Nafaqat Osiyo davlatlarida, balki Yevropada ham “Koreys to‘lqini”ning ilk davrini boshlab bergan “Qish sonatasi” dramasi Yun Sok Xo tomonidan suratga olingan va KBS (Korean Broadcasting System) teleradiokompaniyasi tomonidan 2002-yilda efirga uzatilgan.
Serial haqida qisqacha ma’lumot
Serial ikki yoshning muhabbati va ayrilig‘i haqida hikoya qiladi. Garchi mavzu doimgidek sevgiga taqalsa-da, rejissyorning yondashuvi umuman boshqacha. Mashhur pianino kuychisining o‘g‘li — film bosh qahramoni Kan Jun Sang Chunchon qishlog‘iga ko‘chib keladi. Otasining o‘limi, onasi bilan doimiy kelishmovchiliklar tufayli u hamisha o‘zini keraksiz deb biladi.
Bir sinfda o‘qishni boshlagan Jun Sang va Yu Jin o‘rtasida tez orada muhabbat paydo bo‘ladi, ko‘p o‘tmay Yujin Junsanning avtohalokat tufayli vafot etganini eshitadi. Oradan yillar o‘tadi va bolalikdagi do‘sti bilan turmush qurishga tayyorgarlik ko‘rayotgan Yu Jin xuddi Jun Sangga o‘xshash insonni uchratadi, lekin Li Min Xen ismli bu odam Yu Jinni eslay olmaydi.
Drama KBS telekanalida maksimal 28,8% va o‘rtacha 23,1% reyting bilan efirga uzatildi.
Drama suratga olingan Nami oroli sayyohlik markaziga aylangan
Dramadagi eng go‘zal sahnalar Seuldan 60 kilometr uzoqlikda joylashgan Nami orolida suratga olingan. 2001-yilda, ya’ni serial chiqishidan avval orolga yiliga 270 ming sayyoh tashrif buyurgan bo‘lsa, 2002-yilda bu ko‘rsatkich 650 000 ga ko‘tarildi.
Bu yerda sayyohlar Jung San va Yu Jin sharafiga qo‘yilgan haykallarni tomosha qilish hamda o‘sha mashhur xiyobonda sayr qilish uchun tashrif buyuradilar.
Bosh rollarni aktyorlardan Pe Yonjun va Chhve Jiu gavdalantirgan
Hozirda bosh qahramonlar ular 52 va 49 yoshda. “Qish sonatasi” serialiga muvofiq ular 30 va 27 yoshda.
“Qish sonatasi” 20 dan ortiq davlatda muvaffaqiyatli namoyish etilgandan so‘ng, Pe Yonjun eng talabgir aktyorlardan biriga aylandi. Bundan tashqari u ishlab chiqarish va restoran biznesini yo‘lga qo‘ydi va moliyaviy barqarorlikka erishdi. Uning yozuvchilik tajribasi ham omadli kechdi: uning koreys oshxonasi, tarixi va madaniyatiga bag‘ishlangan “Koreys go‘zalligiga sayohat” asari bir necha tillarga tarjima qilindi va bestsellerga aylandi.
2006 yilga kelib Pe Yonjun Koreya shou-biznesidagi eng badavlat shaxslardan biriga aylandi. New York Times uni “2,3 milliard dollarlik odam” deb atadi. Biroq Yonjun tez orada aktyorlik faoliyatini yakunladi. U 2007-yilda so‘nggi marta dramada bosh rolni ijro etdi.
Chhve Jiuning “Qish sonatasi”dan keyingi faoliyati o‘zgaruvchan bo‘ldi: uning karyerasida muvaffaqiyatli loyihalar ham, omadsiz seriallar ham o‘rin oldi. Shunga qaramay, aktrisa uzoq vaqt davomida eng ko‘p gonorar oladigan koreys aktrisalaridan biri bo‘lib qoldi.
Unga xorijdan ko‘plab mo‘may takliflar ham kelib tushdi. Chhve Jiu hozir ham kino sanoatida ishlab kelmoqda. U so‘nggi marta 2022-yilda “Uchar yulduzlar” serialida ishtirok etdi.
San Hyuk obrazi qahramonining ayanchli taqdiri
O‘n yetti yoshida Park Yon Ha o‘zining aktyorlik va musiqiy mahorati, shuningdek, chiroyli ko‘rinishi bilan mashhur bo‘lib, muxlislar orasida mashhurlikka erishdi. MBC drama teatridagi debyutidan beri (1994), Park bir qator televizion dramalar va filmlarda rol o‘ynagan. 2002-yilda u “Qish sonatasi”dagi San Hyuk obrazi bilan shuhrat qozongan.
Park Yon Ha ham koreys, ham yapon dramalarida, televideniyesida chiqa boshladi. So‘ng prodyuser sifatida SBS telekanalining “On Air” dramasini yaratishda ishtirok etdi.
Park 2010-yil 30-iyun kuni erta tongda Seuldagi uyida jonsiz holatda topilgan. U videokamerani zaryadlovchi kabeli bilan o‘z joniga qasd qilgan. Suitsiddan avval marhum aktyor hech kimga bu haqda aytmagan va biror xat ham qoldirmagan.
Drama barcha davlatlar orasidan Yaponiyada eng yuqori mashhurlikka erishdi
Yapon tiliga dublyaj qilingan serial 2004-yilning yozida NHK telekanalida efirga uzatildi va o‘rtacha 14-15% reytingga ega bo‘ldi. Yakuniy epizod esa ba’zi hududlarda 23,8% ga yetdi. O‘zining ulkan muvaffaqiyati tufayli drama yana bir bor yil oxirida asl formatda, yaponcha subtitrlar bilan namoyish etildi.
NHK kompaniyasi drama bilan bog‘liq mahsulotlarni sotishdan 3,5 million dollardan ortiq foyda ko‘rdi. Yaponiyalik qizlar Jun Sang obrazini gavdalantirgan aktyorning ashaddiy muxlisiga aylandi. O‘sha vaqtdagi bosh vazir Dzyunitiro Koidzumi “Yaponiyada Pe Yonjun mendan ko‘ra mashhurroq”, degan edi.
Pe Yonjunning Yaponiyaga tashrifi chog‘ida uni kutib olish uchun aeroportga 3000 ga yaqin muxlislar yig‘ilgan edi. Tartibni saqlash uchun 350 nafar politsiyachi safarbar etilgan, biroq tiqilinch tufayli bir necha kishi shifoxonaga yotqizilgan.
“Qish sonatasi” — abadiy sevgi mavzusiga bag‘ishlangan fasllar tetralogiyasining bir qismidir
Ularga quyidagilar kiradi:
- “Kuz ertagi” (2000)
- “Qish sonatasi” (2002)
- “Yoz ifori” (2003)
- “Bahor taronasi” (2006)
Dramalarning barchasi rejissyor Yun Sok Xo tomonidan suratga olingan.
“Qish sonatasi” dramasining bir nechta adaptatsiya versiyalari mavjud
Mazkur drama asosida 2004-yilda Yaponiyada “Qish sonatasi” nomli 26 qismdan iborat anime ishlab chiqilgan. Bundan tashqari, serial asosida PlayStation va Nintendo uchun turli videoo‘yinlar ham yaratilgan.
Izoh (0)