Rossiya qurolli kuchlari Ukrainaga bostirib kirgunga qadar Xersondagi Bolalar uyida 5 yoshgacha bo‘lgan 46 nafar bola tarbiyalanar edi. Shahar bosib olingach, ular mamlakatdan olib chiqib ketildi. Rossiya ijtimoiy soha xodimlari bolalarning ismlarini o‘zgartirdi, hujjatlarini yangiladi va ularga Rossiya fuqaroligini berdi.
Keyinchalik ularning ayrimlari rus oilalari tomonidan farzand sifatida asrab olindi. Rossiya hukumati bu bolalarni qutqarib qolganini da’vo qilsa-da, ekspertlar fikriga ko‘ra, ularga nisbatan harbiy jinoyat sodir etilgan.
Quyida “Daryo” The New York Times jurnalistlarining ushbu mavzuga bag‘ishlangan surishtiruvini e’tiboringizga havola etadi.
Ukrainadan 46 nafar bola olib ketilgan. Ularning ko‘pchiligi Rossiyada asrab olingan bo‘lishi mumkin.
The New York Times jurnalistlari prezident Vladimir Putinning partiyasiga aloqador bir guruh siyosatchilar hamda mansabdorlar ukrainalik bolalarni qay tarzda Xersondan ko‘chirib ketganini o‘rganishdi.
Yusur al-Xlu va Masha Frolyak 2022-yildan beri Rossiyaning Ukrainadagi harbiy jinoyatlarini o‘rganish bilan shug‘ullanadi. Quyida keltirilgan voqealarni tahlil qilish jarayonida ular Ukraina janubidagi bir nechta shaharlarda bo‘lishdi.
2022-yil 24-fevral. Rus qo‘shinlari mamlakatga bostirib kirgani haqidagi xabarlar tarqalganda Natalya Lukina o‘z uyi oldida taksi kutayotgan edi.
Soat ertalabki olti. U o‘zi shifokor bo‘lib ishlaydigan Xerson Bolalar uyi tomon shoshilayotgan edi. Mazkur davlat muassasasida imkoniyati cheklangan bolalar tarbiyalanishadi.
Natalya Bolalar uyiga yetib kelgan vaqtda binoda rus zambaraklarining ovozlari eshitilmoqda edi. Natalya va hamkasblari murakkab vaziyatda qolishdi: “50 nafardan ortiq himoyasiz bolalarni qanday qutqaramiz?”
Bu yerda emizikli go‘daklardan to besh yoshgacha bo‘lgan bolalar bor, ularning ayrimlari serebral falaj kabi jiddiy xastaliklarga chalingan. Ularning ota-onalari hayot, baʼzilarining ota-onalik huquqi cheklangan, ayrim bolalar esa nomaqbul oilalardan olingan yoki ota-onalari tomonidan tashlab ketilgan.
“Biz ketsak, bolalarning yonida kim qoladi?” — Natalya Lukina nima sababdan Xersondan ketmaslikka qaror qilganini shunday izohlaydi. “Tasavvur qiling, hammamiz qo‘l siltab ketib qolsak...”
Muassasa direktori, bolalarning qonuniy vasiysi Yelena Korniyenko urush boshlanishidan ikki hafta oldin bolalar uchun zarur chamadonchalarni tayyorlab, oziq-ovqat, suv va tagliklar zahirasini g‘amlab qo‘ygan edi.
Bolalar uyi zarbalarga dosh berolmasligi aniq, ustiga ustak, politsiya ham shaharni tark etib bo‘lgandi. Yelena 300 metr narida joylashgan politsiya binosining yerto‘lasidan foydalanmoqchi bo‘ldi. Biroq telefon orqali gaplashgan politsiya boshlig‘i binoga harbiy nishon sifatida zarbalar berilishi mumkinligidan ogohlantirdi.
Bunday vaziyatda qayerdan najot topish mumkin? Yelena Korniyenko internet orqali biror bexavotir joy izlay boshladi. Uning baxtiga shu yaqin orada yashirinish mumkin bo‘lgan boshpana topildi.
Xodimlar o‘q yomg‘irlari ostida, kimnidir piyoda, ayrimlarni esa aravachalarda beton yerto‘laga ko‘chirishdi, yeguliklar, dori-darmonlar, shuningdek, og‘ir bemorlar uchun elektr nasoslar hamda gastronomik trubkalarni ham olib o‘tishdi.
Bolalar Xersonda vaqtinchalik boshpanaga ko‘chirildi. Tarbiyachi olgan suratda bolalar polda qishki kiyimlarda uxlayotgani aks etgan.
Bolalar uyida yuzaga kelgan ayanchli vaziyatdan mahalliy ruhoniy xabar topdi. U bolalarni o‘z cherkoviga olib kelishga ko‘ndirdi, bu yer har holda issiq, shuningdek, elektr va yeguliklar bor edi.
