Dunyodagi har besh kishining bir nafarida hayoti davomida saratonga chalinish xavfi mavjud. Xalqaro saraton tadqiqotlari agentligiga ko‘ra, 2020-yilda dunyo bo‘ylab 19,3 million odam saratonga chalingan va ularning 10 millioni shu kasallik natijasida ko‘z yumgan. Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining “Daryo”ga taqdim etgan ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda saraton bilan kasallanish ko‘rsatkichlari yildan-yilga ko‘paymoqda. Birgina 2020-yilning o‘zida 21 ming 976 nafar odamda yangi kasallanish holatlari aniqlangan. Saraton kasalligi mavjud 40 foiz bemor vafot etgan.
Mamlakatda bugungi kunda umumiy hisobda 107 ming 196 nafar odam saraton bilan dinamik nazoratda turadi. (2021-yil statistikasi joriy yilning aprel oyida chiqishi ma’lum qilindi). 4-fevral — Butunjahon saratonga qarshi kurash kuni kasallikni boshidan o‘tkazgan insonlar hikoyasi dunyo bo‘ylab yangraydi. Afsuski, bu xastalik o‘zbekistonliklarga ham begona emas. Eng yomoni, onkologik kasallik xavfidan hech kim kafolatlanmagan.Dildora Mavlonova, 52 yoshTil, o‘pka, ko‘krak saratoni, oqqon kasalliklariga chalingan
Tilimga 110 ta chok tushdi. Bir yarim yil umuman gapirolmadim
Boshimdan to‘rt marta saraton o‘tdi. 2002–2005-yillar tilim, 2012-yili chap o‘pkam, 2018-yili o‘ng ko‘kragimga shu kasallik tashxisi qo‘yildi. 2020-yil fevralida oqqon bo‘ldim. Avvalo Yaratgan, so‘ngra shifokorlar sabab to‘rt holatda ham davosiz deb kelingan og‘ir dardni yengib kelmoqdaman.Saraton – qog‘ozlardagi so‘z, xolos. Uni tan olmayman. 2002-yili tilimning chap tomonida shish paydo bo‘ldi. Stomatologga bordim. U esa onkologiyaga yubordi. Onam shu tashxis bilan dunyoni tark etgandilar. Juda qo‘rqdim. Til saratoni tashxisi qo‘yildi. Nur terapiya oldim. Shu bilan og‘riqlar sal bosilgandi.
2005-yil qayta shish paydo bo‘ldi. Tilim qotib qolganidan na ovqat yer va na suv icha olardim. Yana o‘simta chiqqan ekan. Operatsiya uchun Turkiyaga bordim. Vrachlar yuzimni kesibgina jarrohlik amaliyoti o‘tkazishlari mumkinligini bildirishdi. Lekin Toshkentdagi kuchli onkolog Yodgor Rasulovich nafaqat yuzim, balki hayotimni ham saqlab qolishga sababchilardan bo‘ldi. “Dildoraxon, yuzing chiroyli ekan. Kel, unga tegmaymiz. Qiyin va og‘irroq boshqa usul bilan o‘simtani olib tashlaymiz. Faqat bu nutqingga ta’sir qilishi mumkin. Hammasi Xudodan”, – dedi. Ko‘nmaslikdan boshqa yo‘l ko‘rolmadim.
Operatsiya 7,5 soat davom etdi. Tilimga 110 ta chok tushgan ekan. 1,5 yil umuman gapirolmadim. Sal qaltis harakat bilan tilim qonab ketar va to‘xtashi juda qiyin bo‘lardi. Til doimiy ravishda suyuqlik ichida turgani uchun operatsiya jarohatlari yetti oy deganda bitdi.
Odamlar non deydi, men suv ham icholmasdim. Ana shunday paytda erim tashlab ketdi
Dori-darmondan tortib oziq-ovqatimgacha naycha orqali burnimdan jo‘natilardi. Og‘zimni ocholmasdim ham. Doska-yu qog‘ozlarga yozib, qo‘l ishoralari orqali odamlar bilan muloqot qilardim. Opalarim, akam eng qiyin paytlarda tirgagim bo‘ldi.Ana shu og‘ir yilda turmush o‘rtog‘im tashlab ketdi. Turmushga chiqqanimda, undan keyin ham to‘rt mucham sog‘ bo‘lgan. Ammo bir dard keldi-yu, butun hayotim to‘zg‘ib ketdi. Odamzod nega oila quradi? Nikohning shartlari ham baxt-u dardda birga bo‘lish emasmidi? Sadoqat qiyin paytda bilinadi deb shuni aytsa kerak.
