Qozog‘istonning Ostona shahrida 22-iyun kuni yengil motorli TL-2000 samolyoti qulab tushdi. Hodisa oqibatida ikki kishi halok bo‘ldi. Bu haqda mamlakat Transport vazirligi xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, hodisa mahalliy vaqt bilan soat 11:30 atrofida yuz bergan. Samolyot bortida ekipajning ikki a’zosi bo‘lgan. Ular aviahalokat oqibatida halok bo‘lgan.
Samolyot Jolaman aerodromi hududida o‘quv-mashg‘ulot parvozini amalga oshirayotgan edi. Aviatexnika xususiy shaxsga tegishli bo‘lgan. Hozirda ushbu aviahodisani o‘rganish bo‘yicha komissiya tuzilgan.
Hodisa joyida Qozog‘iston Transport vazirligining Transport hodisalari va insidentlarini tergov qilish departamenti xodimlari ishlamoqda. Avariya holati va texnik tafsilotlari hozircha noma’lum. Tergov barcha ehtimoliy versiyalarni, shu jumladan, texnik nosozlik va inson xatosi omilini ko‘rib chiqmoqda.
Qozog‘iston Transport vazirligi tekshirilmagan ma’lumotlarni tarqatishdan tiyilishga va tergovning rasmiy natijalarini kutishga chaqiradi. Jolaman aerodromi mashg‘ulot va shaxsiy parvozlar uchun foydalaniladigan kichik aviatsiya maydonchalaridan biridir.
Izoh (0)