Bolalarni yana ko‘chirib, cherkov yerto‘lasiga yashirishdi. Xodimlar tashqaridan ko‘rinmasin degan maqsadda oynalarni tagliklar solingan qutilar bilan to‘sishdi.
Cherkovga yashirilgan bolalar haqida tarbiyachilar olgan video. 2022-yil 25-fevral.
Hamshiralardan biri Katerina Sirodchukning hikoya qilishicha, ular rossiyalik harbiylar bolalarni olib ketishidan xavotirda bo‘lishgan. “Biz ular kelib, hamma narsani o‘z nazoratiga oladi, deb qo‘rqqan edik”, deya xotirlaydi Katerina.
Ularning xavotirlari asossiz emasligi tez orada oydinlashdi. 2022-yilning 25-aprelida rus hokimiyati vakillari bolalarni topib oldi. Oqibatda, ular uyidan 300 kilometr uzoqlikka olib ketildi. Paytdan foydalangan amaldorlar esa targ‘ibot-tashviqot maqsadida bolalar ishtirokida videolar suratga olishdi.
Rossiya tomonidan tayinlangan amaldorlar davlat OAVlari va Telegram-kanallarda bolalarning suratlarini eʼlon qilib, ularni qutqarganlarini daʼvo qilishdi.
To‘plangan maʼlumotlar shundan dalolat beradiki, ukrainalik bolalarni vatandan olib ketish va milliy o‘zligidan mahrum qilish Vladimir Putin hamda uning siyosiy maslakdoshlari tomonidan amalga oshirilayotgan kampaniyaning bir qismi bo‘lgan. Rossiya hukumati nazoratiga tushib qolgan bolalarning taqdirini aniqlash maqsadida The New York Times jurnalistlari Rossiya ijtimoiy tarmoqlaridagi postlarni tahlil qilishdi, foto, video, matnli xabarlar va boshqa hujjatlarni qo‘lga kiritishdi, 110 nafardan ortiq tarbiyachilar, huquqshunoslar, rus va ukrain amaldorlari bilan suhbatlashishdi.
Huquq sohasi mutaxassislarining fikriga ko‘ra, bolalar bilan yuz bergan voqealar harbiy jinoyat sifatida tan olinishi mumkin.
Bosqin boshlangandan so‘ng ikki hafta o‘tgach, Rossiya telekanallarida namoyish etilgan oliy darajadagi uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Bola huquqlari bo‘yicha vakil Mariya Lvova-Belova Vladimir Putin bilan yuzma-yuz uchrashuv chog‘ida harbiy harakatlar hududida qolib ketgan Ukraina bolalar muassasalari tarbiyalanuvchilarini ko‘chirish yuzasidan yordam so‘ragan. O‘shanda prezident bolalarni Rossiya oilalariga joylashtirish bo‘yicha barcha byurokratik to‘siqlarni bartaraf etishga vaʼda bergan edi.
Vladimir Putin Ukrainaga qo‘shin kiritish arafasida bergan bayonotlarida o‘z maqsadini ochiq bayon etgan: Rossiyaga tegishli deb hisoblanadigan shaharlar to‘laligicha madaniy assimilyatsiya qilinadi. Shu tarzda yuqori martabali amaldorlar bir to‘xtamga kelgach, go‘daklarni ko‘chirish rejasi amalga oshirildi.
“Bu bolalar rus ekaniga ularning ishonchi komil”, — deydi Garvard universitetida foliyat olib boruvchi ukrainalik tarixchi. “Bolalarni o‘g‘irlab ketib, ularni ruslashtirish jarayonini tezlashtirmoqchi bo‘lishgan”.
Bir necha hafta davomida ukrainalik masʼullar hamda politsiyachilar rus qo‘shinlari tomonidan to‘liq egallab olingan Xersondagi cherkovdan bolalarni evakuatsiya qilish choralarini izlashdi. Ular Rossiyani mahalliy aholi uchun gumanitar koridor ochishdan bosh tortishda ayblashar edi.
Aprel oyida Ukraina prezidentining inson huquqlari bo‘yicha vakili Telegramʼda bolalarni qutqarishda yordam so‘rab post qoldiradi va ularning qayerda joylashganini maʼlum qiladi.
O‘sha kuniyoq cherkovga o‘zini “Navigator” deb tanishtirgan shaxs boshchiligida bir guruh qurollangan odamlar kelishdi va bolalarni Xerson Bolalar uyiga qaytarishni talab qilishdi. Ularga Qrimdagi propagandachi ommaviy axborot vositasi vakillari hamrohlik qilishar edi, ular o‘z reportajida Ukraina hukumatini bolalarni o‘g‘irlamoqchi bo‘lganlikda ayblashdi.
