Samarqandda 11-dekabr kuni byuti-bloger G.M. vafot etdi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati “Daryo”ga xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, 2001-yilda Samarqand shahrida tug‘ilgan fuqaro G.M. 11-dekabrdan 12-dekabrga o‘tar kechasi soat taxminan 23:00 larda o‘zini Rudakiy ko‘chasidagi uy derazasidan pastga tashlab, joniga qasd qilgan.
Holat yuzasidan Samarqand shahar bo‘yicha IIO FMB navbatchilik qismi tomonidan shahar prokuraturasiga berilgan xabar asosida hodisa joyiga tergov-tezkor guruhi chiqqan.
Marhumaning o‘lim sababini aniqlash maqsadida sud tibbiy ekspertizasi tayinlangan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Samarqand shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Bloger Aqida Hanum Facebook’da ushbu holat bo‘yicha post qoldirdi.
Samarqandda bugun janoza. 23-24 oralig‘idagi yoshgina kelinchak. Bahorda to‘yi bo‘lgan, qornida bolasi bor ekan. Ham kosmetolog, ham volontyor, ko‘plab xayrli ishlarni tashkillashtirgan. Tunda 8-qavatdan o‘zini tashlagan, deyishyapti.
So‘nggi vaqtlarda qaynonasi chiqishtirmayotgani, eri kun bermayotgani, kunda-kunora urush-janjal bo‘layotgani haqida gapirgan ekan…
Bosh prokuratura, IIV tekshirishi kerak!, deb yozib qoldirgan u.
Aqida Hanum, shuningdek, byuti-bloger G.M. bilan bo‘lgan yozishmalarni eʼlon qilib, ularni Bosh prokuraturaga yuborganini aytdi.
Bosh prokuratura matbuot xizmati holat yuzasidan qo‘shimcha maʼlumot berdi. Unga ko‘ra, holat yuzasidan prokuratura tomonidan tergovga qadar tekshirish harkatlari olib borilmoqda.
Marhumaning o‘limi yuzasidan sud-tibbiyot ekspertizasi tayinlangan.
Tekshirish harakatlari har tomonlama, to‘liq va xolisona o‘tkazilishi va natijasi bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilinishi taʼminlanadi. Tekshirish davomida ijtimoiy tarmoqlarda bildirilayotgan vajlar ham o‘rganib chiqiladi, deyiladi xabarda.
Izoh (0)