Amerika tomonining Rossiya va Ukraina vakillari bilan so‘nggi muzokaralari “juda samarali” bo‘lgan, Vashington bu haqda yaqin uch kun ichida batafsil ma’lumot beradi. Bu haqda AQSH prezidenti Donald Tramp Oq uyda o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.

Jurnalistlar undan Rossiya-Ukraina mojarosini hal etish va Rossiya Federatsiyasining yangi hududlar ustidan nazoratini tan olish masalasidagi vaziyatni sharhlash so‘rashgan.
“Keyingi uch kun ichida muzokaralar haqida to‘liq ma’lumot beraman, biroq ta’kidlash joizki, AQSH ham Ukraina, ham Rossiya bilan juda samarali uchrashuvlar o‘tkazdi. Biz chindan ham yaxshi muhokamalar olib bordik”, dedi Tramp.
Shuningdek, Tramp Amerika delegatsiyasining Eron vakillari bilan yadroviy kelishuv bo‘yicha olib borgan muzokaralarini ham yuqori baholagan.
11-aprel kuni Trampning maxsus vakili Stiv Uitkoff Sankt-Peterburgga tashrif buyurdi va u yerda Rossiya prezidenti Vladimir Putin hamda Rossiya to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasi (RFPI) rahbari Kirill Dmitriyev bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Kreml ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya rahbari va Amerika vakilining muzokaralari 4,5 soat davom etgan bo‘lib, ularning asosiy mavzusi Ukraina muammosini hal etish masalalari bo‘lgan.
AQSH o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha Ukrainaga o‘z takliflarini yetkazgani xabar qilingandi. Mazkur takliflar Qrimni Rossiyaniki deb tan olishni, Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lishini istisno etishni nazarda tutadi.
Izoh (0)