O‘zbekistonda kamera va radarlar orqali qayd qilingan huquqbuzarliklar bo‘yicha qaror bir oydan kechiktirib chiqarilgan bo‘lsa, jarima qo‘llanmaydi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 17-iyundagi majlisida ma’lum qilindi.

Majlisda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
“Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 36-moddasi 3-qism bilan to‘ldirilib, unga muvofiq, yo‘l harakati qoidalari buzilganligi foto va video vositalari orqali qayd etilgan hollarda ma’muriy jazo huquqbuzarlik sodir etilgan kundan boshlab 1 oydan kechiktirmay, qaror ustidan shikoyat qilinganda esa 1 yildan kechiktirmay qo‘llanishi mumkin bo‘ladi. Ya’ni endilikda kamera va radar orqali aniqlangan huquqbuzarliklar uchun qaror 1 oydan kechiktirib chiqarilgan bo‘lsa jazo qo‘llanmaydi”, degan Qonunchilik palatasi Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi raisi Jahongir Shirinov.

Majlisda qayd etilishicha, ayrim xorijiy davlatlarda ma’muriy huquqbuzarliklar sodir etganlik uchun jarima jazolaridan tashqari “og‘zaki ogohlantirish” va “ogohlantirish” jazosi borligi, bunda birinchi marta kam ahamiyatli ma’muriy huquqbuzarlik sodir etgan fuqarolarni jarimaga tortish o‘rniga, sodir etgan qilmishining ijtimoiy oqibatlarini tushuntirgan holda ogohlantirish amaliyotda bunday qilmishlar sodir etilishining oldini olishda yuqori natijalarga erishilayotganligi kuzatilmoqda.
Mazkur qonun loyihasi bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga “ma’muriy ogohlantirish” jazo chorasini kiritish va ijtimoiy xavfliligi kam bo‘lgan yo‘l harakati xavfsizligi bilan bog‘liq huquqbuzarliklar uchun ogohlantirish jazosini qo‘llashni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Jahongir Shirinovning bildirishicha, transport vositasini boshqarish jarayonida kamar taqmaslik, texnik ko‘rikdan o‘tkazmaganlik, tegishli jihozlar bilan ta’minlanmaganlik, boshqarish davomida telefondan foydalanish, monitordan foydalanish, to‘xtash va to‘xtab turish qoidalarini buzish, majburiy sug‘urta talablarini buzish, piyodalar va boshqa yo‘l harakati ishtirokchilarining yo‘l harakati qoidalariga amal qilmasligi kabi holatlar uchun bir yilda bir marta ogohlantirish qo‘llanadi.
Yo‘l chiziqlarini bosganlik kamera orqali qayd etilmaydi.
Ta’kidlanishicha, qonun loyihasi avtomobillardan foydalanishda aholiga qo‘shimcha qulayliklar yaratish, sohada fuqarolarni qiynab kelayotgan ayrim muammolarni bartaraf etishga qaratilgan. Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.
Huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida bir qator mamlakatlarda (Belarus, Latviya, Qozog‘iston, Rossiya, Germaniya, Italiya) ma’muriy jazoning alohida turi sifatida “ogohlantirish” instituti joriy qilingan. “Ogohlantirish” jismoniy va yuridik shaxslarning sog‘lig‘i, hayoti va mulkiga, atrof-muhitga zarar yetkazmaydigan huquqbuzarliklar uchun qo‘llanadi. O‘zbekistonda maʼmuriy jazolar tizimiga “maʼmuriy ogohlantirish” taʼsir chorasini kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi prezident topshirig‘iga muvofiq ishlab chiqilgandi.
Izoh (0)