Uch o‘g‘lim hali yosh edi. Kichkinam endigina to‘rtga kirgan. O‘zimning dardim bir-u ularning qornini to‘yg‘izolmayotganim boshqa tomon edi. Hech narsa yo‘qligidan qo‘shnilar “Rollton” qaynatib chiqqan kunlar bo‘ldi. Men chaynolmaganim uchun suvini ichardim-da, xamirini uch bolamga bo‘lib berardim.
Bir kun xonamdan chiqsam, bolalarim pishmagan qovoq yeb o‘tiribdi. Ona uchun bundanam achchiq iztirob bormikan? Gapirolmasdim. Xudoyim, men bolalarimni buning uchun tug‘maganman, o‘zing kuch-quvvat ber, deb nola qila oldim, xolos. Shu voqea o‘rnimdan turishga, harakat qilishga majburlagan. Gapirmasdan ham ishlasa bo‘ladigan kasbni tutdim. To‘yxonalarni bezatish uchun dizaynerlik qila boshladim.
Hech vaqosiz qolganimda ko‘kragimdagi o‘simtaning birdan yo‘q bo‘lib qolishi – Allohning mo‘jizasi edi
2012-yili havo yetmay, hushimdan ketadigan odat chiqardim. O‘pkamda saraton aniqlandi. Tushkunlikka tushmadim, qo‘rqmadim ham. Hatto tilsiz yashadim, o‘pkamning bir qismini olib tashlashsa nima qilibdi deb, o‘zimni qo‘lga oldim. Kimyoterapiya, nur terapiya hamda operatsiyadan keyin bu saratonni ham yengdim. O‘pkamning yarmi olib tashlangan, chandig‘li bo‘lsa-da, bemalol nafas olib yuribman.2018-yilda avvalgi holsizliklar yana takrorlana boshladi. O‘ng ko‘kragimda ikkinchi bosqichga o‘tib ketgan saraton aniqlandi. Shifokorlar darhol kasalxonaga yotqizib, ko‘kragimni olib tashlashdan boshqa chora ko‘rmayotganlarini aytishdi. Dekabr oxiri edi. O‘g‘lim Yangi yil bayramini oila davrasida kutishimni xohlagani uchun operatsiyani qoldirib turishga qaror qildim.
Shu bilan yanvar boshida yana bir marta magnit-rezonans tomografiya (MRT)ga bordim. Shifokorlar dekabr va yanvardagi natijalarni solishtirib, o‘simta so‘rilib ketganini aniqlashdi. Jarrohlik amaliyoti xoh O‘zbekistonda, xoh chet elda bo‘lsin katta mablag‘ ketadi. O‘pkamning operatsiyasidan keyin hech vaqosiz qolib, yashab turgan uyimizgacha sotgandik. Bunisiga qayerdan pul topaman deb yurganimda o‘simtaning birdan yo‘q bo‘lib qolishi – Allohning mo‘jizasi edi!
Oppoq to‘shak, yonimdagi yosh juvonlarning birdan o‘lib qolishi, tinimsiz ko‘zyoshlardan charchagandim
Saraton xohlasangiz, xohlamasangiz ildiz otib ketaverar ekan. 2020-yil boshlarida hansirab, behol bo‘lishni boshladim. Yoshimam ellikka qarab ketdi, shundandir deb ahamiyat bermabman. Borgan sari sal narsaga terlaydigan, qo‘llarim qaltirab, yotib qoladigan bo‘ldim. Tekshirtirsam, oqqon chiqdi. Kasalxona oppoq to‘shagida yotish, odamlarning ko‘zyoshi, bugun yonimda kulib turgan yosh juvonlarning ertaga o‘lib qolishini 20 yildan beri ko‘raverib yuragim ezilib ketgandi. Bu azobni qayta his etgim kelmadi. Tabibga bordim. Uning natijalari esa ikki barobar yomon chiqdi.Do‘xtirlar chaqirib tezda kasalxonada yotishingiz kerak deyishdi. Bir kundan keyin to‘satdan og‘zimdan qon keta boshladi. O‘sha kunni eslashning o‘zi og‘ir. Sakkiz soat qon ketgandan keyin yuzim birov yulib tashlagandek momataloq bo‘lib ketgandi.
