Samarqand viloyati Paxtachi tumanidagi 21-maktab o‘quvchilari aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi axborot xizmati rahbari holat yuzasidan izoh berdi.
Unga ko‘ra, holat 2024-yil aprel oyida Paxtachi tumani 21-maktab o‘quvchisi X.T.ning shu maktabda o‘qiydigan qizni haqoratlagani natijasida yuzaga kelgan. Yigit Samarqand shahar hokimining 2021-yil 16-noyabrdagi tegishli qarori bilan hududdagi 1-sonli oilaviy bolalar uyiga berilgan bo‘lgan.
Voqeadan xabardor bo‘lgan maktab direktori o‘rinbosari, sinf rahbari va maktab psixologi bola onasining roziligi bilan uni va opasini o‘quvchi qizning uyiga uzr so‘rash uchun olib borgan.
Videolavhadagi holat qizning onasi tomonidan yigitning uzr so‘rash jarayonida tasvirga olingan. Mazkur holat bo‘yicha huquqni muhofoza qiluvchi organlar tomonidan onaga nisbatan tegishli ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilgan.
Paxtachi tumani 21-maktab direktorining tegishli buyrug‘i bilan voqea ishtirokchilari — maktab direktori o‘rinbosari, sinf rahbari va maktab psixologiga nisbatan tegishli intizomiy jazo choralari qo‘llangan.
Shuningdek, bu kabi holatlar qayta takrorlanmasligi uchun maktab ma’muriyati hamda hudud profilaktik inspektori tomonidan o‘quvchilar va ota-onalar o‘rtasida zarur tushuntirish ishlari olib borilgan.
Maktabdagi janjallar
21-aprel kuni Toshkentdagi maktabda ikki o‘quvchi janjallashib, ulardan biri tan jarohati olgandi. Jabrlangan bola shifoxonaga yotqizilgan. 9-aprel kuni Toshkentdagi maktabda direktor va o‘quvchining ota-onasi o‘rtasida janjal yuzaga kelgandi. Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanidagi maktabda 29-fevral kuni direktor va o‘qituvchi ayol soch yulishib janjallashgandi.
2024-yilning sentyabrida Toshkentdagi maktabda 6-sinf o‘quvchisini urgan ayolga jazo tayinlanib, maktab direktori ishdan olingandi. O‘sha yilning mayida Farg‘ona viloyatining Buvayda tumanidagi maktabda direktorga go‘yoki gap qaytarib, ro‘molini yechmasligini aytgani uchun direktor qizni urib, jarohat yetkazgandi.
Izoh (0)