Markaziy bank iyun oyi uchun tadbirkorlik subyektlarning inflyatsion kutilmalari sharhini taqdim qildi (pdf).
Inflyatsion kutilmalar — turli guruhlar bo‘yicha mos javobni belgilagan aholi sonining o‘sha javoblar o‘rtacha qiymatiga ko‘paytmalari yig‘indisini jami aholi soniga nisbati (o‘rtacha ko‘rsatkich).
Inflyatsion kutilmalarning mediana qiymati – kelgusidagi inflyatsiya bo‘yicha javoblar variatsion qatorini teng ikkiga bo‘luvchi qiymat
Joriy yilning iyul oyida o‘tkazilgan so‘rovlarga ko‘ra, biznes sohasi vakillarining kelgusi 12 oy uchun narxlar o‘sishi bo‘yicha inflyatsion kutilmalari ketma-ket 2 oy pasayib, 15,2 foizni tashkil etgan bo‘lsa, mediana qiymati 13,4 foizga teng bo‘ldi.
Iyul oyida tadbirkorlarning ko‘pchiligi kelgusi 12 oyda inflyatsiyani 9-12 foiz atrofida bo‘lishini kutmoqda.
Tadbirkorlarning fikricha, keyingi 12 oyda narxlar oshishiga quyidagi omillar bevosita ta’sir ko‘rsatadi:
- valyuta kursining o‘zgarishi — 34 foiz;
- yoqilg‘i va energoresurslar narxining qimmatlashishi — 31 foiz;
- import qilinadigan xomashyo va butlovchi qismlar narxining oshishi — 28 foiz
Transport xizmati xarajatlarining oshishi, import qilishdagi tarif va notarif cheklovlarning mavjudligi va xorijdan xomashyo yetkazib berishda uzilishlar bo‘lishini kutayotgan tadbirkorlarning ulushi o‘tgan oyga nisbatan oshgan.
Bunda biznes vakillarining yuqoridagi omillar bo‘yicha xavotirlarining kuchayishi o‘tgan oyda benzin va dizel narxlari qimmatlashgani bilan izohlanmoqda.
Shuningdek, kommunal xizmatlar qimmatlashishi hamda ish haqi va nafaqalarning oshishining kelgusi davrda narxlarga ta’sirini kutayotganlar hissasi o‘tgan oyga nisbatan qisqargan.