Cherkov ruhoniysi bolalar uchun yerto‘la xavfsizroq ekanini tushuntirmoqchi bo‘ldi. Ammo tarbiyachilar chorasiz qolishgan edi, ular buyruqqa bo‘ysunib, bolalarni yana o‘sha muassasaga qaytarib olib borishdi, bu yerda okkupatsion hukumat ularni doimiy nazoratda saqlar edi.
2022-yil 25-aprel kuni Qrimdagi propagandachi OAVlari rossiyalik amaldorlarning cherkovga kelganini tasvirga olishdi. Amaldorlar bolalarni Xersondagi Bolalar uyiga qaytarishni talab qilishgan.
Natalya Lukinaning xotirlashicha, bolalarni ko‘chirib o‘tkazganlaridan so‘ng oxir-oqibat Ukrainadan butunlay olib ketishsa kerak, degan shubhaga borishgan, chunki “agar bu bolalar ularga kerak bo‘lmaganda, nega cherkovni tashlab chiqishga majbur qilishdi?”
Keyingi oylar davomida rossiyalik harbiylar ogohlantirishsiz tez-tez kelib, bolalarni va tarbiyachilarni nazorat qilib turishdi.
Ular “Hamma bolalar shu yerdami?” deb so‘rashar edi, — deya xotirlaydi Natalya Lukina. — Agar bolalar joyida bo‘lmasa, kunimiz bitishini bilar edik.
2022-yilning bahoriga kelib, bosib olingan Xersonda mahalliy aholi majburan assimilyatsiya jarayonlaridan o‘tkazildi. Yangi hokimiyat tayinlandi, Bolalar uyiga Rossiya bayrog‘i o‘rnatildi, siyosatchilar va harbiylar esa bolalarga gumanitar yordam olib kela boshlashdi.
Natalya Lukinaning afsus bilan eslashicha, sovg‘alar orasida Rossiya darsliklari va katta qadoqlarda gazlangan ichimliklar kabi ayrim befoyda narsalar ham bo‘lgan.
“Bolalar gazli ichimliklar ichishi mumkin emasligini bilasiz-ku?! Nazarimda, ular butun dunyoga ukrainalik bolalarni qutqarayotganini ko‘z-ko‘z qilmoqchi bo‘lishar edi”.
Keyingi bir necha oy davomida rossiyalik mansabdorlar bolalarga yordam ko‘rsatilayotgani haqida foto va videotasvirlar olishgan va o‘z Telegram-kanallarida eʼlon qilishgan.
Igor Kastyukevich, “Navigator”, bolalar holidan xabar olganini Telegramʼga joylagan.
Bolalarni cherkovdan olib ketishga buyruq bergan “Navigator” laqabli odam Bolalar uyiga muntazam kelib turgan. Keyinchalik maʼlum bo‘lishicha, u Vladimir Putinning “Yedinaya Rossiya” partiyasidan mamlakat parlamentiga saylangan deputat Igor Kastyukevich ekan.
Bolalar uchun mo‘ljallangan buyumlarni partiya nomidan shaxsan topshirish maqsadida Moskvadan Davlat Dumasi vitse-spikeri Anna Kuznetsova tashrif buyurgan. U Telegramʼda #SvoixNeBrosayem (“O‘zimiznikilarniTashlabKetmaymiz”) deya harbiy heshteg uslubida izoh qoldirgan va bu bilan bolalar Rossiyaga tegishli ekaniga urg‘u bergan.
Rossiyalik amaldorlar ham The Timesʼga bergan intervyusida xersonlik bolalar rus ekanini taʼkidlashgan.
May oyida Vladimir Putin bola huquqlari bo‘yicha vakilga bergan vaʼdasini bajardi va prezident farmoniga imzo qo‘yib, fuqarolik olish talablarini soddalashtirdi: endi Xersonda va boshqa bosib olingan hududlarda ukrainalik vasiylar asrab olingan bolalar va yetimlar nomidan Rossiya fuqaroligini olish uchun ariza berish huquqiga ega bo‘lishgan edi.
Mazkur farmon jarayonning o‘zini ham tezlashtirdi: ilgari fuqarolik olish besh yilgacha cho‘zilgan bo‘lsa, endi bolalar 90 kunda, hatto undan ham qisqa vaqtda Rossiya fuqarolariga aylanishlari mumkin edi.
Bir oydan so‘ng Yelena Korniyenkoni okkupatsion Xerson Sog‘liqni saqlash vazirligiga chaqirishdi. Rossiya tomonidan tayinlangan amaldor undan Bolalar uyi direktori lavozimidagi faoliyatini davom ettirishni so‘radi — yangi maʼmuriyat nazorati ostida, albatta. Unga hatto Rossiya pasporti taklif etildi.