2018-yildan beri O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi Toshkent shahar bo‘limi boshlig‘iman. Ishxona, Prezident administratsiyasi, “Sharq ayoli” jamg‘armasi, “Ezgu amal” fondi, Nogironlar jamiyati davolanish muolajalarimning uch bosqichida yordam berishdi. Yetkazganiga shukr. Qolganlarida o‘zimning imkonim yetdi.
Dard boshqa, ajal boshqa
Olma chirishni boshlaganda uni muzlatgichga olib qo‘ysangiz, chirish jarayoni sekinlashadi. O‘z holiga tashlab qo‘yganda esa aksi bo‘ladi. Dard mehmon. Mehmon keldimi, ketishi ham tayin. Faqat buning uchun harakat qilish kerak. To‘rt marta saratonni yengganimni eshitib odamlarning o‘zi ruhiy dalda uchun meni so‘rab keladi. Ular saratondan keyin o‘lim ham tezda eshik qoqib kelishiga ishonishadi. Ana shunday tushkunlik va ishonchsizlikdan so‘lib borayotganlarini ham sezishmaydi.Saratonga chalinganlarning aksari, ayniqsa, ayollar kasal holida ham o‘zini asramaydi. Quyosh tig‘i-yu haddan ortiq namda ham ishlayverishadi. Balki boshqa iloj yo‘qligidandir. Ammo bu hazilakam dard emas. Bemor o‘zini asramasa, ahvoli battar og‘irlashaveradi. Kerakli dori aytilgan paytda ichilmasa, avval qilgan muolajalarning bari befoyda bo‘lib qoladi.
Saraton boylarning kasali ekan deb o‘ylardim. Hozir davlat ham qarab turmayapti
Saratondan davolanish qimmatligi uchun ham bemorlar ruhiy tushkunlikda o‘zlarini yeb bitiradi. O‘zim ham qiynalganimdan saraton boylarning kasali ekan, deb o‘ylardim. O‘tgan yili Prezidentning gematologiya institutiga tashrifidan so‘ng, onkologik kasallarni davolashda ishlatiladigan dorilarning 60 foizi davlat tomonidan beriladigan bo‘ldi. Avval ma’lum davolash bosqichidagi 1 million 700 ming so‘mlik dorilar 350 ming so‘mga tushmoqda. Bu bilan onkologik kasallikka chalinganlar uchun mablag‘ tomondan juda katta yordam bo‘ldi. Sohada o‘zgarishlar katta. Lekin hali qilinishi kerak bo‘lganlari ham talay.Biz yashashimiz uchun pul to‘laymiz, dorilar sotib olamiz. Sog‘lom odamlar sog‘lig‘ining qadriga yetishi kerak. Biror yeringiz og‘ridimi, o‘tib ketar demang. Darhol shifokorga ko‘rining. Kerakli muolajalarni vaqtida, puliga qaramasdan oling. Sog‘liq shunday narsaki, kun kelib hech bir pulga tiklolmay qolishingiz mumkin.
Uch bolamning kelajagini ko‘rishga intilish shu og‘riqlarda ham umid bergan deb o‘ylayman. Hozir faqat oqqondan davolanaman. Har 21 kundan keyin 17 kunlik muolaja olaman. To‘ng‘ichim transport, o‘rtancham tibbiyotda, kenjam bo‘lsa iqtisodiyotda o‘qiyapti. O‘zim esa saratonga chalingan odamlarga ruhiy yordam berish uchun psixologlik ham qilaman. O‘g‘illarimni uylantirib, nevarali bo‘lsam, dunyodan armonsiz o‘tardim.
Ma’lumot uchun:Raqamlarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, davlat tomonidan 2021-yilda onkologik xizmat uchun dori-darmon va sarflov vositalariga qariyb 62 milliard so‘m ishlatilgan. Shuningdek, 2020–2024-yillarda gematologiya sohasini rivojlantirish uchun 546 milliard so‘mdan ziyod va qariyb 71 million dollar miqdorida mablag‘ yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgani, birgina 2021-yilda 91 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ ajratilgani, ular hisobidan shifoxonalar dori vositalari, tibbiy buyumlar, reaktiv va reagentlar bilan ta’minlanayotgani aytilgandi.
