Yaponiyalik tadqiqotchilar dengizda bir necha soat ichida eriydigan va tuproqda 10 kun ichida parchalanib, uni ozuqa moddalari bilan boyitadigan inqilobiy biologik plastmassa yaratdi. Bu haqda The Times of India nashri xabar qildi.

Plastik chiqindilar va okeanning ifloslanishi o‘nlab yillar davomida atrof-muhitga jiddiy zarar yetkazgan. Bu dengiz hayotiga katta tahdid solgan eng dolzarb muammolardan biri bo‘lib kelmoqda.
Yaponiyadagi RIKEN Emergent Matter Science markazi tadqiqotchilari yaratgan plastmassa an’anaviy plastmassalardan farqli o‘laroq, zaharli emas. U oziq-ovqat uchun xavfsiz komponentlardan tayyorlangan. Asosiysi, parchalanish paytida karbonat angidrid chiqarmaydi. Bu esa uni qadoqlashdan tortib tibbiy asboblargacha bo‘lgan turli xil sohalarda ishlatishga imkon beradi. Boshqacha qilib aytganda, endi plastik zaharidan inson tanasi aziyat chekmaydi.

Yangi plastmassa turi an’anaviy plastmassalardan nimasi bilan farq qiladi?
An’anaviy plastmassalar okeanlar va boshqa ekotizimlarni o‘z qoldiqlari bilan to‘ldirib, asrlar davomida shakli va sifatini saqlab turadi. Bu esa yovvoyi tabiatga xavf tug‘diradi va biosfera ifloslanishiga sabab bo‘ladi. RIKEN jamoasining yangi bioparchalanuvchi plastik mahsulotlari esa bundan keskin farqlanadi.
Ushbu plastmassa dengiz suvida bir necha soat ichida eriydi va atrof-muhitni uzoq muddat ifloslantirib turmaydi. Tuproqda esa 10 kun ichida parchalanadi. So‘ngra organik moddaga aylanib, tuproqni muhim ozuqa moddalar bilan boyitadi. Undagi uglerod miqdorini tiklaydi.
Parchalanish jarayonida atrof-muhit zararlanadimi?
Biologik plastmassaning muhim afzalligi shundaki, u parchalanganda karbonat angidrid chiqarmaydi. Bu esa atmosferada uglerod darajasining oshishiga hissa qo‘shadi. Natijada iqlim o‘zgarishi yanada tezlashadi. Bundan tashqari, yangi plastmassa turini osongina qayta ishlash mumkin.
Yangi ixtiro o‘zidan mikroplastmassalar ajratib chiqarmaydi. An’anaviy plastmassalar parchalanganda mayda zarrachalarga bo‘linadi. Ular mikroplastik deb ataladi. Okean va tuproqdagi mikroplastiklar tabiatga va insonning oziq-ovqat zanjiriga kiradi. Ular yuzlab yillar davomida saqlanib, uzoq muddatli ekologik xavfni tug‘diradi.
Bundan farqli o‘laroq, yangi bioparchalanuvchi plastmassa zararli chiqindilar qoldirmasdan to‘liq erib ketadi. Shu tariqa dengiz va quruqlik ekotizmlari plastikdan aziyat chekmaydi.
Izoh (0)