Yelena Korniyenko taklifni rad etdi. U bosqinchilar bilan bir havodan nafas olishni istamas edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, okkupantlar Bolalar uyi xodimlarini qo‘rqitishgan, kim tarafda ekanini surishtirib, siyosiy qarashlari bilan qiziqishgan. Hattoki bolalarning oldida ham qurollarini qo‘ldan qo‘yishmagan.
Natalya Lukina ham ishdan bo‘shadi. U bolalarga juda bog‘lanib qolgan edi, ammo rossiyalik amaldorlarning qilmishlariga aralashib qolishni istamadi.
“Men bu ishlarda ishtirok etishni istamadim”, dedi u. “O‘zimni ham olib ketishlaridan qo‘rqar edim”.
Okkupantlar hokimiyati yangi direktor topish umidida Bolalar uyi pediatri, tungi navbatchiliklarda qoladigan va dam olish kunlari ham ishlaydigan Tatyana Zavalskayaga murojaat qilishdi. U yangi maʼmuriyatga nisbatan ijobiy munosabat bildirar va o‘zining rossiyaparast fikrlarini yashirmas edi.
Tatyana Zavalskaya bosqinchi hokimiyatning Bolalar uyini yangi administratsiya qoshidagi yuridik shaxs sifatida ro‘yxatga olish qarorini qo‘llab-quvvatladi. Ularning fikriga ko‘ra, bunday qaror Ukrainaga tegishli bo‘lgan muassasa va uning tarbiyalanuvchilari ustidan nazoratni qonuniylashtirish imkonini berar edi.
Bolalar uyi o‘sha oydayoq qayta ro‘yxatdan o‘tkazildi.
Avgust oyida RT davlat telekanali Xersonni bosib olishga bag‘ishlangan lavha namoyish etdi. Okkupatsion maʼmuriyat tasarrufiga o‘tgan Bolalar uyi ham ko‘rsatildi. Boshlovchi Anton Krasovskiy eshik oldiga kelib, kiraverishdagi lavhaga ko‘zi tushdi: “Yozuv oldingidek ukrain tilida”, — so‘ngra yuqoriga qaradi-da, “Ammo bayroq bizniki: rus bayrog‘i. Endi doim shunday bo‘ladi”, — dedi.
Anton Krasovskiy Bolalar uyi haqida hujjatli film suratga olish maqsadida kelgan edi. Mazkur film 2022-yil avgust oyida RT telekanalida namoyish etildi.
Keyinchalik Tatyana Zavalskaya intervyu berib, Ukraina prezidentini “masxaraboz” deb atadi.
“Hamma umidim Rossiyadan”, — deya qo‘shimcha qildi u.
Rossiya telekanallarida Ukrainaning bosib olingan hududlaridan olib kelingan bolalarni rus jamiyatiga singdirish mavzusida muntazam reportajlar namoyish etilar edi.
Ko‘plab videolarda Bolalar huquqlari bo‘yicha vakil Lvova-Belova Donbassdagi muassasalardan olib ketilgan bolalarga shaxsan o‘zi hamrohlik qilgani aks etgan. U bolalarni yangi vasiylarga topshirar ekan, endi ular Rossiya fuqarosi ekaniga urg‘u berar edi.
Lvova-Belova Telegram-kanalida yozishicha, o‘zi ham ukrainalik o‘smirni asrab olgan va bu bola keyinchalik Rossiya fuqaroligiga ega bo‘lgan.
2022-yilning butun yoz fasli davomida Rossiya telekanallari Lvova-Belova shaxsan o‘zi donbasslik bolalarni rossiyaliklarning oilalariga olib kelib topshirish bilan shug‘ullanganini namoyish etishdi. Bolalarning ayrimlari o‘sha paytdayoq Rossiya fuqaroligiga ega bo‘lishgan.
Sharqiy Yevropa bo‘yicha ayrim mutaxassislar Kremlning bunday xatti-harakatlaridan ko‘zlangan maqsad Rossiyaning Ukrainaga bosqinini oqlash hamda Vladimir Putinni xaloskor sifatida ko‘rsatishdan iborat deb hisoblashadi.
Putin o‘zini go‘yoki “Xudoning irodasi”ni amalga oshirayotgandek his qilgan bo‘lsa kerak, — deydi Xalqaro Karnegi Tinchlik jamg‘armasi xodimi Endryu Vays. — Bu boshdan oyoq teatr. Uning asosida Ukraina mavjud bo‘lmagan degan soxta tarixiy tasavvurlar yotibdi.
Vladimir Putin Xersonni va yana uchta viloyatni noqonuniy anneksiya qilgach, Ukraina qurolli kuchlari Xersonni qaytarish bo‘yicha harbiy operatsiyani boshladilar.
