Shimoliy Koreyaning Chxonjin shahrida harbiy-dengiz kuchlarining yangi esminetsi bilan yuz bergan hodisadan so‘ng to‘rt kishi qamoqqa olindi. Bu haqda Koreya Markaziy telegraf agentligi xabar berdi.

21-may kuni Chxonjin shahrida o‘tkazilgan suvga tushirish jarayoni jiddiy texnik nosozlik bilan kechdi. Noto‘g‘ri rahbarlik va boshqaruvdagi ehtiyotsizlik tufayli aravachaning parallel harakati ta’minlanmagan. Natijada kemaning quyruq qismi uchun mo‘ljallangan tushirish aravachasi muddatidan oldin stapeldan chiqib ketib, to‘siqqa urilgan. Bu esa muvozanat buzilishiga va kema tubining shikastlanishiga olib kelgan. Kemaning burun qismi esa stapeldan tushmay qolgan.
Favqulodda hodisaning guvohi bo‘lgan KXDR rahbari Kim Chen In bundan g‘oyat norozi bo‘lgan. U sodir bo‘lgan voqeani mamlakat uchun uyat deb atadi va mas’ul shaxslar jinoiy loqaydlik ko‘rsatganini ta’kidladi.
Ma’lum qilinishicha, qamoqqa olinganlar orasida hukmron Koreya Mehnat partiyasi Mudofaa sanoati departamenti boshlig‘i o‘rinbosari Li Xyon Son ham bor. Agentlikning bildirishicha, aynan u jiddiy halokat uchun asosiy javobgar hisoblanadi. Qolgan qamoqqa olinganlar — kemasozlik korxonasi xodimlari Chxonjin kemasozlik korxonasining bosh muhandisi Kan Chong Chxor, kema korpusini umumiy montajlash sexi boshlig‘i Xan Gyon Xak va ma’muriy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Kim Yon Xak hisoblanadi.
Pxenyan vakillarining ta’kidlashicha, halokatdan ko‘rilgan zarar katta emas va esminetsni ta’mirlash atigi o‘n kun davom etadi.
Mutaxassislar bu bahoga qo‘shilmaydi. Kim Chen In kemani tiklashni “davlatning obro‘si bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan siyosiy masala” deb atadi.
Izoh (0)