Dilnoza Mustafoyeva, 35 yoshSaratonning Xojkin limfomasi turi bilan kasallangan
Turli simptomlar aniq tashxisni kechiktirgan. Saratonni ancha o‘tkazib yuborgan ekanman
2016-yil may oyida yurak va o‘pkamning orasida 4-bosqichga o‘tib ketgan saraton aniqlandi. Ungacha teri qichishi, turli toshmalar chiqishi-yu tirnoqlarimning tagi qorayib tushib ketishi, 3-4 kunlab uyqusizlik holatlari qariyb bir yil davomida qiynab kelardi. O‘zimdagi bu o‘zgarishlardan dermatolog, psixiatr, nevropatologga ko‘rinsam-da tashxis qo‘yisholmagan.Bir kuni ginekologga borganimda, terimning ko‘karib ketganini ko‘rib, qon topshirishimni aytdi. Tahlil natijalari chiqqach, onkologga yubordi. Ular yurak va o‘pkamning orasida 10 santimetrli o‘simta aniqlab, saratonning bir turi bo‘lgan xojkin limfomasi tashxisini qo‘yishdi.
Saratonligimni tasodifan bilib qoldim. Shifokorim buni dastlab o‘zimgamas, oilamdagilarga aytgan. Ular esa mendan yashirishgan. Buning uchun shifokor bilan biroz nizoga ham borib qolganmiz. Kasallik menga tegishlimi, uni hammadan oldin o‘zim bilishim kerak, kimga aytish-aytmaslikni ham o‘zim hal qilaman deb hisoblardim.
Saratonning hujayralari tez ko‘payib ketadigan shakliga chalingan ekanman. Bizda bu kabi operatsiyalar o‘tkazilmasligi uchun tezda Moskvaga jo‘nab ketdim. O‘simta ancha ichkarida joylashgani uchun operatsiya qiyin o‘tdi va 8 soat davom etdi.
Og‘ir kimyoterapiyalar sochimni to‘kmagan
12 bosqichli kimyoterapiya oldim. Dastlabki uchtasi O‘zbekistonda, qolganlari Ispaniyada bo‘ldi. O‘sha paytdagi og‘riqlar, ruhiy holatni tasavvur qilish imkonsiz. Lekin ular abadiy ham emas, ko‘p davom etmaydi. Terapiyadan keyin to‘rtinchi kundan boshlab yugurardim. Sportni kanda qilmaganman.Eng qizig‘i, og‘ir turdagi kimyoterapiya olganimga qaramasdan sochim to‘kilmadi. Ispaniyadagi vrachim ham oltmishga kirib shuncha bemorga qaragan bo‘lsam-da, terapiyadan keyin sochi to‘kilmaganini birinchi marta ko‘rishim deb hayron qolardi. Aslida sochlarim qolishini o‘zim ham rosa xohlaganman. Yaratgan dardni berib, o‘sha dardning o‘zi bilan ham suyuntirishga qodir ekan.
Davolanish uchun O‘zbekistondan tashqariga chiqqanda bolalarimni o‘zim bilan olib ketgandim. Ehtimol, umrim haqiqatdan kam qolgan bo‘lsa, ularning sog‘inchida jonim uzilishiga chidolmasdim.
2018-yil fevral oxirida kimyoterapiyam tugadi. O‘shandan beri har olti oyda ko‘rikdan o‘tib, muolajalar olaman.