Shaharning qo‘ldan ketishidan xavfsiragan rossiyalik amaldorlar boshqa muassasalar qatori Bolalar uyi bo‘yicha ham reja ishlab chiqishadi. Okkupatsiya qilingan Qrim Sog‘liqni saqlash vazirligi xodimlari bolalarni olib ketishda ko‘maklashish uchun yopiq onlayn chat orqali talaba-shifokorlarni jalb qilishdi.
Hamshira Natalya Kibkalo Bolalar uyida 30 yildan beri mehnat qilar edi. U koronavirusga chalingan go‘daklarni endigina uxlashga yotqizgan ham ediki, bir yangilikni eshitib qoldi: ertalab bolalarni olib ketishar ekan.
O‘sha tunda u mijja qoqmadi. Boshqa tarbiyachilar bilan birga ertalabgacha bolalarning kurtkalariga ularning ism-familiyasi yozilgan yorliqlarni tikdi, kiyim-kechaklarini tugunlarga soldi.
Ertasiga, 21-oktyabr kuni ertalab Natalya odatdagidek bolalarning tagliklarini almashtirdi, ularni ovqatlantirdi. Ammo bolalarni olib ketishar ekan, degan so‘zlar unga tinchlik bermayotgan edi. Oxiri, chiday olmay, taksida uyiga ketdi.
“Biz qo‘limizdan hech narsa kelmasligini, buning oldini ololmasligimizni tushunar edik”, — deydi Natalya. “Ularni olib ketayotganlarini o‘z ko‘zim bilan ko‘rsam, keyin qanday yashay olishimni tasavvur qila olmas edim”.
Ertalab soat 8 larga yaqin Bolalar uyi oldiga tez yordam mashinalari hamda “Z” belgisi tushirilgan oq avtobuslar keldi.
Masʼullar orasida Igor Kastyukevich, “Navigator”, Qrimning o‘sha paytdagi sog‘liqni saqlash vaziri, uning o‘rinbosari hamda boshqa Bolalar uyining bir nechta xodimlari bor edi, keyinchalik ular bolalarning yangi tarbiyachilari etib tayinlandi.
Tatyana Zavalskaya har bir bolaning shaxsiy hujjatlari va tibbiyot kartalarini alohida jildlarga joylashtirdi.
Bolalar uyining hovlisida Igor Kastyukevich go‘daklardan birini qo‘liga oldi, o‘pdi va yonidagi odamga uzatdi. Birin-ketin 46 nafar bolaning ismi yangradi. So‘ngra qishki liboslar kiydirilgan bolalar avtobuslarga hamda tez yordam mashinalariga joylashtirildi.
2022-yilning 21-oktyabr kuni rossiyalik amaldorlar Xersondagi Bolalar uyi tarbiyalanuvchilarini olib ketishdi. Foto va videotasvirlar “VKontakte” ijtimoiy tarmog‘iga joylashtirildi.
O‘sha kuni ertalab kolonna Bolalar uyidan yo‘lga chiqib, paromda daryodan o‘tdi. Kechga tomon manzilga yetib kelindi.
Ukraina tarafi vakillarining so‘zlariga ko‘ra, ularga bolalarning joylashgan manzili haqida rasman maʼlumot berilmagan. Ammo rossiyalik amaldorlar Telegramʼda iz qoldirishgan edi.
Bolalar Qrim poytaxti Simferopolga olib kelindi va ikkita muassasaga joylashtirildi. Mazkur muassasalardan biri — “Yolochka” xodimlari ilgari bolalarga talab darajasida qaramaganlikda ayblangan edi.
Bolalarga issiq poyabzallar va qo‘lqoplar olib kelgan Igor Kastyukevich o‘z Telegram-kanalida yozganidek, bolalarning sharoiti “oldingidan ancha yaxshi” edi.
Rossiyalik mansabdorlarning fikriga ko‘ra, bolalarning ko‘chirilishi insonparvarlik namunasi o‘laroq ularning konstitutsiyasiga mos keladi, sababi Xerson viloyati qo‘shib olingach, mintaqa aholisi ularning nazoratiga o‘tgan.
“Ular kim ekani va ilgari kim bo‘lgani muhim emas”, — deydi Qrim Bolalar ishlari bo‘yicha departament boshlig‘i Svetlana Sherbakova. “Endi bolalar tinch osmon ostida yashashmoqda”.
Biroq inson huquqlari bo‘yicha ekspertlarning taʼkidlashicha, Rossiya qonunlari xalqaro majburiyatlardan ustun bo‘lishi mumkin emas.
