So‘nggi yillarda shifokorlar onkologiyani davolash sohasida ajoyib tadqiqotlarni amalga oshirdi. Endi bu tashxis — hukm emas. Agar onkologiya o‘z vaqtida aniqlansa, xavfli kasallikni yengish uchun barcha imkoniyatlar mavjud. Shu bilan birga, shifokorlarning taʼkidlashicha, hozirda saratonni davolashning samarali usullari mavjud bo‘lishiga qaramay, undan qochishga harakat qilish yaxshiroqdir. Buning iloji yo‘q, deb o‘ylamaslik kerak. Profilaktika haqiqiy mo‘jizalar yaratmoqda. Bunda siz sevimli ovqatingizdan voz kechishingiz yoki mashqlar bilan o‘zingizni qiynashingizga to‘g‘ri kelmaydi. Bu masalada arzimasdek tuyulgan jihatlar juda ko‘p narsani hal qiladi.

Britaniyalik mashhur onkolog Tim Tyutan ishdan bo‘sh vaqtlarida o‘z blogini yuritadi, unda obunachilarning savollariga javob beradi va saraton profilaktikasi haqida tasdiqlangan tibbiy faktlar bilan o‘rtoqlashadi.
Timning fikricha, bu masalada insoniyat uchun eng katta xavf — qayta ishlangan mahsulotlardir. Bunday ovqatlanish juda qulay ekanligi tushunarli. Biroq odamlar bunday mahsulotlar organizmga qanday zarar yetkazishi haqida o‘ylamaydi. Afsuski, qayta ishlangan ovqat bizni zaharlaydi va biz buni sezmaymiz ham.
Shifokorning fikricha, eng xavfli mahsulot — bu tez tayyorlanadigan lapshadir. Talabalar bu yegulikni juda yaxshi ko‘radi. Ko‘pchilik o‘qishni tugatgandan keyin ham lapsha isteʼmolini to‘xtatmaydi. Axir bu ochlikni tezda qondirishning oson usuli-da. Biroq Tim taʼkidlashicha, yegulik uchun xavfsizroq variantlar juda ko‘p. Tez tayyorlanadigan lapshaga qiziqishni esa o‘tmishda qoldirish yaxshiroqdir.

Timning aytishicha, bu mahsulot xavfliligining sababi uning tarkibidagi haddan tashqari ko‘p miqdordagi tuzdir. Bu, o‘z navbatida, oshqozon shilliq qavatining buzilishiga olib keladi va H. pylori (oshqozon va o‘n ikki barmoqli ichakning turli sohalarini zararlaydigan bakteriya) infeksiyasining paydo bo‘lishiga yordam beradi.
Bundan tashqari, Tim quyidagi mahsulotlardan ham voz kechishni maslahat beradi: hotdoglar, sosiskalar, go‘shtli delikateslar, konservalangan mahsulotlar va pyure sho‘rvalarning ham organizmga hech qanday foydasi yo‘q.
Doktorning so‘zlariga ko‘ra, ko‘p odamlar ratsiondagi shakar miqdorini kamaytirishga eʼtibor qaratishadi. Bu to‘g‘ri, ammo tuz ham organizmga ancha zarar yetkazishi mumkin. Ichak salomatligi uchun ratsiondagi tuz miqdorini nazorat qilish yaxshiroqdir. Ayniqsa, ichak onkologiyasi saratonning eng agressiv shakllaridan biri hisoblanadi. Bu mahsulotlar esa ushbu kasallik xavfini ikki baravar oshiradi.
Izoh (0)