Joriy yil iyunda O‘zbekiston aholisi va tadbirkorlar sezgan hamda kelgusi 12 oyda kutayotgan inflyatsiya darajalari pasaydi. Bu haqda Markaziy bank eʼlon qilgan navbatdagi so‘rov natijalarida maʼlum qilindi.

Aholi kutilmalari
Iyun oyida aholining kelgusi 12 oylik tovarlar va xizmatlar narxlari ko‘tarilishi bilan bog‘liq kutilmalari maydagidan (13,7 foiz) pasayib, 13,2 foizga teng bo‘ldi.
Markaziy bank so‘rovi ishtirokchilarining 50 foizi (may oyida 57 foiz bo‘lgan) kelgusi bir yilda kommunal to‘lovlar oshishini kutmoqda. Yana 45 foiz qatnashchi (mayda 49 foiz) yoqilg‘i va energiya qimmatlashishini kutayotganini bildirgan. May oyida 22 foizdan respondent ish haqi va nafaqalar oshishini kutayotgan bo‘lsa, iyunda ularning ulushi 35 foizga yetgan.

Aholining eng yuqori inflyatsion kutilmalari ishlab chiqarish sohasida qayd etildi — 15,6 foiz. Shu bilan birga, tashish xizmatlari (15,1 foiz), ilm-fan va taʼlim (13,5 foiz), qurilish (13,2 foiz) sohalari hamda talabalar (14 foiz) inflyatsion kutilmalari umumiy darajadan yuqori ekanini bildirgan.
-LCsMPx5a.avif)
Kelgusida narxlar shakllanishi bo‘yicha nisbatan past kutilmalar savdo sohasi vakillari tomonidan qayd etilgan — 11,1 foiz.
Aholi inflyatsion kutilmalarining yuqori ko‘rsatkichi Toshkent shahrida (15,2 foiz) kuzatilgan bo‘lsa, eng past daraja Navoiy viloyatida (12 foiz) yashovchilar tomonidan qayd etildi.
Eng yuqori inflyatsion kutilmalar oylik daromadi 15 million so‘mdan yuqori bo‘lganlar tomonidan qayd etilgan — 15,1 foiz.
-dnuyaWSL.avif)
Tadbirkorlar kutilmalari
Tadbirkorlik subyektlarining inflyatsion kutilmalari maydagiga (12,9 foiz) nisbatan sekinlashib, 11,8 foizni tashkil etdi. Jumladan, kommunal xizmatlarning qimmatlashishini kutayotganlar 54 foizdan 47 foizga kamaygan. Yoqilg‘i va energiya resurslari narxi oshishini bildirganlar maydagi 48 foizdan 43 foizga qisqargan.
-Z3ahtK5P.avif)
Tadbirkorlarning yuqori inflyatsion kutilmalari ilm-fan va taʼlim (13,4 foiz) sohasida faoliyat olib boradigan korxonalar tomonidan qayd etilgan. Kelgusida narxlar shakllanishi bo‘yicha nisbatan past kutilmalar sog‘liqni saqlash sohasida (10,1 foiz) kuzatildi.
Yuqori inflyatsion kutilmalar Toshkent shahridagi korxonalarda kuzatilgan bo‘lsa (13,6 foiz), eng past ko‘rsatkich Qoraqalpog‘istonda (10,4 foiz) kuzatilgan.

Sezilgan inflyatsiya va narxi oshgan tovarlar
O‘tgan oyda aholi tomonidan go‘sht va sut narxlari eng yuqori darajada o‘sganini bildirgan. Biroq mazkur mahsulotlar umumiy narxlari ko‘rsatkichi maydagi 55 foizdan iyunda 53 foizga tushgan.
Shu bilan birga, elektr toki, tabiiy gaz, benzin va yoqilg‘i, dorilar qiymatida yuqori o‘sish qayd etilgan. Ammo mazkur tovarlar qimmatlashganini bildirganlar ulushi kamaygan.
So‘rov ishtirokchilari orasida o‘tgan oy davomida shakar va qandolat mahsulotlari qimmatlashganini qayd etganlar maydagi 14 foizdan 21 foizgacha ko‘paygan. Ijara haqi ko‘tarilganini bildirganlar 12 foizdan 13 foizga ortgan.
-VOHnr2JH.avif)
Iyunda daromadlari 7 million so‘mdan yuqori bo‘lgan aholiga sezilgan inflyatsiya darajasi nisbatan yuqori shakllandi. Jumladan, 7–10 million so‘m maosh oladiganlar narx-navo 14,8 foizga, 10–15 million so‘m topadiganlar 14,6 foizga, 15 million so‘mdan ortiq daromadlilar 16,5 foizga o‘sganini sezgan.
Inflyatsiya eng past darajada sezilganlar (11,8 foiz) ikki million so‘mgacha daromad oladiganlar bo‘lgan.
Izoh (0)