Ukraina Qurolli kuchlarining frontdagi holati tobora og‘irlashmoqda va kuzga borib yanada keskinlashishi mumkin. Bu haqda Financial Times nashrining xalqaro aloqalar bo‘limi bosh sharhlovchisi Gideon Raxman ma’lum qildi.

Uning ta’kidlashicha, Rossiya ham, Ukraina ham deyarli holdan toygan. Biroq Rossiya amaldagi harbiy harakatlar sur’atini yana bir yil davom ettira olsa, Ukraina yetarli harbiy yordamsiz atigi yarim yil ichida mudofaa imkoniyatlarini yo‘qotishi mumkin.
AQSHdan farqli ravishda, Yevropada Rossiyaning o‘t ochishni to‘xtatishga tayyorligiga ishonuvchilar deyarli qolmagan. Muhim ma’lumotlarga ega yuqori martabali bir rasmiyga ko‘ra, Rossiyaning asosiy maqsadi hozirda Odessani egallash bo‘lib qolmoqda. Prezident Vladimir Putin bu shaharni “tarixan rus shahri” deb biladi. Mart oyida Rossiyaning Odessa bo‘yicha da’volarini Putinning o‘zi tilga olgan, aprel oyida esa bu haqda uning yordamchisi Nikolay Patrushev bayonot bergan.

Kiyevdagi siyosiy kayfiyat ham o‘zgarib bormoqda
Yopiq uchrashuvlarda ular G‘arb ittifoqchilaridan Rossiyaga bosim o‘tkazish va sulhga erishish zarurligini tobora qat’iyroq talab qilmoqda. Raxmanning ta’kidlashicha, bir-ikki yil oldin bunday gaplar Kiyev uchun taslim bo‘lish sifatida baholangan bo‘lardi.
Shunga o‘xshash kuzatuvlar Yevropaning sobiq siyosatchilari tomonidan ham bildirilgan. Ular orasida Polsha sobiq prezidenti Aleksandr Kvasnevsky, Shvetsiya sobiq bosh vaziri Karl Bildt, Finlyandiya sobiq bosh vaziri Sanna Marin va Niderlandiya mudofaa vaziri Kaysa Ollongren ham bor. Ular o‘tgan hafta Kiyevga tashrif buyurgan edi.

Rasmiylar, mutaxassislar va harbiy rahbarlar bilan o‘tkazilgan uchrashuvlardan chiqqan xulosamiz shuki: agar hozir qat’iy choralar ko‘rilmasa, Yevropa jiddiy xavf ostida qoladi. Ukrainaliklar qarshilik ko‘rsatishni hech qachon to‘xtatmaydi, biroq yetarli harbiy yordam bo‘lmasa, Ukraina yana ko‘proq hududlardan ayrilishi mumkin. Yangi shaharlar bosib olinishi ehtimoli bor. Bu esa 500 milliondan ortiq yevropalik fuqarolar xavfsizligini tahdid ostiga qo‘yadi, degan ular.
Siyosatchilar fikricha, Yevropa zudlik bilan Ukrainaga qurol-yarog‘ sotib olish uchun mablag‘ ajratishi kerak. Bu yordam evaziga Ukraina sanoati qurol ishlab chiqarish hajmini oshirib, armiyani ta’minlay oladi. Ularning hisob-kitobiga ko‘ra, quvvatlarni to‘liq ishga tushirish uchun 10–15 milliard dollar talab etiladi.

Ushbu moliyaviy yordam Rossiyaning 2025-yilda katta yutuqlarga erishishiga xalaqit berishi mumkin. Garchi ayrim ilg‘or qurollar faqat AQSHda mavjud bo‘lsa-da, Ukrainadagi ishlab chiqarish muhim ehtiyojlarning ko‘pini qoplashga qodir. Biz, yevropaliklar, hatto AQSH Ukrainaga pul va qurol berishni to‘xtatsa ham, buni o‘zimiz uddalay olamiz, degan ular.
Ukraina Qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Aleksandr Sirskiyga ko‘ra, so‘nggi bir yil ichida front chizig‘i 160 kilometrga kengayib, hozirda 1200 kilometrdan oshgan.
Ukraina dronlari Rossiyaning hujumini to‘xtatishi mumkin
Ba’zi G‘arb ekspertlari Ukraina harbiy ta’minotning qisqarishi va o‘sib borayotgan yo‘qotishlarga qaramay, kelgusi yil davomida front chizig‘ini ushlab tura olishiga ishonadi. Ularning fikricha, bunda ukrainaliklarga dronlardan foydalanish tajribasi va Rossiya tomonida mexanizatsiyalashgan diviziyalarning yetishmasligi yordam berishi mumkin.
Izoh (0)