Joriy yil aprel oyida O‘zbekiston aholisining kelgusi 12 oylik inflyatsion kutilmalari martdagi darajasida qolib, 14,2 foizga teng bo‘ldi. Bu haqda Markaziy bank hisobotida yozilgan.

Aholi kutilmalari
Markaziy bank so‘rovlariga ko‘ra, o‘tgan oyda aholi orasida narxlar oshishiga taʼsir qiluvchi omillar sifatida yoqilg‘i va energiya resurslari, transport xarajatlari qimmatlashishini qayd etganlar ko‘paygan. Narx-navo o‘sishiga valyuta kursi o‘zgarishi, asosiy oziq-ovqatlar qimmatlashishi, ish haqi va nafaqalar oshishi taʼsir qilishini kutganlar ulushi kamaygan.

Aholi orasida ishlab chiqarish sohasi vakillari 17,2 foiz darajasidagi yuqori inflyatsiya yuz berishidan xavotir bildirgan. Shuningdek, quyidagi sohalarda umumiy inflyatsion kutilmalardan baland daraja qayd etilgan:
- Qurilish — 15,9 foiz;
- Davlat tashkiloti — 14,8 foiz;
- Tashish xizmatlari — 14,8 foiz;
- Pensioner — 14,8 foiz;
- Ilm-fan va taʼlim — 14,6 foiz;
- Axborot texnologiyalari va OAV — 14,6 foiz.
Aholi inflyatsion kutilmalarining yuqori ko‘rsatkichi Toshkent shahrida kuzatilgan bo‘lib, bu qariyb 16,9 foizga teng. Shu bilan birga, quyidagi hududlarda umumiy darajadan baland inflyatsion kutilmalar mavjud:
- Farg‘ona viloyati — 15,6 foiz
- Toshkent viloyati — 15,4 foiz
- Andijon viloyati — 15,3 foiz
- Xorazm viloyati — 15 foiz
- Namangan viloyati — 14,7 foiz
- Sirdaryo viloyati — 14,6 foiz.

Tahlil qilinishicha, O‘zbekistonda daromadlari 5 million so‘mdan ko‘p bo‘lgan aholi inflyatsion kutilmalari nisbatan yuqori darajada shakllangan. Jumladan, 7–10 million so‘m orasida oylik oladiganlar 16,4 foiz, 10–15 million so‘m ish haqiga egalar 14,7 foiz, daromadi 15 million so‘mdan yuqorilar 18,4 foiz inflyatsiya bo‘lishini kutayotganini bildirgan.
Biznes kutilmalari
Aprelda tadbirkorlik subyektlari inflyatsion kutilmalari martdagiga nisbatan (13 foiz) sekinlashib, 12,8 foizni tashkil etdi. Biznes aholi orasida kelgusida inflyatsiya ko‘tarilishiga kommunal xizmatlar, yoqilg‘i va energiya resurslari qimmatlashishi, soliq yuki yuqoriligi hamda xomashyo narxlari o‘sishi ko‘proq taʼsir qilishini kutayotganlar ulushi oshgan.

Tadbirkorlarning yuqori inflyatsion kutilmalari qurilish sohasida faoliyat olib boradigan korxonalar tomonidan qayd etilgan— 15 foiz. O‘z o‘rnida yana bir necha sohalarda umumiy ko‘rsatkichdan baland inflyatsion kutilmalar bor. Jumladan, kelgusi bir yilda kafe va restoran tarmog‘i 13,5 foiz, sog‘liqni saqlash 13,3 foiz, tashish xizmatlari 13,3 foiz, madaniyat 13,2 foiz va ilm-fan hamda taʼlim sohasi vakillari 13 foiz inflyatsiya bo‘lishini kutayotganini bildirgan.

Tadbirkorlik subyektlarining yuqori inflyatsion kutilmalari Samarqand viloyatida kuzatilgan — 13,8 foiz. Yana quyidagi hududlardagi kutilmalar umumiy ko‘rsatkichdan yuqori:
- Farg‘ona viloyati — 13,7 foiz;
- Toshkent shahri — 13,6 foiz;
- Buxoro viloyati — 13,6 foiz;
- Xorazm viloyati — 13,4 foiz;
- Jizzax viloyati —13,3 foiz;
- Sirdaryo viloyati — 13,2 foiz;
- Navoiy viloyati —13,2 foiz;
- Surxondaryo viloyati — 13,1 foiz.
Aholiga sezilgan inflyatsiya
Aprel oyi yakunlariga ko‘ra, aholi sezgan inflyatsiya darajasi martdagiga nisbatan (14,3 foiz) oshib, 14,4 foizga yetgan. Sezilgan inflyatsiya darajasining yuqori ko‘rsatkichi Toshkent shahrida qayd etilgan — 18,2 foiz. Yana qator hududlarda sezilgan inflyatsiya umumiy ko‘rsatkichdan yuqori bo‘lgani qayd etilgan:
- Andijon viloyati — 16,4 foiz;
- Farg‘ona viloyati — 16,1 foiz;
- Toshkent viloyati — 15,6 foiz;
- Sirdaryo viloyati — 15,1 foiz;
- Xorazm viloyati — 15 foiz;
- Namangan viloyati — 14,7 foiz.

Mart–aprel oylarida aholi tomonidan qator asosiy turdagi tovar va xizmatlar narxlarida yuqori o‘sish kuzatilgani bildirilgan. Ro‘yxatda doimgidan go‘sht va sut narxlari yuqorigi bo‘yicha yetakchi. Ammo aprelda mazkur mahsulotlar narxi martdagiga nisbatan oshganini qayd etgan respondentlar ulushi kamaygan.

So‘rov ishtirokchilari orasida elektr va tabiiy gaz, benzin hamda yoqilg‘i, meva-sabzavotlar, o‘simlik yog‘i va dorilar narxi oshganini qayd etganlar ko‘paygan.
Avvalroq 2024-yilda MDH mamlakatlari orasida eng yuqori inflyatsiya O‘zbekistonda qayd etilgani xabar qilingandi.
Izoh (0)