Daryo

AQSH Janubiy Koreyadan minglab harbiylarini olib ketmoqchi — WSJ

Harbiylar Shimoliy Koreyaga qarshi kurash siyosati doirasida boshqa hududga ko‘chirilishi mumkin

1 daqiqa o‘qish5 606 ko‘rishlar0 izoh0

AQSH prezidenti ma’muriyati Janubiy Koreyadan 4,5 ming nafar harbiyni olib ketmoqchi. Bu haqda Pentagonning muhokamadan xabardor vakillariga tayanib The Wall Street Journal xabar berdi.

Foto: AQSH Mudofaa vazirligi 

Ma’lum qilinishicha, Janubiy Koreya hududida jami 28,5 mingga yaqin AQSH harbiylari bor. Rasmiylar qo‘shinlarni Tinch okeaniga, jumladan, Guam oroliga ko‘chirish variantlarini ko‘rib chiqmoqda. Tashabbus Shimoliy Koreyaga qarshi kurash siyosati doirasida muhokama qilinmoqda. Pentagon vakili Pit Nguyenning aytishicha, AQSH prezidenti Shimoliy Koreyani “to‘liq yadrosizlantirish” g‘oyasiga sodiq.

Ikki amaldorga ko‘ra, taklif hali Amerika prezidentiga ko‘rib chiqish uchun kelib tushmagan. Hozircha u muhokama bosqichida. Prezident Donald Tramp aprel oyi boshida Yevropada joylashtirilgan AQSH harbiy kontingenti soni qisqarishi mumkinligini aytgandi. NBC nashri esa AQSH Yevropadan 10 minggacha harbiyni olib chiqib ketish imkoniyatini ko‘rib chiqayotganini xabar qilgandi. 

Amerika rasmiylari ta’kidlashicha, Ukrainadagi mojaro qaysi yo‘nalishda kechishi va Tramp ma’muriyati Kiyevni harbiy qo‘llab-quvvatlashda davom etishi aniq bo‘lmaguncha, qo‘shinlar soni bo‘yicha qaror qabul qilinmaydi.

AQSHning xorijdagi eng yirik Kemp Xamfris harbiy bazasi Pxentek shahrida (Janubiy Koreya) joylashgan. Boshqa yirik bazalarga Kunsan va Osan aviabazalari kiradi. Bu bazalarda AQSH armiyasi va harbiy-havo kuchlarining turli bo‘linmalari joylashgan. Ular mintaqaning mudofaasi va xavfsizligiga hissa qo‘shadi.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar