Rossiya Suriyaning yangi hukumati bilan Suriyadagi ikkita harbiy bazasini saqlab qolish bo‘yicha kelishuvga yaqin turibdi, deb xabar bermoqda Bloomberg manbalarga tayanib.
Kelishuv Kremlga Xmeymim aviabazasi va Tartusdagi portni saqlab qolish imkonini beradi.
Rossiyalik suhbatdoshlardan birining so‘zlariga ko‘ra, Rossiya Mudofaa vazirligi “Hayat Tahrir ash-Shom” islomiy guruhi bilan Rossiya kuchlari Suriyadagi bazalarda qolishi mumkinligi haqida “norasmiy tushunchaga ega” deb hisoblaydi. Shu bilan birga, manba Suriyadagi beqaror vaziyatni hisobga olgan holda vaziyat hali ham o‘zgarishi mumkinligini ta’kidladi.
Rossiya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Mixail Bogdanov rossiyalik jurnalistlarga Moskva “Hayat Tahrir ash-Shom” siyosiy qo‘mitasi bilan bevosita aloqalar o‘rnatganini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, Rossiya elchixonasi diplomatlari guruh vakillari bilan uchrashib, Suriyadagi diplomatik missiya va Rossiya fuqarolarining xavfsizligini ta’minlash masalalarini muhokama qilgan.
“Moskva hukumat almashganidan keyin ham bu mamlakatda harbiy bazalarini saqlab qolishni kutmoqda”, deya qo‘shimcha qildi Bogdanov.
9 -dekabr kuni Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Rossiyaning Xmeymim va Tartusdagi bazalarini saqlab qolish haqida gapirishga hali erta ekanligini aytgan edi.
“Har qanday holatda ham bularning barchasi Suriyada hokimiyat tepasiga keladiganlar bilan muhokama qilinadigan mavzu. Hozir ana shunday o‘zgarishlar davri, haddan tashqari beqarorlik borligini ko‘rib turibmiz. Shuning uchun vaqt kerak bo‘ladi. Keyin esa hokimiyat tepasiga keladiganlar bilan jiddiy suhbat talab etiladi”, degan edi Kreml vakili.
Suriyadagi vaziyat
Noyabr oyi oxirida qurolli isyonchilar Suriya shimoliy qismiga yurishni boshladi. Ular Idlib viloyatini, mamlakatdagi aholi soni bo‘yicha ikkinchi o‘rinda turuvchi Halab shahrini, Xama va Xoms viloyatlari hududlarining bir qismini o‘z nazoratiga oldi. Shundan so‘ng Damashqqa kirdi. Prezident Bashar Asad oilasi bilan mamlakatni tark etdi.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Bashar Asad isyonchilar bilan kelishuvga erishib, iste’foga chiqishga rozi bo‘lgani, shundan keyin Suriyani tark etgani haqida ma’lumot berdi. Isyonchilar Asadni qo‘lga olishda yordam beradigan ma’lumot uchun 10 million dollar va’da qilgan.
Kechroq Kremldagi manbalar Suriyadan qochgan prezident oilasi bilan Moskvaga kelgani, Putin ularga boshpana berganini ma’lum qildi.
HTSH va muxolifat isyonchi guruhlar ko‘p yillik fuqarolar urushidan so‘ng 8-dekabr kuni Suriya poytaxti Damashq ustidan nazoratni qo‘lga kiritdi. Idlib shahrida qo‘zg‘olonchilarga rahbarlik qilgan Muhammad al-Bashir o‘zini Suriyaning o‘tish davri hukumati rahbari etib tayinladi. U fuqarolarga qarata qilgan televideniye murojaatida bu lavozimni kamida 2025-yil 1-martgacha egallab turishini aytdi.
Izoh (0)