamoat faollari yo‘llarda bolalar o‘limi uchun siyosiy javobgarlik bo‘lishi kerakligini aytdi.
Toshkentda sodir bo‘layotgan YTHlar
5-dekabr kuni Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek va Yunusobod tumanlarida 1,5 soat ichida YTHlar sodir bo‘lgani haqida xabar berilgandi. Shuningdek, 6-dekabr kuni Yunusobod va Yashnobod tumanlarida YTHlar sodir bo‘lgandi.
3-noyabr tunda poytaxtning uchta tumanida YTH sodir bo‘ldi. Sergelida Spark va Matiz to‘qnashdi, Yunusobodda Lacetti yo‘l chetidagi beton ustunga borib urildi, Mirzo Ulug‘bek tumanida Lacetti va BMW to‘qnashdi.
11-noyabr kuni Mirobod tumanidagi “Sanʼat muzeyi” qarshisida Lacetti King Long avtobusi orqasiga borib urildi. 16-noyabrda Yakkasaroy tumani Malibu yo‘l chetidagi temir ustunga urildi va haydovchisi va yo‘lovchisi jarohat oldi.
17-noyabr kuni Yunusobod tumanida Toyota, Malibu-2 va Cobalt avtomashinalari ishtirokida YTH sodir bo‘ldi. 24-noyabr kuni Mirzo Ulug‘bek tumanida Spark va Epica to‘qnashib, yonib ketdi. Hodisa oqibatida halok bo‘lganlar yo‘q.
Mirzo Ulug‘bek tumanida 28-noyabr kuni soat 16:10 larda 5 ta avtomashina ishtirokida YTH sodir bo‘ldi.
Avvalroq O‘zbekistonda avtomobilni takroran mast holda boshqarganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilanayotgani haqida xabar berilgandi.
Izoh (0)