Qurolli to‘qnashuvlar vaqtida xavfsizlik nuqtayi nazaridan bolalarni vaqtinchalik evakuatsiya qilishga ruxsat beriladi , biroq bunday jarayon protokollarga qatʼiy rioya etgan holda amalga oshirilishi lozim. AQSHning Global jinoiy adliya boshqarmasidagi sobiq elchisi Stiven J.Reppning fikriga ko‘ra, Rossiya bolalarning harakatlanishini rasman nazorat qilmagani hamda xalqaro gumanitar huquq normalariga ko‘ra vositachilarga ular bilan uchrashish imkonini taqdim etmaganining o‘ziyoq bolalarning evakuatsiyasi kuch bilan amalga oshirilganini bildiradi.
“Rossiya gumanitar missiya deb hisoblaydigan mazkur jarayon aslida dahshatli harbiy jinoyatdir”, — deya qayd etdi Repp.
Bola huquqlari bo‘yicha vakil Mariya Lvova-Belova Moskvadan Qrimdagi Bolalar uyiga kelib, sharoitlar bilan tanishgach, shunday degan edi:
“Bola huquqlari bo‘yicha vakil ofisi bolalarning haqiqiy ota-onalari topilmagan taqdirdagina ularni rus oilalariga joylashtirishga ko‘maklashadi”.
Lekin bu so‘zlarga har doim ham amal qilinmadi.
The Times jurnalistlari bolalar bilan uchrashgandan keyin ukrainalik oilalardan biri ularning farzandlari Qrimda ekanini bilib qolgan. Shu paytga qadar ular o‘z farzandlarining taqdiridan bexabar bo‘lishgan, vaholanki, hujjatlarga ko‘ra, rossiyalik mansabdorlar bolalarning ismi-familiyasi va manzili haqida maʼlumotga ega edilar.
Ularning o‘g‘li Nikolay Volodin autizm bilan kasallangan, qizi Anastasiyaga esa bolalar serebral falaji diagnozi qo‘yilgan. Aka-singil Ukraina davlati qaramog‘ida bo‘lgan, biroq er-xotin o‘z farzandlari Xersondan olib ketilganini hatto xayollariga ham keltirishmagan edi.
“Men hech kimga ularni asrab olishlariga yo‘l qo‘ymayman”, — deydi bolalarning otasi Roman Volodin.
2022-yilning qish oylarida yangi tarbiyachilar vasiy rolini bajarayotgan Tatyana Zavalskaya bilan birgalikda bolalarning Rossiya jamiyatidagi turmushini qonuniylashtirish maqsadida bir nechta chora-tadbirlarni amalga oshirishdi. Vaholanki, bolalarning ota-onalari hayot edi, ular ota-onalik huquqidan mahrum etilmagan, ularning ism-shariflari Rossiya hukumatiga maʼlum edi.
Dastlab, aka-singil Volodinlar hamda Bolalar uyining boshqa tarbiyalanuvchilari nomidan tug‘ilganlik haqida guvohnoma (Rossiya nusxasi) olish uchun ariza berishdi va ularning ismlarini rus tiliga moslashtirishdi.
Tarbiyachilar, shuningdek, Rossiya individual sug‘urta raqamlarini olishga yordam berishdi, ularning fikriga ko‘ra, bu tibbiy polis olish uchun zarur ekan.
Yangi hujjatlar rossiyalik mansabdorlar tomonidan Telegramʼda eʼlon qilingan fotosuratlarda aks etgan.
Keyinchalik bolalar Rossiya fuqaroligini olishdi — bu ularni asrab olish hamda Rossiya oilalariga vasiylikka berish uchun zarur shartlardan biri edi.
Huquq sohasi mutaxassislarining taʼkidlashicha, yangi hujjatlarning berilishi, ismlarning moslatirilishi hamda fuqarolikning o‘zgartirilishi Rossiya hukumati tomonidan bolalarni ukrain ildizlaridan mahrum qilish maqsadida amalga oshirilgan, bu Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyani buzish hisoblanadi. Bu ham harbiy jinoyat sifatida baholanishi mumkin.
2022-yilning dekabrida Vladimir Putin yana bir farmonni imzoladi, unga ko‘ra, vasiylar qo‘l ostidagi tarbiyalanuvchilar nomidan Ukraina fuqaroligidan voz kechishlari mumkin edi.
Shunga qaramay, rossiyalik mansabdorlar bolalarni repatriatsiya qilish rejasi yo‘q, deya baralla aytishdi, ularning so‘zlariga ko‘ra, bolalar bundan buyon ham davlat tomonidan “to‘liq qo‘llab-quvvatlanadi”.
“Bu bolalar endi Rossiya hujjatlariga ega, — deydi intervyuda “Navigator”, Igor Kastyukevich. — Davom etish kerak”.
To‘laqonli bosqindan so‘ng oradan bir yil o‘tib, Qrimning sobiq sog‘liqni saqlash vaziri hamda uning o‘rinbosari Xersondan mahalliy aholi vakillarini evakuatsiya qilishda, jumladan, bolalarni ko‘chirishda ishtirok etgani uchun prezident Putindan davlat mukofotlarini olishgan edi.
