Ijtimoiy tarmoqlarda “elektr energiyasi isteʼmoli 200 kilovattdan oshsa, har bir kilovatt uchun 900 so‘m emas, 540 so‘mdan to‘lanadi” mazmunidagi maʼlumot tarqalmoqda. Energetika vazirligi bunga izoh berdi.
Unda bildirilishicha, bu Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 27-dekabrda imzolangan 894-son qarori bandlarining noto‘g‘ri talqin qilinishi tufayli yuzaga kelmoqda. Hujjatda hisob-kitob davrida isteʼmolchilar tomonidan (maishiy isteʼmolchilardan tashqari) elektr energiyasi isteʼmoli shartnomaviy miqdordan 20 foiz va undan ortishiga yo‘l qo‘yilgan taqdirda, ortiq isteʼmol qilingan elektr energiyasi uchun belgilangan tarifning 1,2 baravari miqdorida qo‘shimcha to‘lov undirilishi belgilangan.
“Bu yuridik isteʼmolchilar o‘zlari uchun belgilangan limitdan 20 foiz va undan ko‘p miqdorda elektr energiyasi (tabiiy gaz emas!) isteʼmol qilganlarida, ortiqcha ishlatilgan har bir kVt/soat uchun qo‘shimcha 20 foiz miqdorida haq to‘lashlari lozimligini anglatadi (bunga qadar ikki baravar haq to‘lashlari ko‘zda tutilgan edi)”, deya izoh berdi vazirlik.
Xususan, texnik shartida bir oy mobaynida 100 ming kVt/soat elektr energiyasi sarflashi ko‘zda tutilgan ishlab chiqarish sexi oy mobaynida 125 ming kVt/soat elektr energiyasi isteʼmol qilsa, ortiqcha ishlatilgan 5 ming kVt/soat uchun 900 so‘mdan emas, 1080 so‘mdan to‘lov qiladi.
Aholi isteʼmolchilari III tarif guruhiga mansub bo‘lib, maishiy isteʼmolchilar sanaladi. Qoidalarning tegishli bandida “maishiy isteʼmolchilardan tashqari” deya ko‘rsatib o‘tilgan.
“Ayrim blogerlarning qaror mohiyatini to‘la anglab yetmay turib, noto‘g‘ri maʼlumot tarqatishlari tufayli aholi orasida turli tushunmovchiliklar paydo bo‘lmoqda. Biz bloger va jurnalistlarni ijtimoiy masʼuliyatli bo‘lishga, xayp ortidan quvib, o‘zlari tushunib yetmagan maʼlumotni tarqatishdan tiyilishga chaqiramiz”, deyiladi xabarda.
Shavkat Mirziyoyev 2024-yil 20-avgust kuni tadbirkorlar uchrashuvda barcha sanoat korxonalari elektr va gazga o‘rnatilgan limit oshib ketsa, to‘lov ikki karra ko‘p undirilayotganidan norozi bo‘layotganini aytgandi. “Sanoatimizning o‘sishiga taʼsir qiladigan bunday cheklovlar qisqartirilishi belgilandi. Endi elektr va gaz isteʼmoli limitdan 20 foizgacha oshib ketsa ham bazaviy tarif saqlanib qoladi. Agar isteʼmol 20 foizdan o‘tib ketsa, oshgan qismiga to‘lov 20 foiz qimmatlashadi”, degan edi prezident.
O‘zbekistonda elektr energiyasi bo‘yicha tadbirkorlarga solinadigan jarimalar miqdorini qayta ko‘rib chiqish ham ko‘zda tutilmoqda. Shuningdek, jarimadan qarzdorligi hisobiga tarmoqdan uzish o‘rniga bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyatini berish rejalashtirilmoqda. Bu haqda prezidentning biznes uchun teng sharoit va adolatli raqobat muhitini ta’minlashga qaratilgan farmonidagi “Yo‘l xaritasi”da belgilandi.
Izoh (0)