Tashxislar nisbiy. Vrachlar yashab ketishimga ham gumon qilishgan
Onkologik kasalliklarning operatsiya, muolaja-yu dori-darmonlari qimmat. O‘zimda aniqlanganda ham ortiqcha pulimiz yo‘q edi. Ammo yaqinlardan so‘radik, himmat qilganlar ko‘p bo‘ldi. Pulning kamligi yoki yo‘qligi saratonni davolanishdan to‘xtatmasligi kerak. Agar topolmayman, shu kasallik bilan o‘lar ekanman, deb umidsiz bo‘lsangiz, Yaratgan ham o‘shanga yarashasini beradi.Saraton aytiladiganidek qo‘rqinchli emas. Ayniqsa, bugungi tibbiyot rivojlangan paytda. 2016-yili Toshkent shahar onkologiya dispanserida kimyoterapiya olgan bo‘lsam, yaqinda yana o‘sha yerda bo‘ldim. O‘zgarishlar juda katta. Faqat odamlar hali ham o‘limga olib boradigan kasallik deb o‘ylashi yomon. Menga o‘xshab kasallikni yengib, yashab kelayotganlar qancha!
O‘simta aniqlanganda shifokorlar uning to‘rtinchi bosqichga o‘tganini bilib, ancha kechikkansiz deb, yashab ketishimga gumon qilishgan. Agar ularning gapiga ko‘nib, operatsiya qilmay, terapiyalar olmasdan, o‘limimni kutib yotganimda, ehtimol, hozir chindan bu dunyoni tark etgan bo‘lishim mumkin edi. Nima bo‘lsa ham Xudoning bergan umrini, o‘zi yozgan paytigacha yashaymiz. Noumid – shayton. Yashash uchun ham umid qilish kerak.
Ma’lumot uchun:O‘tgan 2021-yili onkologiya va gematologiyaga jiddiy e’tibor qaratildi. Prezidentning “Aholiga gematologiya va onkologiya xizmatlarini ko‘rsatish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori, 14-mayda Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya hamda onkologiya va radiologiya markazlariga tashrifida shu kabi muammolarga yechim bo‘lishi nazarda tutilgandi.
Saraton bugunimda yashashni o‘rgatdi
Kasallik hadeb kelajakka intilmasdan bugunim bilan yashashni o‘rgatdi. O‘shanda 28 yoshda edim. Farzandlarim, oilam bor, orzuyimdagi o‘qish – Diplomatiyani tugatib, huquqshunoslik qilayotgandim. Lekin faqat keyingi besh-o‘n yilligim haqida rejalar tuzib, harakat qilaverardim. Aslida hammamiz shunaqamiz. Bilmaymizki, Allohning bergan umri ertagayoq tugab qolishi mumkinligini. Ehtimol, kutayotgan kelajagimiz kelmasdan nasibamiz bu dunyodan uzilib qolar. Berilgan har kunimizni qadrlashimiz, xuddi kelajagimizni qanday ko‘rishni xohlasak, o‘shanday o‘tkazishimiz kerak.Rajabboy Abdurahmonov, 57 yoshOqqon kasalligiga chalingan
Saratonni davosiz deb yurardim...
2016-yil aprelda oqqon tashxisi qo‘yildi. Shamollash, kuchli quloq og‘rig‘i, tez charchash va holsizlikdan bezovta bo‘lib Xonqa, Urganchdagi klinikalarda davolanib yurdim. Ammo hech foyda bermadi. Bir kuni uyda ahvolim yomonlashdi. Tanamdan bamisli suv oqardi. Futbolkamni yechib, ayolimdan qarab yuborishini so‘radim. U qo‘rqib ketgan ohangda terimning sariq-ko‘kishsifat g‘alati bir rangga kirganini aytdi. Xorazmdagi vrachlarga ko‘rinsam, Toshkentdagi Gematologiya markaziga yo‘naltirishdi.U yerdan tahlillar olib, meni palataga yotqizishdi. To‘satdan kasalim nima ekanini bilib qoldim. Do‘xtirlar ayolimga aytgan, u bo‘lsa, menga qanday aytishni bilmay yurgan ekan. Kasalligimni bilgan kunim qo‘shni xonadagi bir bemor tuzalib ketganini eshitdim. Saratonni ham yengish mumkin ekan-ku, deb o‘zim ham umid qila boshlagandim. Chunki saratonni davosiz deb yurardim.
Bir yil davomida besh bosqichli kimyoterapiya oldim. Qolganini Urganch gematologiya markazida davom ettirishim mumkinligini aytishdi. 2018-yil aprel oyigacha to‘liq davolandim. O‘shandan beri har olti oyda bir ko‘rikdan o‘taman.
“Nima, o‘ladigan kasal bo‘lganmanmi, deb so‘rardilar”, – Rajabboy Abdurahmonovning ayoli
“Do‘xtir xo‘jayinimning oqqonga chalinganlik ehtimoli borligini aytganda yig‘lab yuborganman. O‘zim shifoxonada laborantlik qilganman. Saraton bo‘lgan odamning tuzalib, yashab ketgani haqida eshitmagan edim. Shundan ularning ham o‘lib qolishlaridan qo‘rqqanman.Vrach tashqarida qancha yig‘lasam ham turmush o‘rtog‘imning oldida siqilayotganimni bildirmasligimni tayinladi. O‘zimni zo‘rg‘a tutib turardim. Shuncha yil birga yashab, fe’l-atvorini bilmaydilarmi, ichimda nimadir borligini sezib qoldilar. Nima, men o‘ladigan kasal bo‘lganmi, nega ahvoling bunaqa so‘lg‘in, deb savol beraverdilar.
Birinchi kun tahlil natijalarini aytolmadim. Ikkinchi kuni borishim bilanoq, meni qayerga olib kelding, bu yerda hamma oqqon bo‘lgan odamlar davolanarkan-ku deb yig‘lab yubordilar. Bir-birimizga qarab yig‘lar, ammo gapirolmasdik. Kasalxonadagi aksar bemorlarning dardi bir xil bo‘lganidan qanday kasal ekanliklarini o‘zlari tushunib olibdilar”, – deya ko‘zida yosh bilan o‘sha kunlarini yodga oldi Muhabbat opa Quronboyeva.
Puldan qiynalganimizda xayriya qiluvchilar jonimizga ora kirdi
Ikkinchi muolajam Ramazon oyiga to‘g‘ri kelgani baxtimiz ekan. Toshkentdagi mehribon odamlar Gematologiya markaziga kelib xayriya qilib ketishardi. Dori-darmonlarga mablag‘ topolmay qolgan kunlarimiz bir yigit va qiz kelib uch yuz dollar berib ketdi. Ayolim bilan yig‘lab yuborganmiz. Toshkentning himmatli odamlariga o‘g‘ir kunimizdagi yordamlari uchun tan bergandik.Erkak kishining boshini dard egsa, yomon ekan. Ayolim doim yonimda bo‘ldi. Agar kasalim kuchayib ketsa, shifokorlar ham yonida yoting, deb joy qilib berishardi. Kasal holimda ortimdan o‘zi yugurdi. Vrachlar bu uni charchatib, o‘zini ham betob qilib qo‘yishi mumkinligini, o‘g‘limizni chaqirishimizni ko‘p bora aytdi. Ammo muolajalar qimmat bo‘lgani uchun o‘g‘limiz qishloqda, tegirmonimizda kecha-yu kunduz ishlab pul topayotgandi. Uni chaqirsak, pulsiz qolardik. Jigarlarim, ukam ham qarab turmadi.
Bir dard bersa, davo uchun minglab sabablar ham berarkan. Ikkinchi muolajadan chiqqanimda nevarali bo‘ldik. Bu ham bir umid edi menga. Hozir og‘ir jismoniy mehnat ham qilmayman. Holsizlanib qolishim mumkin, ammo har olti oyda ukol-dorilar bilan kuch-quvvatga kiraman. Davolanishlar avvalgidek qimmat emas, o‘zimizning imkonimiz yetib turibdi.
Saraton nomi va asoratlari qanchalik o‘g‘ir tashxis bo‘lmasin, zamonaviy tibbiyot unga ham davo topib kelmoqda. “Ezgu amal” fondi ma’lumotlariga ko‘ra, rivojlangan davlatlarda saratonga chalingan bemorlarni sog‘lom hayotga qaytarish ko‘rsatkichlari 70-80 foizni tashkil etadi, O‘zbekistonda esa bu ko‘rsatkich 20-30 foizga teng. Ehtimol, buning bir uchi qimmat muolajalar, narxi baland dorilar, o‘zimizda yo‘q texnika-yu mutaxassislarga borib taqalar.
Umuman olganda, davlat tomonidan bo‘ladigan tashabbuslar O‘zbekistonda ham saratonga chalingan bemorlarning tuzalib, yashab ketish darajasining ortishiga salmoqli hissa qo‘shadi degan umiddamiz.
Izoh (0)