Mukofot topshirish marosimining ertasi kuniyoq Xalqaro Jinoiy sud bosh prokurori Vladimir Putinni hamda uning bolalar huquqlari bo‘yicha vakilini hibsga olishga order berdi. Ularga butun Ukrainadagi Bolalar uylaridan “yuzlab bolalarni noqonuniy tarzda ko‘chirish” aybi qo‘yilgan edi.
“Bu vaqtinchalik ko‘chirish edi, maʼlum muddatdan so‘ng bolalar Vataniga qaytariladi, deyish uchun hech qanday asoslar yo‘q”, — deydi Gaagadagi sobiq prokuror Payam Axavan.
The Times Vladimir Putin hamda Mariya Lvova-Belova devoniga izoh so‘rab ko‘p marotaba murojaat qilgan bo‘lsa-da, javob kelmadi. Bolalar bo‘yicha vakil o‘zining omma oldidagi chiqishlarida bu yo‘nalishdagi ishlarni davom ettirishga vaʼda berdi. O‘z navbatida, Vladimir Putin administratsiyasi o‘tgan yilgi matbuot-anjumanida bunday orderlarni “bir tiyinga qimmat” deb atadi. Keyinchalik Vladimir Putin bolalarni qaytarish masalasida hech qanday muammo bo‘lmasligini aytdi, faqat shu shart bilanki, farzandlarini olib ketish uchun ota-onalarning o‘zlari kelishi lozim.
Yuqori lavozimli amaldorlar sudga tortilishi ehtimoldan juda uzoq, ammo huquqshunoslarning fikriga ko‘ra, ularga qarshi qo‘zg‘atilgan ishlar, ochiq manbalardagi dalillarni inobatga olganda, “metindek puxta va mustahkam”.
Shunisi ham eʼtiborga molikki, Rossiyaga nechta bola majburan ko‘chirilgani yoki deportatsiya qilingani haqida yakdil fikr mavjud emas. Buning sabablaridan biri Ukrainada bolalarni himoya qilish tizimining markazlashmaganida. Ukraina tarafi bolalarning umumiy soni 19 500 atrofida ekanini taʼkidlaydi, biroq Kiyevdagi davlat xizmatchilari o‘z intervyularida ushbu maʼlumotlarni batafsil tushuntirib yoki izohlab bera olmadilar.
Xersondagi Bolalar uyi tarbiyalanuvchilari olib ketilgandan beri oradan salkam 20 oy o‘tdi. Fotosuratlarda bolalar shu vaqt davomida qanday o‘zgarganini ko‘rish mumkin, ularni hattoki ukrainalik tarbiyachilari ham osonlikcha taniy olishmaydi.
Bunday o‘zgarishlar bolalarni topish va Vatanga qaytarishga harakat qilayotgan ukrainalik tergovchilarning ishini murakkablashtirishi mumkin. Ular ayni paytda Igor Kastyukevich, “Navigator” hamda Bolalar uyi direktori Tatyana Zavalskayaga qarshi jinoiy ishlar ochishgan.
O‘tgan yilning yozida bolalarning rahbari yana o‘zgardi. Endi Tatyana Zavalskayaning o‘rniga ularning manfaatlarini okkupatsiya qilingan Xerson oblastining Mehnat va ijtimoiy siyosat vazirligi himoya qiladi.
Vazirlik rahbari Alla Barxatnova bolalarni Rossiya oilalariga joylashtirish “maʼnaviy, aloqiy va huquqiy” burch ekanini aytgan.
“Bizning yurtdoshlarimiz bu bolalarni farzandlikka yoki vasiylikka olish uchun navbatda turishibdi”, — deydi u.
Biroz muddatdan so‘ng xersonlik bolalarning suratlari o‘n minglab yetim rus bolalarning maʼlumotlar bazasida chiqarila boshladi. 22 nafar bolaning maʼlumotnomalarida ular Qrimda tug‘ilgan deb yozilgan, tavallud topgan vatani — Ukraina esa ko‘rsatilmagan.
Qrim Bolalar ishlari bo‘yicha muassasa maʼlumotlariga ko‘ra, ushbu bolalarning kamida ikki nafari rus oilalariga joylashtirib bo‘lingan.
The Times “Rossiya Federatsiyasida bola asrab olish” davlat portalida xersonlik 22 nafar bolaning anketalarini topdi.
Ukraina hukumati hamda qatarlik vositachilar ko‘magida kamida yetti nafar Xerson Bolalar uyi tarbiyalanuvchilari Ukrainaga qaytarildi. Ular orasida Anastasiya va Nikolay Volodinlar ham bor edi. Ularning onasi shu yil fevral oyida Moskvaga borib kelgan.
