Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev 30-iyun kuni jamoat joylarida yuzni tanib olishni qiyinlashtiradigan kiyimlarni kiyishni taqiqlovchi qonunni imzoladi.

Endilikda qo‘shni respublikada niqob kiyish ham taqiqlanadi. Qonun matniga ko‘ra, xizmat vazifalarini bajarish, tibbiy ko‘rsatmalar, noqulay ob-havo sharoitlaridan himoyalanish, fuqarolik mudofaasi maqsadlari, sport va madaniy-ommaviy tadbirlarda ishtirok etish kabi holatlarda odamlarning yuzini berkitishiga ruxsat beriladi.
Yuzni yopib turadigan kiyim kiyishni taqiqlash iyun oyi boshida Senat tomonidan taklif qilingan, 26-iyun kuni Majlis qonunga kiritilgan tuzatishni ma’qullab, imzolash uchun prezidentga yuborgan. Ilgari prezident To‘qayev yuzni yopish o‘rniga milliy o‘ziga xoslikni ta’kidlaydigan kiyimlar kiyishni taklif qilgandi.
Yevropa Ittifoqining bir qator mamlakatlarida, jumladan, Fransiya, Daniya, Niderlandiyada, shuningdek, Shri Lanka kabi boshqa davlatlarda ham jamoat joylarida yuzni berkitadigan diniy liboslar — niqob va paranji kiyish taqiqlangan. Yanvar oyida Qirg‘izistonda ham niqob kiyishni taqiqlovchi qonun qabul qilingan.
Izoh (0)