Anastasiya olti yoshga to‘lgandan so‘ng oradan bir necha hafta o‘tgach, Ukrainadagi shifoxonada vafot etdi. Shifokor o‘limga epileptik xuruj sabab bo‘lganini aytdi. Nikolay esa ota-onalik huquqlari masalasida sud qarori chiqqunga qadar Ukraina davlati qaramog‘iga olingan.
Xersonlik boshqa bolalar hali ham Rossiya hukumati nazoratida qolmoqda.
So‘ngso‘z o‘rnida
The Times jurnalistlari bir yil davomida Xerson Bolalar uyi tarbiyalanuvchilarining qarindoshlaridan, ushbu muassasa xodimlaridan, ukrainalik mansabdorlar hamda prokurorlardan, okkupatsiya qilingan Xersonda va Qrimda Rossiya tarafidan tayinlangan masʼul shaxslardan, Qrimdagi bolalar muassasalarining hozirgi va sobiq tarbiyachilaridan, qrimlik mahalliy volontyorlardan, asrab olgan ota-onalar guruhlarining administratorlaridan, rossiyalik advokatlardan, harbiy jinoyatlar bo‘yicha xalqaro yuristlar va ekspertlardan, inson huquqlari himoyachilaridan, tarixchilar va harbiy ekspertlardan 100 dan ortiq intervyular yozib olishdi.
The Times jamoasi Xerson Bolalar uyining 46 nafar tarbiyalanuvchisini topish maqsadida davlat va huquq muhofazasi idoralarining maʼlumotlar bazasidan bedarak yo‘qolganlarning ro‘yxatlarini o‘rganib chiqdi hamda ushbu bolalarning ismlarini va fotosuratlarini aniqlashga muvaffaq bo‘ldi (Shuningdek, jurnalistlar baʼzi anketalarda xatoliklarga yo‘l qo‘yilganini aniqlashdi, The Times ukrainalik tergovchilar bilan bog‘langandan so‘ng, mazkur xatoliklar to‘g‘rilandi). Jurnalistlar ushbu anketalardan hamda bevosita bolalarning tarbiyachilari va vasiylaridan olingan fotosuratlardan foydalangan holda, bolalar 2022–2023-yillar oralig‘ida qayerda bo‘lganini tasdiqlovchi kamida 10 ta dalilni qo‘lga kiritishdi. The Times jamoasi bolalarni rossiyalik mansabdorlar o‘z Telegram-kanallarida eʼlon qilgan suratlar, rus propaganda kanallarida ko‘rsatilgan hujjatli filmlar, shuningdek, “Orzular archasi” nomli Yangi yil aksiyasida namoyish etilgan foto va videolar orqali topdi. The Times bolalarning suratlarini jamlab o‘z arxivini yaratdi va maʼlumotlarga ukrainalik sobiq tarbiyachilar yordamida oydinlik kiritdi. Jurnalistlar ushbu maʼlumotlarga tayangan holda, Rosssiyadagi yetim bolalar Federal Maʼlumotlar bazasida saqlanayotgan minglab anketalarni tahlil qilishdi va Xerson Bolalar uyidan olib ketilgan 22 nafar bolani aniqlashdi. Bu bolalarni rossiyalik vasiylar hamda farzand asrab oluvchilarga berish uchun hamma narsa tayyorlab qo‘yilgan edi...
The Times jurnalistlari bolalarni ko‘chirish jarayonida qatnashgan mansabdorlarning shaxsiga aniqlik kiritish maqsadida intervyular orqali to‘plangan maʼlumotlarni quyidagi manbalardan olingan axborotlar bilan solishtirishdi: jumladan, Rossiya prezidenti hamda Bola huquqlari bo‘yicha vakil administratsiyasi tomonidan eʼlon qilingan qonun hujjatlari va arxivlar, Qrim va Rossiya yangiliklar dasturlari, “VKontakte”, “Odnoklassniki” ijtimoiy tarmoqlarida joylashtirilgan fotosuratlar, videomateriallar, ukrainalik va rossiyalik davlat xizmatchilarining ochiq Telegram-kanallari, shuningdek, Rossiya yuridik shaxslar reyestri... Jurnalistlar o‘z xulosalarini xersonlik tarbiyachilar va qrimlik volontyorlar taqdim etgan eksklyuziv suratlar, matnli xabarlar hamda ishga oid hujjatlarning fotonusxalari bilan solishtirishdi — ularning ayrimlari Urushni o‘rganish instituti tahlilchilari tomonidan tekshirildi. Bundan tashqari, rus jamiyatiga oid maʼlumotlarni eʼlon qiluvchi Telegram-botlar va insonlarning yuzidan taniydigan dasturiy taʼminotlardan foydalanuvchi veb-saytlarning axborotlari tahlil qilindi.
Izoh (0)